www.ziyouz.com
кутубхонаси
36
to‘lib-toshganligini aytmaysizmi. Hozir onasining ahvoli ne kechdiykin? Dengiz bo‘yiga kelib, ularni
kutayotgandir, yig‘lab, bo‘zlayotgandir?.. Dengiz esa bari bir unga hech narsa aytolmaydi. Hech kim
unga yordam berolmaydi, hech kim dardini aritolmaydi. Faqat ayollar bilan bolalargina hanuzgacha
Olapar qoyasining yonbag‘irlarida gulxan yoqib, onasiga dalda berishayotgandir? Shoyad, to‘satdan
baxt kulib boqsa, shoyad dengizda dom-daraksiz ketganlar birdaniga qirg‘oqda paydo bo‘lib kolishsa,
deb onasini yupatishayotgandir?
Bular esa qayiqda zim-ziyo zulmat ichida giryon kezishar, tungi tuman qo‘ynidan xalos bo‘lishga
intilib, so‘nggi umidlari ham asta-sekin tugab borardi. Yo‘q, bu olishuvda kuchlar aslo teng emasdi —
bir yoqda mangu zulmat, olam yaralganidan beri mavjud bo‘lgan, Quyosh yaralishidan ham avval
mavjud bo‘lgan mangu zulmat: ikkinchi yoqda — shalog‘i chiqqan qayiqda tuman qurshovida qolgan
to‘rt odam... Okean o‘rtasida suvsiz; oziqsiz, yo‘lchi yulduzlarsiz, zim-ziyo zulmatda qolgan to‘rt
odam...
Kirisk umri bino bo‘lib, bunaqa zim-ziyo zulmatni ko‘rmagandi, tashnalik azobi shunchalik
ayovsiz bo‘lishini tasavvur qilmagandi. Hushini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun u suv keltiruvchi ko‘k
sichqon to‘g‘risida, qachonlardir suv berib, shifo berib uni o‘limdan qutqazib kolgan ko‘k sichqon
haqida o‘ylay boshladi...
«Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber!» — onasi o‘rgatgan mana shu ajoyib so‘zni bola tinmay
takrorlay boshladi: «Ko‘k sichqon, suvingdan ber! Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber!» Garchi hech
qanday mo‘‘jiza yuz bermasa ham bola hadeb yalinib-yolvorib ko‘k sichqonni chakiraverdi. Endi bu
— bolaning umid-ishonchi va tashnalikka qarshi birdan-bir chorasi bo‘lib qoldi...
Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber!
Kirisk hadeb shu so‘zlarni takrorlar ekan, tashnaligini o‘ylamaslikka urinib goh mudrar, goh
uyg‘onib ketardi. Shu vaqt bola bexosdan O‘rxon bobo bilan Emrayinning uzuk-yuluq gaplarini
eshitib, uyg‘onib ketdi. Ular nimanidir shivirlashib, uzoq muhokama qilishardi. Bola cholning biqiniga
qapishib o‘tirgani uchun uning gaplarini aniqroq eshitardi. Otasining gaplari esa unchalik qulog‘iga
chalinmasdi — u nariroqda, eshkaklari oldida o‘tirardi. O‘rxon bobo og‘ir nafas olib, tomog‘i
xirillagancha zo‘rg‘a gapirar edi.
— Mening senga aql o‘rgatadigan joyim yo‘q, lekin o‘zing o‘ylab ko‘r, atkichx, — dedi qizg‘in
shivirlab Emrayin, boshqalar eshitmasin deganday. — O‘zing aqlli odamsan-ku.
— O‘yladim, obdan o‘yladim, shuni ma’qul ko‘rdim, — javob berdi O‘rxon bobo, chamasi,
o‘zining gapini ma’qullab.
Ular bir nafas jim qolishdi. So‘ng Emrayin gap boshladi:
— Kemaga tushganning joni bir, hammamizning taqdirimiz bir.
— Taqdir, taqdir, — alam bilan g‘o‘ldiradi O‘rxon bobo. — Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi,
bilaman buni, — nafasi qisilib, xirillagancha gapirdi chol. — Shuning uchun ham uni taqdir deyishadi-
da. Xohlaysanmi, xohlamaysanmi, taqdirning bu bilan ishi yo‘q. Oqibati shunday bo‘lgach, taqdir bilan
bahslashishning nima keragi bor. Hech bo‘lmasa, birontamiz omon qolaylik. O‘zing o‘yla, birdan
yo‘llar ochilib ketsa, yer xam ko‘rinib qolsa, manzilni ko‘zlab jon-jahding bilan borayotganingda, bir-
ikki tomchi suv yetmagani uchun hamma halok bo‘lsa — alam qilmaydimi?
Emrayin bunga javoban nimadir dedi, yana jimib qolishdi. Kirisk uxlashga urinib, hadeb ko‘k
sichqonini chaqiraverdi. Nazarida, u uxlab qolsa ko‘k sichqon keladiganday edi... Biroq uyqusi
kelmadi... Ko‘k sichqoncha, suvingdan ber!
— Milxunning ahvoli qalay? — so‘radi O‘rxon bobo.
— Avvalgiday, hushsiz yotibdi, — javob berdi Emrayin.
— Yotipti degin, — bir oz jimlikdan so‘ng yana davom etdi O‘rxon ota.— Hushiga kelgandan
so‘ng — unga aytib qo‘yarsan...
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |