Xizmatchi
1243 yil, 29 sentyabr, Bag'dod.
Darvishlik oson ish emas. Menga bu haqida
ko’pchilik aytgan. Lekin buning uchun avval
qancha chig'iriqlardan o'tish kerakligini
aytishmagan. Bu yerga kelganimdan beri
molday ishlayman. Kun bo'yi qilgan
ishlarimdan keyin shunchalar charchaymanki,
o’ringa yotganimda suyak-suyaklarimdan o'tib
ketgan og'riqdan uxlay olmayman, oyoqlarim
haqida gapirmasa ham bo'ladi. Qiziq, birontasi
menga bu yerda qanday munosabatda
bo'lishayotganini bilarmikin? Bilgan holda
ham, bilmaganga olsa kerak. Darvishlar hatto
mening ismimni ham bilishmaydi. «Yangi
xizmatchi, - deb chaqirishadi ular meni.
Orqavoratdan esa Mallasoch johil,
- deb shivirlashadi.
Hammadan yomoni - mening oshxonada
oshpaz bilan ishlashim kerakligi. Uning yuragi
o'rnida yurak emas, tosh bor. U darvishlarga
ovqat pishirib yurish o'rniga, mo'g'ullarning
jangari qo'shiniga bosh bo'lishga munosibroq
bo'larmidi. Uning kimgadir yaxshi gap
aytganini ham eshitmaganman. U jilmayishni
ham bilmasa kerak.
Bir kuni men darvishlarning kattasidan,
nahotki hamma darvish bo'lishdan oldin
oshxonada sinov xizmatini o'tasa, deb so'radim.
U sirli ravishda jilmayib ko'ydi-da, keyin
«Hamma emas, faqat ba'zilar» dedi.
Unda nima uchun men? Nimaga ustoz
boshqalarga qaraganda men ko'proq
qiynalishimni istadi? Nahotki mening nafsim
boshqalarnikidan kuchlirog'-u, shuning uchun
menga bunchalik og'ir sinov berilayotgan
bo'lsa?
Har kuni hammadan erta turib, hovuzdan suv
tashib kelaman. Keyin o'choq yoqaman va
kunjutli lochira non yopaman. Ertalabga
sho'rva pishirish ham mening vazifamga kiradi.
Ellikta odamning qornini to'yg'azishning o'zi
bo'lmaydi. Doshqozon kerak bunga. Keyin bu
ovqatlarni tashib olib borish ham bor.
Kunchiqardan to kunbotarga qadar idish
yuvish, artish, sabzavot to'g'rash, hovli
supurish, o'tin yorish, tizzalab o'tirgancha eski
g'ichillab turgan oshxona polini yuvish. Yana
men sharbat va turli xil ziravorlar
tayyorlayman. Sabzi va qovoq tuzlayman.
Tuzni suvga tuxum cho'kib ketmaydigan qilib
solish kerak. Agar bundan ko'proq yo kamroq
solib qo'ysam bormi, oshpazning jazavasi tutib,
idishlar chilparchin sinadi, men esa ishni
qaytadan boshlashim kerak bo'ladi.
Bu ishlar orasida yana men arab tilidagi
duolarni ham o'qishim kerak.
Oshpaz mendan kalimalarni qattiq ovozda,
dona-dona qilib aytishni talab qiladi, aks holda
men so'zlarni to'g'ri talaffuz etayotganimni
payqamay qolar emish. Xullas, men ishlayman,
duolar o'qiyman, duolar o'qiyman va
ishlayman. «Oshxona ishlarini qancha yaxshi
uddalasang, shuncha erta ulg'ayasan, o'g'lim, -
deydi menga u. - Pishir-Kuydir va boshqa
yumushlarni o'rganish mobaynida qalbing
yumshaydi, nafislashadi».
- Bu sinov qancha davom etadi? - so'radim men
bir kuni.
- Ming bir kun, - degan javob bo'ldi. - Hamon
Shahrizodaga o'z hikoyalarini to'qishi uchun
shuncha kun kerak bo'lgan bo'lsa, sen ham shu
muddatda bu vazifani uddasidan chiqa olsang
kerak.
Bo'lmagan gap! Nahotki men o'sha vaysaqi
Shahrizodaga o'xshashim kerak bo'lsa? Bundan
tashqari, uning bor-yo'q qilgan ishi
paryostiqlarga yonboshlab olib, hikoyalar
to'qishdangina iborat bo'lgan bo'lsa. Shu
mashaqqatli ish ekanmi? Agar unga men
qilayotgan ishlardan hech bo'lmasa yarmisini
qilish buyurilsa, bir haftaga ham chiday
olmasdi. Hech kim bu ishlarga uzoq dosh bera
olmasa kerak. Men esa dosh berib kelayapman.
Menga endi olti yuz yigirma to'rt kun qoldi.
Sinovning dastlabki qirq kunini men yotib
ham, tik turib ham bo'lmaydigan juda tor va
qorong'u hujrada tiz cho'kib o'tkazganman.
Agar tuzukroq ovqat eyishni istab qolsam, agar
qorong'u yoki yolg'izlikdan qo'rqsam, yoki
Xudo asrasin-u, shahvatim qo'zg'ab qolsa,
shiftda osig'liq qo'ng'iroqni chalib, menga
ma'naviy yordam berishlarini so'rashim kerak
edi. Lekin men bir marta ham bunday
qilmadim. Lekin bulardan birontasi mening
xayolimga ham kelmadi demayman, albatta.
Ammo bularning hammasi hatto qimirlab ham
bo'lmas holatda o'tirishning oldida nima
bo'lardi?
Uzlat muddati tutaganidan keyin, meni
oshxonaga, oshpaz qo'lida azob chekishga
jo'natishdi. Azoblanayapman. Lekin to'g'risini
aytsam, uni har qancha yomon ko'rmayin,
biron marta ham u o'rnatgan tartibni buzmadim
- harqalay Shams Tabriziy kelishiga qadar
shunday edi. O'sha kuni esa u meni tutib olib,
tol xivichlar bilan rosa savaladi. Keyin, jo'na
bu yerdan, degan ma'noda, kavushimni
to'g'rilab qo'ydi. Darvishlar xonaqosidan hech
qachon hech kimni bunday savalab, sinovga
dosh bera olmading, deb baqirib, ko'chaga
uloqtirishmagan. Uddasidan chiqa
olmaganlarni indamay chiqarib
yuboraverishgan.
- Biz seni xohishingga qarshi yurib, darvish
qila olmaymiz, - dedi oshpaz. - Eshakning
oldiga chelakda suv qo'yib, to o'zi
istamagunicha uni ichishga majbur qilib
bo'lmaydi. Eshak buni o'zi xoxlashi kerak.
Boshqa yo'li yo'q.
Demak, u meni eshak deb hisoblar ekan.
To'g'risini aytsam, agar Shams Tabriziy
bo'lmaganida, men o'zim ham allaqachon
darvishlar dargohidan qochvorgan bo'lardim.
Meni qiziqish ushlab qolgan edi. Men bunday
insonni hech qachon uchratmagan edim. Hech
kimdan qo'rqmaydigan va hech kimga
bo'ysunmaydigan odam. Hatto oshpaz ham uni
hurmat qilardi. Agar bu maskanda kimgadir
ergashish kerak bo'lsa, men yuvosh qari ustoz-
ga emas, faqatgina hech kimdan qo'rqmaydigan
va hech kimga bo'ysunmaydigan shu Shamsga
ergashgan bo'lardim.
Ha, Shams Tabriziy - haqiqiy qahramon. Uni
uchratgach, men yuvosh darvish bo'lmaslikka
qaror qildim. Uning yonida ko'proq qolsam,
xuddi u kabi jur'atli, shaxdam va bo'ysunmas
bo'lar edim. Kuz kelib, Shams bizni butkul
tashlab ketayotganini anglaganimdan keyin,
men u bilan birga ketishga qaror qildim.
Shu qarorga kelgach, Bobo Zamonni izlashga
tushdim va uni chiroq nurida kitob o'qiyotgan
holda ko'rdim.
- Xo'sh, xizmatchi, senga nima kerak? - so'radi
u g'ashi kelganini yashira olmay, xuddi mening
ko'rinishimning o'zidayoq ko'nglini
ozdirayotganga o'xshardi.
Shundan keyin men iloji boricha jur'at bilan
de-dim:
- Ustoz, men Shams Tabriziy yaqinda bizni
tashlab ketishini eshitdim. Men u bilan birga
ketishni istayman. Balki unga hamroh
kerakdir?
- U senga shunchalik yoqib qoladi, deb
o'ylamagan ekanman, - gumonsirab javob qildi
ustoz. - Yoki sen oshxonadan qochib qolish
uchun shunday deyapsanmi? Sening sinov
muddating hali tugamadi. Seni hozir darvish
bo'lding deb bo'lmasa kerak.
- Balki Shams bilan birga sayohat men uchun
sinov bo'lar? - o'zimni haddan ziyod
surbetlarcha tutayotganimni sezgan holda,
o'zimni tuta olmay dedim men.
Ustoz yerga qaragancha, xayolga botdi. Jimlik
cho'zilgan sari, hozir u meni surbetligim uchun
koyib tashlashi va oshpazga menga tuzukroq
qarashni buyurishi ravshanroq bo'la boshladi.
Lekin ustoz bunday qilmadi. U menga g'amgin
qarab qo'ydi va boshini chayqab dedi:
- O'g'lim, nazarimda, sen bu yerdagi hayot
uchun tug'ilmagansan. Aslida ham bu yo'lga
kirmoqchi bo'lgan yetti darvishdan faqat bittasi
sobit qoladi. Nazarimda, sen darvishlikka
yaramaysan va boshqa yo'ldan borishing
kerakka o'xshaydi. Shamsga hamrohlik qilish
borasida esa, uning o'zidan so'rashingga to'g'ri
keladi.
Shunday degach, Ustoz menga
xushmuomalalik, lekin qat'iyat bilan bosh
irg'adi va yana kitobini o'qishga tushdi.
Haqirligimni sezib, juda xafa bo'lib ketdim,
lekin shunga qaramay o'zimni birdan erkin his
etdim.
Shams
Do'stlaringiz bilan baham: |