O‘zbek ziyolilari kishanband bo‘ldi. O‘zbek ziyolilari mahbus bo‘ldi. O‘zbek ziyolilari kechalab-kechalab Moskvaga olib ketildi. So‘roq Moskvada bo‘ldi. Sud Moskvada bo‘ldi. Hukm Moskvada o‘qildi. Ana shunda polvonlik qonim qaynadi! Endi qonim o‘z g‘animlarim uchun qaynamadi. Yo‘q, o‘z g‘animlarim o‘z yo‘lida qoldi. Endi qonim... olamjahon g‘animlarim uchun qaynadi. Endi qonim... qudratli g‘animlarim uchun qaynadi. — Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman! Men ana shunday shahd bilan olamjahon g‘animlarim sari shaylandim. Jahon Adabiyoti institutida o‘qish uchun yo‘l oldim. Barcha hayron bo‘lib qoldi. Boisi — men endigina uylanib edim. — Savodni mazasi yo‘q, Moskvada o‘qib kelmasak bo‘lmadi, — dedim. Dardim o‘qish bo‘lmadi. Dardim prokuraturalar bo‘ldi, dardim sudlar bo‘ldi. Bir oyog‘im institutda bo‘ldi, bir oyog‘im sudlarda bo‘ldi. Men tanish-biliig yo‘li bilan tergov matnlarini sotib oldim. Ikki og‘iz axborot olish uchun yarimtalar quydim. O‘shanda O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi qissalarim uchun Oybek mukofotini berib edi. Ana shu mukofot pulini zindonlardan axborot olish uchun sarfladim. Men ertadan kechgacha sudlarda o‘tirdim. Sud yo‘laklarida o‘tirdim. Sud zinapoyalarida o‘tirdim. Sud darvozalari ortida tik turdim. Sudga kiritmasa, qo‘shni uylar cherdagiga chiqib sudni poylab o‘tirdim. Men uzun kunlar sud idoralari tevaragida aylanib aylanib yurdim. Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim: o‘zbek xalqini yulduz ziyolilarini tepib-tepib zindonmashinaga bosdilar. O‘zbek xalqini gultoj ziyolilarini urib-urib zindonmashinaga soldilar. O‘zbek xalqini sara ziyolilarini oyoq-qo‘lidan olib, zindonmashinaga otdilar... Men Moskvada o‘qimadim, men Moskvada o‘zbek ziyolilari qayg‘usi bilan yashadim. — Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman! Men Moskvadan ana shu niyat bilan qaytib keldim. Men beshinchi sinfdan boshlab paxta terdim. Dorilfunun davrida, ish davrida paxta terdim. Bo‘yim paxtada o‘sdi. Aqlim paxtada kirdi. Savodim paxtada chiqdi. Ammo romanni boshlab... paxta nima ekanini bilmasligimni anglab qoldim. Oppoq qog‘oz bilan yuzma-yuz bo‘lib... paxta bilan men begona ekanimizni bilib qoldim. Men uchun paxta qaysi bir... qaysi bir dengiz ostida o‘sajak o‘tday bo‘lib tuyuldi. Men paxta masalasida bir... go‘rso‘xta ekanimni bilib qoldim. Men endi necha o‘nlab paxtachilik darsliklarini o‘qidim. Necha o‘nlab qishloq xo‘jalik kitoblarini o‘qidim. Paxtada o‘tmish kunlarimni bir-bir esladim. O‘zim bilmish paxtakorlarni bir-bir yodladim. Baribir... baribir bo‘lmadi. Men o‘zimni... halq hayoti bilimdoni, deya o‘ylar edim, xalq xarakteri bilimdoni, deya o‘ylar edim, xalq ruhiyati bilimdoni, deya o‘ylar edim. Men paxta bilan yuzma-yuz bo‘lib... men hali o‘zbek dehqonini bilmasligimni angladim. Men paxta bilan yuzma-yuz bo‘lib... men hali paxtakor kim ekanini bilmasligimni angladim. Men qog‘oz-qalam g‘amladim. Men Surxon dalalarini nishonladim. Ikki bor jumhuriyat gazetasida: «Men paxta dalalariga ketaman», deya so‘z berdim. El-yurtga ikki bor so‘z berdim. Ilk ko‘klamda Oltinsoy tumaniga yo‘l oldim. Tuman kattalari bilan yuzlashdim. — Men sizni Aliqulov brigadasiga olib boraman, — dedi xo‘jalik raisi Toshboev. — Faqat aybga buyurmaysiz, Aliqulovni bet-boshi sal oqarib qolgan. — Oqarib qolgan? — deya angraydim. — Chin, chin, — dedi tuman vakili. — Dastlab ko‘rishimda men ham shunday deb o‘ylab edim. — Beti haligi bir kasalday oqarib qolgan, — dedi Toshboev. — Bari jaziramada kuyib-pishib ishlashidan. Rais aytmish Aliqulov dala shiyponini makon etdim. Men bo‘lajak... Dehqonqul bilan yuzma-yuz bo‘ldim. Men bo‘lajak... Dehqonqul dalalarini ish joyim etdim.