2008 yil, 24 may, Nortgempton.
Begim kunlari ham, bayram kunlari ham
oilaning birgalikda tanovul qiladigan asosiy
vaqti nonushta hisoblanardi. Bunga chin
ko'ngildan ishongan Ella har kuni ertalab,
shanba va yakshanbalarda ham eng avval
oshxonaga kirardi. Nonushta yaxshi bo'lsa,
butun kun yaxshi o'tadi, deb o'ylar edi u.
Ayollar jurnallarida bolalar va ota-onalar
uydan o'z hollaricha, yarim och, yarim to'q
chiqib ketaveradigan oilalardagiga nisbatan
hamisha birgalikda nonushta qiladigan
oilalarda hamjihatlik va uyg'unlik kuchliroq
bo'lishi haqida yozadilar. Bundan tashqari
uning tajribasi boshqa narsani ham ko'rsatar
edi: hamma har xil taomni istaydi, bu esa
nonushtaning odamlarni hamjihat qilishi
haqidagi tasavvurlarga zid keladi. Biri (Janet)
jem surilgan non chaynasa, boshqasi (Avi) asal
bilan yanchilgan bodroq chaynasa, uchinchisi
(Devid) omlet pishishini kutib o'tirsa,
to'rtinchisi hech nima yeyishni istamasa, bu
qanday hamjihatlik bo'lsin? Shunga qaramay
nonushtadan muhimroq hech nima yo'q.
Shunga asoslanib Ella har kuni nonushta
tayyorlar edi.
Lekin o'sha kuni ertalab Ella oshxonaga kirdi
va qahva tayyorlash, apelsinlarni archish va
nondan tostlar tayyorlash o'rniga, eng avval
stolga o'tirib, noutbukni yoqdi. Keyin Azizdan
xat kelganini tekshirib ko'rish uchun Internetga
kirdi va xat kelganini ko'rib, xursand bo'lib
ketdi.
«Azizam Ella!
Qizingiz bilan munosabatingiz tiklanganini
bilib, juda xursand bo'ldim. Men esa kecha
erta tongda Momostenango qishlog'idan jo'nab
ketdim. Bu erda atigi bir necha kun turgan
bo'lsam-da, ketar vaqti kelganida xomushlik,
hattoki chinakam dilsiyohlik his etdim. Bu
mo'jazgina Gvatemala qishloqchasini yana
qo'rishim amrimahol, deb o'ylayman.
Har safar biron joydan ketayotganimda, u
yerga o’zimning bir qismimni tashlab
ketayotganday bo'laman. Marko Polo kabi
sayohatchi bo'lamizmi yoki beshikdan to
qabrgacha bir joyda yashaymizmi, hayot faqat
tuzilishu o'lishlardan iborat, menimcha. Yorug'
dunyoda paydo bo'lar onlarimiz va boshqa
dunyoga ketar onlarimiz. Dunyoda yangi
insonlar paydo bo'lishlari uchun qariyalar
ketmoqlari kerak. Siz bu haqida nima deb
o'ylaysiz?
Momostenangodalik vaqtimda men meditasiya
qildim va Sizning aurangizni ko’rishga harakat
qildim. Tez orada uch rangni ko'rdim - sariq,
to'qroq sarg'ish va bosiqroq, metallga
yaqinroq tovlanuvchi qizgish ranglar. Balki
shu ranglar Siznikidir? Ular ayrim holda ham,
birgalikda ham chiroyli.
Gvatemaladagi oxirgi to'xtash joyim Chahul
bo'ladi - bu somon suvoqli uylari bor kichkina
shaharcha. U yerlik bolalarning ko'zlari huddi
hikmat nazari bilan boqayotganday ko'rinadi.
Barcha oilalarning ayollari gobelen (devorga
osib qo'yiladigan suratli gilam) to'qishadi.
Men bir kampirdan Nortgemptonda
yashaydigan bir ayol uchun bitta gobelen
tanlab berishni iltimos qildim.
U biroz o'ylanib turdi-da, katta golenlar
to'plami ichidan bittasini oldi. Qasam ichib
aytamanki, u yerda kamida ellik xil gobelen
bor edi. Uning tanlab bergan gobelenining
rangi sariq, to'qroq sarg'ish va qizgish edi.
Agar Xudo yaratgan bu olamda mos kelib
qolishlar uchrab turadigan hodisa desak, bu
mos kelib qolish nimadan ekani Sizni qiziqtirsa
kerak, deb o'ylayman.
Bizning o'zaro maktublar yo'llashimiz ham mos
kelib qolish emasmikin, degan savol
xayolingizga kelmadimi?
Sizga barcha ezguliklarni tilab
Aziz
P.S. Aytmoqchi, gobelenni Sizga pochta orqali
jo'nataymi? Yoki bir finjon qahva ichish uchun
uchrashgunimizgacha kutasizmi?»
Ella ko'zlarini yumdi va o'z aurasini tasavvur
etishga harakat qildi. U o'zi o'ylamay qo'ygan
ko'p narsalar yodiga tushib ketdi. Eng oldin
ko'z oldimda pistoqi-yashil fartuk taqqan va
qo'lida o'lchov stakanini ushlab turgan onasi
gavdalandi; uning yuzi juda rangpar, niqob
taqqan kabi jonsiz edi; keyin devorlarda
qog'ozdan yasalgan yaltiroq yurakchalar va
uyni xuddi Yangi yil kechasini o'zi bilan
bezatishga urinib, ilgakka ilinganday turgan
otam ko'rindi. O'smirlik vaqtida onasini
otasining o'limida aybdor hisoblagani esiga
tushdi.
Balog'atga yetganida, turmushga chiqsam,
onamdan farq qilib, erimni baxtli qilaman va
hech qachon bu axdimdan qaytmayman deb
o'ziga so'z bergan edi. Turmushi onasinikiga
o'xshamasligi uchun hatto erni ham xristianlar
orasidan emas, o'z e'tiqodidagilardan tanladi.
Qari onasidan nafratlanmaydigan bo'lgunicha
ko'p yillar o'tdi. Oxirgi yillarda oralaridagi
munosabat yaxshi tomonga o'zgargan bo'lsa
hamki, onasi haqida o'ylaganlarida qalbining
tubida nimadir bor edi, shundan yuragi
qisilardi.
- Oyi!.. Osmonlardan yerga tushing! Oyijon!
Ella orqasidan kelayotgan hingir-hingir
kulishlar va pichirlashlarni eshitdi. O'girilib
qarab to'rt juft ko'z o'ziga taajjublanib qarab
turganini ko'rdi. Orli, Avi, Janet va Devid
nonushta qilish uchun pastga tushishgan va
endi yoniga kelib unga g'aroyib ajoyibotni
ko'rib qolganday qarab turishardi. Aftidan ular
uning e'tibor berishini anchagina kutgan
ko'rinishadi.
- Hammaga xayrli tong, - dedi jilmaygancha
Ella.
- Nima uchun biz kirib kelganimizni
bilmadingiz? - so'radi Orli, ajablanganini
yashira olmasdan.
- Sen o'z kompyutering bilan juda band eding, -
dedi Devid xotiniga qaramasdan.
Ella uning ko'z qarashini kuzatdi va noutbuk
ekranidagi Aziz Z.Zaxaraning elektron xatiga
ko'zi tushdi. Ella bir on ham kutmasdan, hatto
dasturni berkitish kerakligi ham esidan chiqib,
kompyuter qopqog'ini yopib qo'ydi.
- Men agentlik uchun hali ko'p o'qishim kerak,
- tushuntirdi Ella. - Hisobot ustida ishlayotgan
edim.
- Noto'g'ri! Siz pochtani o'qiyotgan edingiz, -
juda jiddiy ohangda dedi Avi.
Nima uchun bu o'smirlar hamma yoqqa
burunlarini suqaverar ekanlar-a? - Ella nima
deyish haqida o'ylanib qoldi, lekin uning
baxtiga boshqalarni bu bilan ishlari yo'q edi.
Ular nonushta axtarib, boshqa tomonga
Qarayotgan edilar.
Nihoyat Orli Ellaga qaradi va hammani
qiziqtirib turgan savolni berdi:
- Oyijon, sizga nima bo'ldi? Axir nonushta
tayyorlamabsiz-ku!
Ella ham stolga o'girilib qaradi va hamma
ko'rib turgan narsani ko'rdi: qahva ham, omlet
ham, maymunjon mevasidan tayyorlangan
sharbat ham yo'q edi. Nima bo'ldi o'zi, o'ylardi
Ella, qanday qilib nonushta tayyorlashni esidan
chiqarib qo'ydi?
Do'stlaringiz bilan baham: |