www.ziyouz.com kutubxonasi
38
mayorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish buyuraverishdan andisha qilib, ba’zan shunday savol bilan
murojaat etardi. Soliev bu ishning muhimligini bilgani uchun telefon go‘shagini ko‘tarib,
kerakli bo‘lim bilan suhbatlashib topshiriq berdi.
— Bugun kun isidi, — dedi Hamdam yelpinib. — Prokuror desa, savlatingdan eshak
hurkadi-yu, xonangga bitta konditsioner qo‘ydirsang bo‘lmaydimi? O‘rtoq mayor, siz
telefonda gaplashguningizcha men kaltafahmlik davosini o‘ylab topdim. Aytaymi?
— Ayt, — dedi Soliev kulimsirab, — piching darsidan bahoing a’lo, qani gapir-chi,
uzunfahm.
— Do‘xtir yozib bergan zo‘r dori bor. Nomi «Vitamin-P». Uni topish uchun hozir
shogirdingiz navbatchi mashinani chaqiradi. Ikki soatga «maxsus topshiriq» bilan bir
joyga borib kelamiz. Qayoqqa, deb so‘ramaysanmi, prokuror?
— So‘ramayman, gapingizdan qitmirlikning hidi kelib turibdi.
— Qitmirlik emas. Hali bu taklifim moydek yoqib, menga rahmat, akaxon, ham deysan.
Xullas, gap shuki, sen mashina chaqirasan, biz o‘tiramiz, keyin anhor bo‘yidagi o‘zing
bilgan pivoxonaga boramiz. Sen bitta, men ikkita pivo ichamiz. Jaz-buz deganday, a?
Zohid Hamdamning maqsadini anglab, jilmaydi. U anhor sohilidagi ko‘rimsiz pivoxonani
bilardi. Hamdam «bu pivoxona emas, mish-mishxona, har qanday axborot shu yerga
oqib kelib, jamlanadi», derdi. Hamdam pivoxona xo‘jayini bilan o‘zaro og‘zaki shartnoma
tuzib olgan edi. Bu shartnomaga muvofiq Hamdam uni nazoratchilardan himoya qilardi,
u esa barcha mish-mishlarni oqizmay-tomizmay Hamdamga yetkazardi. Ham tijorat,
ham siyosat, deganlariday, Hamdam ham bo‘layotgan yoki sodir bo‘lishi kutilayotgan
voqealardan ogoh etilardi, ham baqaloqning ziyofatidan huzur topar edi. Aynan shu
mish-mishxonadagi gaplar unga ba’zan chigal masalalarni yechishga yordam berardi.
Zohid buni bilgani uchun ham jilmayib:
— Rahmat, akaxon, — dedi, so‘ng Solievga yuzlandi. — Maqsud aka, bu topshiriqni
bajarmasak bo‘lmaydi. Fahmni charhlab kelaylik.
Bir necha daqiqadan so‘ng uchchovlari mashinaga o‘tirib, eski shahar tomon yurdilar.
Bozordan o‘tganlaridan so‘ng yo‘l bo‘yida ikki-uchta g‘isht ustiga qo‘yilgan bo‘sh pivo
idishlari ko‘rindi.
— Ko‘cha harakatining yangi belgilari, — dedi Zohid kulib.
— Militsiyada endi ish boshlaganimda ustozim bo‘lardi, urushda jang qilgan, halol inson
edi, — dedi Soliev. — Ammo xayolparastroq edi, bechora. O‘sha odam, hademay
to‘qchilik boshlanib, jinoyat kamayadi, derdi. To‘qchilik ham boshlandi, erkinlikni ham
berib yuborishdi. Mana ahvol. Xohla molingni sot, xohla o‘zingni sot. Pul topib o‘zingni
xursand qilsang bo‘ldi.
Mayorning gaplarini eshitib kelayotgan Hamdam bir shumlikni o‘ylab mashinani to‘xtatdi.
Pastga tushib yo‘l yoqasidagi bo‘sh shishalarni bir chekkadan yig‘ishtira boshladi. Tol
soyasidagi pivoli shishalarni olayotganida sal narida turgan xotin «hay-hay»lab yugurib
keldi.
— Hoy, baloyi nafs, nima qilobsan?
— Musodara qilyapman.
— Kimsan o‘zing, musodara qilasan?
— Melisaman.
— Ko‘rsat qog‘ozingni.
— Ana, — dedi Hamdam mashinani ko‘rsatib.
— Bunaqa moshin Haydar jinnida ham bor.
— Qani yur, bo‘lmasa. Moshinga o‘tir, Haydar jinnini melisada aytasan.
— Ha, baloyi nafs, pivoni qo‘y joyiga. Haqqingni beray. Shune sotmasam bolalarem och.
— Bolang hozir och emas, yolg‘on gapirma. Hozir olib borib qamayman, keyin och
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |