www.ziyouz.com
кутубхонаси
39
Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber!
Kirisk bir oz o‘ziga kelganidan so‘ng Emrayin eshkaklar yoniga o‘tib oldi, ular to‘rt eshkak bilan
yana o‘sha tayinsiz tomonga maksadsiz suzib ketishdi. Endi qayiq to‘rt eshkakning ta’sirida tezroq
suza boshladi.
Kirisk bo‘lsa, O‘rxon boboning g‘oyib bo‘lganligidan larzaga tushib, kemaning kuyrug‘ida
g‘aribona mung‘ayib o‘tirgancha hamon entikib-xo‘rsinib yig‘lar edi. Otasi bilan Milxun ham
nihoyatda ezilib ketishgandi. Ular na o‘zlariga, na Kiriskka biror ko‘mak bera olishardi. O‘ylab
topganlari eshkak eshish bo‘ldi. Ishqilib, qayiq yurib tursa bo‘lgani. Oppoq tuman ichida ularning
basharalari qorayib ko‘rinardi. Hammalari daf qilib bo‘lmaydigan shafqatsiz ofat — tashnalikka hamda
ochlikka mahkum etilgandilar.
Ular jim, churq etmay borishardi. Gapirishga qo‘rqishardi ham. Faqat bir ozdan so‘ng Milxun
eshkakni tashladi.
— Suvni bo‘l! — dedi u Emrayinga g‘amgin boqib.
Emrayin bochkachaga yopishib olib, har bir odamga cho‘michning tubida bir necha qultumdan
sirqitib suv quydi. Suvdan noxush qo‘lansa hid kelar, ta’mi buzilgandi. Ammo shu ham juda oz
qolibdi. Yana ko‘pi bilan uch-to‘rt marta ichishga yetardi, xolos. Hech kim suvga qonmadi, suv ichib
hech kimning ruhi yengillashmadi ham.
Yana og‘ir, aqlni ozdiruvchi kutish onlari boshlandi: ob-havo o‘zgaradimi yoki yo‘qmi? Endi hech
kimda hech qanday umidbaxsh taxminlar qolmagandi. Ular majolsizlanib, holdan toyib, beixtiyor
loqayd bo‘lib qoldilar. Tahlikali tuman ichida qayiqda maqsadsiz aylanib, itoat bilan o‘z qismatlarini
kutishardi. Taqdirga tan berishdan o‘zga chora qolmagandi. Tuman odamlarni ezib, irodalarini
bo‘shashtirib qo‘ygandi. Faqat bir gal Milxun qattiq so‘kinib, nafrat to‘la titroq ovoz bilan g‘o‘ldiradi:
— Tuman chekinsa — o‘limimga ham rozi bo‘lardim! O‘zimni suvga tashlardim. Yorug‘ olamning
bir chetini ko‘rsam bo‘ldiydi!
Emrayin indamadi, hatto o‘girilib ham qaramadi. Nima ham deya olardi? Endi u qayiqda
qolganlarning yoshi ulug‘i edi-da. Indamay o‘tirishdan boshqa iloj qolmagandi. Qayoqqa ham
suzishardi!
Vaqt o‘tib borardi. Qayiq o‘zidan-o‘zi to‘xtab, goh muallaq turib qolar, goh yana joyidan
qo‘zg‘alardi.
Soat o‘tgan sari o‘lim xavfi orta borardi — qonmagan tashnalik yoniga jon-tanni yemiruvchi
shafqatsiz ochlik ham qo‘shildi. Darmonlari qurib, majolsizlanib borishardi.
Kirisk ko‘zlari qisilib, kemaning quyrug‘ida yotardi. Boshi aylanib, ko‘ngli aynirdi, och qorinda
og‘riq turib, nafas olishi mushkullashardi. Tobora tashnaligi oshib, judayam suv ichgisi kelaverdi.
Ko‘k sichqoncha, suv bergin!
Bola suvga qondiradigan ko‘k sichqonchani yalinib-yolvorib chaqirar ekan, endi hamma narsani
unutishga urinar, Olaparning etagidagi uzoq-uzoqlarda qolgan va endi ertakka aylangan hayotini eslab,
najot kutardi.
«Ko‘k sichqoncha, suv bergin!» — deb shivirlardi u boshi aylanib. O‘t-o‘langa chulg‘angan
tepalikda o‘ynab, xuddi g‘o‘ladek pastga dumalab tushganlarida ham boshi shunday aylanishini ko‘z
oldiga keltirdi. Eh, juda qiziq, ajoyib o‘yin edi-da. Bu o‘yinda Kirisk hammadan abjir va chidamli
bo‘lib chiqardi. Tik tepalikka chopib chiqasan-da, u yerdan yonbag‘irlab pastga qo‘yib yuborilgan
po‘stloqsiz g‘o‘ladek, aylanib dumalaysan. Qo‘llaringni ikki yoningga mahkam qapishtirib olasan.
Joyingdan ko‘zg‘alish uchun avval o‘zingga-o‘zing ko‘mak berasan. Bir, ikki, uch marta umbaloq
oshganingdan so‘ng uyog‘iga yumalab ketaverasan, o‘zingni to‘xtatib qololmaysan. Mazza
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |