www.ziyouz.com kutubxonasi
182
Shundan beri ikki orada paydo bo‘lgan dilsiyohlik tobora kuchayib ketyapti. Turdibek
o‘ldirilgandan buyon Bayramxonni yomon ko‘radigan Mohim enaga xoni xononni Akbarga
nuqul yomonlaydi:
— Hokimiyat otalig‘ingizni xovliqtirib qo‘ydi! Xoni xonon ilgari bundaqa emas edi. Hozir
unvoniga ham qanoat qilmay, o‘zi podsho bo‘lmoqchi emish! Salima begimdan o‘g‘il
ko‘rsa «bu ham Bobur avlodidan» deb, o‘zinikini taxtga chiqarmoqchi-da! Sizni taxtdan
chetlatmoqchi otalig‘ingiz, amirzodam, ehtiyot bo‘ling!
Akbar Bayramxonning bunchalikka borishiga ishonmasa ham, ammo endi undan juda
ehtiyot bo‘lib yurar, dilida otalig‘iga qarshi noroziliklar tobora ko‘payib borar, bu
tuyg‘ular hammasi bir kun emas, bir kun olovlanib portlab ketishi mumkinligini sezar
edi.
Bayramxon Salima begimga uylanganiga, mana, ikki yil bo‘ldi, ammo haligacha undan
farzand ko‘rgani yo‘q. Saroyda bo‘layotgan mish-mishlarni Akbar ko‘kaldoshi Adhamdan
eshitdi:
— Salima begim Bayramxondan farzand ko‘rishni istamas emish. «Meni o‘z xolimga
qo‘ying, Noziya bibi sizga muntazir, boring», deb eshikni ichidan qulflab olarmish.
Bayramxon zo‘ravonlik qilishga jur’at etmasmish. Salima begim o‘zini bir narsa qilib
qo‘yishidan qo‘rqarmish! Keksa odam, ko‘rpasiga qarab oyoq uzatsa bo‘lmasmidi?!
Akbar saroyda Bayramxonni ko‘rganda uning nimadandir ezilib, ich-etini yeb yurganini
sezardi. Xufiyalar har xil ig‘volarni uning qulog‘iga ham yetkazib borsalar kerak.
Bayramxon bir kun Akbarni xoli topib, yangi yozgan g‘azalidan bir necha baytini o‘qib
berdi:
Har so‘zki g‘arazgo‘ desa, ey yor, inonma,
Arbobi g‘araz so‘ziga zinhor inonma.
Har dam sanga yuz so‘z meni mahrumdin aytib.
Har so‘zda aning yuz g‘arazi bor, inonma.
Har necha jafo ko‘rsa vafo tarki qilurmu
Bayramki, bilur o‘zni vafodor, inonma.
Akbar otalig‘ining bu haroratli baytlar bilan nima demoqchi ekanini tushundi.
— Xonbobo, men ham jafo ko‘rsam-da, hali tarki vafo qilgan emasmen, — dedi. —
Lekin... o‘n sakkizga kirdim, podsho degan nomim bor. Odamlar menga arz-u dod
qilurlar.
— Sizga ne xususda arz qilmoqdalar, amirzodam?
— Shayx Gadoyi sadrlar suduri bo‘lmoqchi emish. U odam shia mazhabidan. Saroydagi
ko‘pchilik bek-u a’yonlar esa sunniylar. Sunniyparast ruhoniylar ham dod-faryod
ko‘targay.
— Amirzodam, siz nechun bu dod-faryodlarga quloq solmoqdasiz? Axir bu
sunniyparastlar mudom torlik qilurlar! Hindiston esa juda keng mamlakat. Ko‘pchilik
xalqi — g‘ayridin. Sherxon shuni hisobga olib, hindlarga bag‘rikenglik qildi-yu, ko‘p
yutuqlarga erishdi. Men ham hozir davlat idoralariga eng iste’dodli hindlarni ishga
olmoqdamen. Todar Mal degan bir hindi hisob-kitob ishiga behad usta. O‘zi oddiy xalq
orasidan chiqqan fozil yigit. Soliq ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘ymoqda.
Sunniyparastlaringizning boshlig‘i shayxulislom Ansoriy shu hindini saroyda ko‘rib qolib:
«Bu majusiyni kim oliy dargohga kiritdi?» deb janjal ko‘tardi. Shunda shayx Gadoyi
mening tarafimni oldi. Bu shayx Hindistonda tug‘ilib o‘sgan, yerli xalqning tilini ham,
dilini ham, urf-odatini ham yaxshi bilur. O‘zi adolatli, rahmdil odam.
Akbarning dilidan esa: «Bu shayx shunchalik adolatli-yu rahmdil odam bo‘lsa, Salima
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |