www.ziyouz.com kutubxonasi
30
bermagandirman», dedi.
— Hubbul Vatani minal iymani...
Ismoilbey bu gapni pichirlab aytgan bo‘lsa-da, Zelixon eshitdi. Eshitdi-yu, ammo
tushunmadi. Ibodat davomida o‘qilguchi duo deb o‘ylab, indamay o‘tiraverdi. Bir necha
nafasdan so‘ng Ismoilbey yana tilga kirdi:
— Mening Vatanim shu tomonda, — dedi u kunbotarga tikilganicha. — Vatanni sevmoq
iymondan. Mening esa Vatanim yo‘qtur. Men Vatandan yuz o‘girmadim. Vatan mendan
yuz o‘girdimi? Yo Olloh, Vatani yo‘qning iymoni bo‘larmi endi?..
Yillar o‘tar, balki asrlar o‘tar, ammo hech kim, hech qachon ularning vatangado bo‘lib
qolishlari sababini aniq ayta olmas. Balki bu faqatgina qiyomatda ayon bo‘lguvsi
sinoatdir? To‘g‘ri, unga qadar ahli ilm, ahli qalam turli gumonlarini bayon etaverarlar,
kimlarnidir ayblarlar, kimlarnidir oqlarlar... Banda to‘qigan gaplar o‘tkinchi ekanini fahm
etmaymi, bahslashaverarlar...
Zelixon Ismoilbeyga og‘ir bo‘lganini bilib tursa-da, cholning dardi u uchun begona edi.
Chunki unda Vatan tuyg‘usi yo‘q edi. To‘g‘ri, dastlabki qamalganida shunga o‘xshash bir
tuyg‘u bir uyg‘ondi, ammo tarbiyaga muhtoj bu tuyg‘uning umri qisqa bo‘ldi. Ongida
oxirat tushunchasi bo‘lmagan odam shaytonning o‘ljasi hisoblanadi. Shaytonga tobe
odam qalbida esa bunday tuyg‘ularni tarbiya etmoq mutlaq mumkin emasdir.
Mashoyixlardan biri kuyib aytgan ekanki, yo Rabbim, men ba’zi kimsalarning holiga
hayron qolaman: o‘limning muhaqqaqligini bilgani holda, qanday qilib xursandchilikka
berila oladi? Jahannam azobining haqligini bilgani holda qanday kuladi? Voqean
shunday. O‘lim bilan yuzma-yuz kelib qolgan damdagina odam dunyoda quvonch, xoyu
havas borligini unutadi. Aksincha, yagona qudrat sohibini eslaydi. Yana bir necha yil,
yoki, mayli, bir necha oy, u ham mumkin bo‘lmasa bir oygina, bir kungina, hech
bo‘lmaganda soat yoki daqiqa umr ko‘rishni istaydi. Kechagina ularning xayoliga bu
narsalar kelmagan, dunyo faqat quvonchlardan iboratday betashvish o‘tirishgan edi.
Mana endi kutilmaganda o‘zlarini adirda boshpanasiz ko‘rgach, xayollari oxirat bilan
band bo‘ldi. Ota-onalar farzandlariga, bolalar esa volidayn umriga baraka berishni so‘rab
Yaratganga yolbordilar. Umr bo‘yi Olloh nomini tilga olmaganlar xayoli ham shu bilan
band...
Yana mashoyixlar derlarki: bu dunyoda moli omonat, o‘zi esa mehmon bo‘lmagan biron
kimsa yo‘qtur. Mehmon degan keladi, ketadi. Omonat esa buyurilgan vaqti yetganda
egasiga qaytib berilmog‘i joizdir. Beshafqat hayot bu haqiqatni bir hamlada ayon etib,
odamlarning yumuq ko‘zlarini ochdi.
Zelixon yana jimib qolgan Ismoilbeyning yoniga yaqinroq surildi.
— Og‘a, — dedi u, — hali hushimdan ketgan paytimda tushga o‘xshagan g‘alati narsa
ko‘rdim.
Ismoilbey unga qaradi. Cholning qarashida «qanaqa tush?» degan savol zuhur edi.
Zelixon gapini davom ettirish mumkinligini fahmladi:
— Boshimga zarba tushishi bilan hammayoq gir aylandi, keyin atrofimni zulmat o‘rab
oldi. Ikkita sharpa kelib, qo‘ltiqlab ko‘tardi. «Yaxshi bo‘ldi, bulardan qutqaradi», deb
o‘yladim. Sharpalar qo‘ltiqlab ko‘targanicha meni chir aylantirib balandga, juda balandga
olib ketishdi. Xuddi sahrodagi girdobga tushib qolganday bo‘ldim. Keyin birdan zulmat
tugab, yorug‘likka chiqdik. Atrof shu darajada yorug‘ ediki, ko‘zlarim qamashib ketdi.
«Buni nimaga olib keldilaring, hali muhlat bor», degan g‘alati ovoz eshitildi. Keyin yana
girdobga tushdim, yana zulmatda qoldim. Sharpalar meni yerga yotqizib, yo‘q bo‘lishdi.
Keyin ko‘zimni ochsam... Yigitalining ayvonida yotibman.
Zelixon javob kutib, Ismoilbeyga tikildi. Ismoilbey bir oz o‘yga toldi-da, chuqur xo‘rsindi.
So‘ng:
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |