Ikkinchi qism
Suv
(Hodisalar suv kabi oquvchan, o'zgaruvchan
va kelajakda nima bo'lishini oldindan aytib
bo'lmas)
Rumiy
1244 yil, 15 oktyabr, Konьya
Qop-qorong'u osmonda yarqiragan to'lin oy
xuddi kattakon durga o'xshaydi. Yotgan
joyimdan turdim va oy nuri yog'ilib turgan
hovliga ochig'liq derazadan tashqariga
qaradim. Lekin bu go'zal manzara ham
yuragimning dukillab urishi va qo'llarimdagi
titroqni bosa olmadi.
- Nima bo'ldi, afandim. Yana o'sha tushni
ko'rdingizmi? - shivirlab so'radi xotinim. - Suv
keltirib beraymi?
Men uni tinchlantirishga urindim. Uxlasin,
baribir, menga yordam bera olmaydi. Tushlar -
hayotimizning bir qismi va ular Xudoning
irodasi bilan ko'riladi. Bundan tashqari, keyingi
qirq kundan buyon men aynan o'sha tushni
ko'rishimda qandaydir sabab bo'lishi kerak.
Tushning boshlanishi har doim har xil edi,
ehtimol, men o'zim uni turli tomondan
ko'rayotgandirman. Tanishday ko'ringan, lekin
avval sira ko'rmaganim gilamli xonada Qur'on
o'qiyotganimni ko'rardim. Ro'paramda baland
bo'yli, ozg'in, gavdasini g'oz tutgan va yuzlari
ko'rinmayotgan darvish o'tiradi. U qo'lida
beshta shamli qandilni tutib, men o'qishim
uchun yoritib turadi.
Sal turib darvishga nimalarni o'qiyotganimni
ko'rsatishni istab, boshimni ko'taraman va
shundan keyingina yoritayotgan narsa qandil
emas, odamning qo'li ekanini ko'rib dahshatga
tushaman. U ro'paramda o'ng qo'lini ko'tarib
turadi va har bitta barmog'i xuddi olovdek
yonadi.
Meni vahima bosardi va suv izlay boshlardim.
Olovni o'chirish uchun kiyimlarimni echib
darvishning ustiga yopardim. Kiyimlarni
olganimda esa, darvish o'z o'rniga yonib turgan
shamni qoldirib, o'zi g'oyib bo'lgan bo'lardi.
Keyin men uyning har tomonidan darvishni
qidirishga tushaman, har burchakdan uni
axtaraman, keyin yorqin-sariq atirgullar ochilib
turgan hovliga chopib chiqaman. Darvishni
chaqiraman, lekin u hech qayerda ko'rinmaydi.
- Mahbubim, qayt. Qayoqqa g'oyib bo'lding?
Va nihoyat, g'ayrishuuriy kuch meni yetaklab
quduq yoniga olib boradi va men chuqurdagi
qora suvga qarayman.
Avvaliga hech nima ko'rinmaydi, lekin
keyinroq oy chiqadi va quduq ostidan ikki qora
ko'z unutilmas anduh ila menga qarab turganini
ko'raman.
- Ular o'ldirishipti uni! - baqiradi yonimda
kimdir. Balki bu mening o'zimdirman. Kuchli
iztirob og'rig'idan o'zim baqirgan bo'lsam
kerak.
Men baqiraveraman, baqiraveraman, toki
xotinim meni mahkam quchoqlab, bag'riga
bosmaguncha baqiraman:
- Afandim. Yana o'sha tushni ko'rdingizmi? -
shivirlab so'raydi har safar xotinim.
Kira uxlab qolganidan keyin hovliga chiqdim.
Nazarimda ko'rgan tushim tush emas, ayni
hozir bo'lgan hodisa edi va hamon men bilan,
meni vahimaga solib turipti. Kecha juda sokin;
quduqni ko'rdim-u, badanim jimirlab ketdi,
lekin baribir uning yoniga o'tirdim va tungi
shabada daraxt shoxlarini mayin shitirlatishiga
quloq tutdim.
Bunday damlarda meni hamisha anduh bosadi.
Buning sababini bilmayman: hayotda
bajaradigan ishlarim juda ko'p, hamisha o'zim
uchun eng qadrli bilgan ishlarim bilan
bandman: ilm olish, ezgulikni tanish va
Xudoga e'tiqodni o'zlariga singdirishlari uchun
ularga yordam berish iqtidori berilgan menga.
O'ttiz yetti yoshimda men Xudodan
so'raganimdan ortig'ini oldim. Men kalom, fiqh
ilmlarini o'rgandim va muqaddas g'ayb ilmlari -
payg'ambarlar, avliyolar va olimlar egallagan
ilmlar - sirlarini bilishga bag'ishlandim.
Rahmatli otam boshchiligida, davrimizning eng
yaxshi ustozlaridan ta'lim olib, Xudo mening
zimmamga yuklagan majburiyatni anglab, ko'p
ishlamoqdaman.
Zimmamga Xudodan kelgan vahiylarni Uning
xalqi orasida tarqatish vazifasi yuklatilgani va
Uning xalqiga to'g'rini noto'g'ridan ajratishni
o'rgatishim tufayli meni Uning O'zi
yorlaqagan, deydi odatda keksa ustozim Said
Burxoniddin.
Men ko'p yillardan buyon madrasada ta'lim
beraman, boshqa olimlar bilan bahs yuritaman,
shogirdlarimga o'rgataman, o'zim kalom va
hadislarni o'rganaman va har jumada
shaharning eng katta masjidida imomlik
qilaman. Muridlarim sanog'ini yo'qotib
qo'yganimga ham ko'p bo'ldi. Odamlar notiqlik
san'atimni sharaflayotganlarini va mening
so'zlarim ularga eng zarur vaqtda yordam
berib, hayotlarini o'zgartirayotganini eshitish
yoqimli edi.
Oila a'zolarim tomonidan sevilgan va yaxshi
do'stlar bilan taqdirlanganman. Birinchi
xotinimning Qazo qilishi men uchun og'ir
zarba bo'lgan va men endi sira uylanmayman,
deb o'ylagan edim. Lekin shunga qaramay
uylandim va Kira tufayli yana hayotimda
muhabbat, quvonch topdim. Hozir ikkala
o'g'lim ham katta bo'lib qolishgan, men
ularning bir-birlariga o'xshamasliklaridan
hayron bo'laman. Ular misoli bir tuproqqa
ekilgan, o'sha bitta quyoshdan bahra olayotgan,
yonma-yon o'sayotgan, lekin tamomila boshqa-
boshqa urug'lar. Men ular bilan, shuningdek,
juda iqtidorli asrandi qizim bilan iftixor
qilaman. Xullasi kalom, men baxtli insonman,
o'z xususiy hayotimda ham, ijtimoiy hayotimda
ham birday baxtliman.
Lekin nima uchun ichimda kun sayin zilday
og'irlashib borayotgan bo'shliqni his
etayapman? Bu xuddi bir kasallik kabi jonimni
kemiryapti va qayoqqa bormay, meni qo'yib
yubormayapti. U xuddi ochofat yuvosh
kalamushga o'xshaydi.
Shams
Do'stlaringiz bilan baham: |