MEN
Men Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Xo‘jasoat qishlog‘ida dunyoni ko‘rdim.
Shu qishloqda katta bo‘ldim. Shu qishloqda o‘rta maktabni bitirdim.
Maktabda hikoyalar mashq etdim.
Men o‘rta maktabni bitirib, shunday niyat etdim: o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlargacha uylanmayman, oila qurmayman, biror idorada faqat tirikchilik uchun ishlayman.
Men faqat bir maqsadni ko‘zladim: o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlargacha jahon adabiyotini o‘qish. Faqat o‘qish, o‘qish, o‘qish, qo‘l qotib olmasin uchun mayda-mayda hikoyalar mashq etib turish.
Men shu niyat yo‘lida imorat solmadim, mashina olmadim, mansab egallamadim, shon-shuhrat qizg‘anmadim.
Men dunyo talashmadim!
Faqat izlandim, faqat o‘qidim.
G‘animlarim meni ishdan haydadilar.
Kurashda bir tabiat qonuni bor: polvon davrada mag‘lub bo‘lsa, taqdirga tan berib ketmaydi. Yo‘q, polvon o‘zini boqadi. Polvon o‘zini parvarishlaydi. Polvon tinimsiz mashq oladi. Raqibidan mag‘lubiyat alamini olish uchun shaylanadi. Raqibidan alamini olmasdan-da qo‘ymaydi.
Men go‘dakligimdan davralarda kurashib katta bo‘ldim. Polvonlik ajdodimda bor, polvonlik qonimda bor.
Menda ana shu polvonlik qonim qo‘zg‘aldi.
Men g‘animlarimdan alam olish uchun shaylandim.
Men kim ekanimni bir ko‘rsatib qo‘yish uchun katta asarga qo‘l urdim.
Nihoyatda... nihoyatda sanoqli kunlarda «Yulduzlar mangu yonadi» nomli birinchi qissamni yaratdim.
Men bu qissam bilan g‘animlarimga: «Mana, men kimman!» degan bo‘ldim.
Qissa elga manzur bo‘ldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi hisobot yig‘ilishida yilning eng yaxshi qissasi, deya baholandi.
G‘animlarim bir kuydi, bir kuydi-e!
Bu — tasodif, dedilar. Kesakdan olov chiqdi, dedilar. Fisq-fasod tarqatdilar.
Bir chaqasiz kunlarim bo‘ldi. Ijara haqini to‘lay olmay, ijaradan haydalmish kunlarim bo‘ldi.
Boshpanasiz kunlarim bo‘ldi.
Men qishlog‘imga qaytdim.
Onam sandiq kovladi. Lattalar ostidan bir tuguncha oldi. Tugunchani uch-to‘rt aylantirib ochdi.
Tugunchadan besh-olti so‘m pul chiqdi.
Onam shu pulni menga uzatdi.
Shunda... men bir boshqa bo‘lib qoldim. Men tashqari otilib chiqib ketay, dedim.
Bu pul... onamni... o‘limlik puli bo‘ldi.
Men devorni ushlab qoldim.
— Olmayman... — dedim.
— Ol, sen shoir bo‘lsang bo‘ldi, ol, — dedi onam.
— Yo‘q... — deya bosh chayqadim.
— Ol, sen shoir bo‘lmaguningcha men o‘lmayman, — dedi onam. — Men sening shoirligingni ko‘rmagunimcha o‘lmayman.
Men tag‘in Toshkent qaytib keldim.
Men endi onamni o‘limlik puli bilan tirikchilik kechirib izlandim. Bir jurnal muharriri meni ishga olaman, dedi.
Ammo g‘animlarim xabar topib, meni ishga oldirmadilar.
— O‘zi boshqa, asari boshqa, — dedilar.
— O‘zidan asari yaxshi, — dedilar.
— Asari kerak, o‘zi kerak emas, — dedilar. Ana shunda polvonlik qonim tag‘in qaynadi.
«Uh, qoraqo‘ng‘izlar! — deya, g‘animlarimni ichimda yandim. — Sen qoraqo‘ng‘izlar kim-u, men kim ekanimni ana endi ko‘rasanlar!» — deya qo‘zg‘oldim.
Savob ish barcha uchun bo‘ladi. Ayol-erkak uchun bo‘ladi. Yosh-qari uchun bo‘ladi. Yetti yashar-u, yetmish yashar uchun bo‘ladi.
Men el-yurt uchun ana shunday bir savob ish qilgim keldi.
Seton-Tompsonni «Yovvoyi yo‘rg‘a» kitobini o‘zbekchaga tarjima etdim.
Tabiat, jonivorlar hayotidan so‘ylaguvchi mazkur kitob yetti yashar kitobxon uchun-da, yetmish yashar kitobxon uchun-da birday suyukli, birday ardoqlidir.
Ana shu vaqt qatag‘on avj oldi.
Ishdan hayda-hayda avj oldi. Firqadan o‘chir-o‘chir avj oldi. Sur-sur avj oldi.
Nihoyat... qama-qama avj oldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |