www.ziyouz.com
кутубхонаси
35
Lekin bu tun ham ob-havo zarracha o‘zgarmadi. Dengiz ustidagi tuman avvalgiday parvoyi falak,
dong qotib qolgandi. Borliqni yana bo‘g‘iq oqshom zulmati bosdi. Qetidan aql bovar qilmaydigan
darajada uzun, chidab bo‘lmas darajada qorong‘i, dahshatli tun boshlandi. Lekin qaniydi tun oralig‘ida
shamol tursa, mayli, bo‘ron tursa, to‘fon bo‘lsa ham mayliydi, ishqilib, havo ochilib, osmonda
yulduzlar ko‘rina qolsa! Lekin tunda zarracha o‘zgarish alomati, suvda birorta to‘lqin, havoda birorta
epkin yo‘q edi — borliq cheksiz sukunatga, cheksiz zulmatga chulg‘angan edi. Cheksiz zulmat
qo‘ynida adashib qolgan yolg‘iz qayiq va undagi azob-uqubatdan, ochlikdan, tashnalikdan tinka-
madori qurigan odamlar tuman ichida pista po‘chog‘iday bir joyda aylanishar, noma’lum qismat va
umidsizlik changalidan chiqolmas edilar...
Kirisk qachon uxlab qolganini eslayolmadi. Ammo uyqu elitguncha chidab bo‘lmas tashnalikdan
ko‘ngli ozib, uzoq azoblandi. Nazarida uni tirik o‘lik ahvoliga solib qo‘ygan tashnalik azoblarining
so‘ngi yo‘q edi. Faqat suv bo‘lsa bas — boshqa hech narsa kerak emas! Ochlik azobi borgan sari ich-
ichiga singib, xiralashib, yo‘qolib, sezilmay ketgandi, tashnalik azobi esa, aksincha, tobora yurak-
bag‘rini o‘rtab, tobora kuchayib borardi. Tashnalik azobini hech narsa bilan yengib bo‘lmasdi.
Kirisk go‘daklik chog‘larida bir marta og‘ir kasal bo‘lib, isitmadan kuyib-yonib yotganida ham
shunaqa ahvolga tushgani, ichi yonib, suv so‘ragani yodiga tushdi. Onasi qoshidan bir qadam ham
jilmay, parvona bo‘lib, yonib turgan peshonasiga ho‘l latta bosib, hech kimga bildirmay yig‘lab olar va
allanimalar deb shivirlar edi. Shamchiroqning g‘ira-shira shu’lasida onasi ning tashvishli yuzi arang
ko‘rinardi. Otasi yo‘q, u dengizga, ovga ketgandi. O‘shanda Kirisk faqat suv ichishni va otasining
tezroq kelishini xohlardi. Ammo ikkala istagi ham amalga oshmasdi. Otasi uzoqda edi, onasi bo‘lsa
suv ichirmasdi. Suv ichishing aslo mumkin emas, deyardi u. Onasi bolaning qaqragan lablariga ho‘l
latta bosar, ammo bu tashnalikni faqat bir lahzaga qondirardi, xolos. Sal o‘tmay, yana tashnalik
kuchayib, chidab bo‘lmas qiynoqqa solardi.
Onasi yalinib-yolvorib, uni suv ichishdan tiyar edi. Tashnalikka chidasang, kasallik sendan
qochadi, deb tushuntirardi.
— Chidab tur, jonim! — derdi u. — Ertalabgacha yaxshi bo‘lib qolasan. Ichingda: «Ko‘k
sichqoncha, suv bergin», deb qaytaraver. Ana, o‘zing ko‘rasan yaxshi bo‘lib qolganingni. So‘ra, jonim,
ko‘k sichqondan suv so‘ra, sichqon albatta yugurib keladi, albatta senga suv beradi... Faqat yaxshilab
so‘ra...
Shu kecha, bola tashnalik bilan olishib, duo o‘qib chiqdi, ko‘k sichqon yugurib kelishini, suv
keltirishini kutdi. U tinmay shivirlab, ko‘k sichqonga yalinib-yolvorardi: «Ko‘k sichqon, suv bergin!
Ko‘k sichqon, suv bergin!» Butun tun alangayi otash bo‘lib alahsirab chiqdi. Hamon: «Ko‘k
sichqoncha, suv bergin!» — deb yalinardi. Ko‘k sichqon tezda kela qolmasdi. U ham: «Ko‘k
sichqoncha, suv bergin!»—deb yig‘lab, yolvorishini qo‘ymasdi. Nihoyat, ko‘k sichqon yugurib keldi.
Ko‘k sichqon salqin o‘rmonda jilg‘a uzra choshgoh paytida g‘ir-g‘ir esadigan sarin yelday yoqimli va
elas-elas ko‘rinardi. Uni ko‘rish qiyin, u tiniq osmonday ko‘m-ko‘k, kapalakday uchqur, tutqich
bermas edi. Ko‘k sichqon kapalakday uchib, yumshoq yungini bolaning yuziga, bo‘yniga, badanlariga
tegizib, xuzur baxsh etardi. Chamasi, ko‘k sichqon Kiriskka suv berdi shekilli, u huzur qilib, uzoq vaqt,
to‘ygunicha ichaverdi; suv esa kelaverdi, kelaverdi, vaqirlab toshdi, uni boshigacha ko‘mib yubordi...
U ertasiga ertalab joni orom topib, garchi o‘zini ancha oldirib qo‘ygan bo‘lsa ham ruhi ancha tetik
bo‘lib turdi. Shundan keyin bola suv beruvchi sichqonni, o‘sha kechasi, jon talvasasida yotganda suv
keltirib uni sog‘aytirgan ko‘k sichqonni uzoq vaqtgacha xotiridan chiqarmadi...
Mana, hozir ham, bola qayiqda tashnalikdan ichi kuyib-yonib borarkan, o‘sha ko‘k sichqonni
esladi. Qaniydi o‘sha ko‘k sichqon yana paydo bo‘lib qolsa! Shu zahoti bola yurakni zirkiratuvchi bir
sog‘inch va dard bilan onasini esladi, og‘ir damlarda joniga ora kirib, tashnalikdan xalos etuvchi o‘sha
ko‘k sichqonni yodiga solgan onasini esladi. U ahvoli og‘irlashib, nafas ololmay qolgan paytida
qoshida tonggacha o‘tirib chiqqan onasini eslab o‘kindi. O‘sha paytda bola atrofida parvona bo‘lib
jonu jahonini berishga tayyor turgan onasining qalbi qanchalar mehr-muhabbatga va dard-alamga
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |