www.ziyouz.com kutubxonasi
28
— Gapingizning chatag‘i shuki, hammamiz bu dunyoga mehmonmiz, bu birlamchi.
Ikkilamchisi — besh qo‘l barobar emas. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, deyishganini
eshitganmisiz? Odamning qorni to‘yib, cho‘ntagi qappaysa, o‘zidan ketadi, tug‘yonga
keladi. Bosar-tusarini bilmaydi. Bunisi millatga qarab bo‘ladigan ish emas.
— Endi tog‘a, o‘zimizning boylar bir nima qilsa yarashadi. Har holda o‘zimizniki-da.
Bular-chi?.. Odammisan deyishmaydi. Bo‘lamni pivoxonadan haydab chiqarishibdi
enag‘arlar.
— To‘g‘ri qilishibdi.
— Ie, tog‘a, bu nima deganingiz? Judayla yon bosavermang-da bularga.
— Yon bosayotganim yo‘q. Pivoxonada o‘tirgan yigitlarni ko‘rsam, g‘ashim keladi.
— Endi ichmasangiz mazasini bilmaysiz-da. Ishdan keyin shundan bo‘lmasa hordiq
chiqmaydi.
Yigitali haydovchining gap uqmaydiganlar xilidan ekaniga ishonch hosil qilib, u bilan
suhbatni davom ettirmadi. Yigit ham yana bir-ikki gap aytgach, tinchidi. Yigitali
shaharga yaqin qolganida avtobusdan tushdi. Haydovchi unga xayr ham demadi. Yigitali
aytgan «rahmat»ga javob ham bermadi.
Yigitali shaharga kiraverishdagi qishloqqa borib singlisining oilasidan xabar olib
ketmoqchi edi. Shu niyatda yo‘lovchi mashinalarni to‘xtatmoqchi bo‘ldi. Biroq, yuzi
shilingan, ust-boshi kirlangan odamni ko‘rgan haydovchilar to‘xtamay o‘tib ketaverishdi.
Oqibatda u piyoda yurdi. Singlisi tinch-omon ekan. Bu tomonlarga faqat mish-mishlar,
vahimali gaplar yetib kelibdi.
Yigitali uyga kirib, singlisi bilan ko‘rishayotganda quda xola ayvonda, joynamoz ustida
o‘tirgan edi. Yigitali namoz o‘qiyaptimi yo shunchaki o‘tiribdimi, degan xayolda unga bir-
ikki qarab qo‘ydi. Uning ajablanayotganini sezgan singlisi izoh berdi:
— Turklar moshinlarda yurishibdi ekan, odamlarni shartta-shartta otishyapti ekan.
O‘lsam imon bilan ketay, deb shu holda o‘tiribdilar-da.
Bu gapni eshitib, Yigitalining jahli chiqdi. Kampirga yaqinlashib salom berdi-da, uning
alik olishini kutmay zahrini sochdi:
— Quda xola, kim nima desa ishonaverasizmi? Turklarning hammasini adirga
ko‘chirishdi. Boshi buzuqlar ularning uylarini yoqishdi, odamlarini yoqishdi, o‘z ko‘zim
bilan ko‘rdim. Lekin odam qirib yurgan turklarni ko‘rmadim. Qo‘ying bunday o‘tirishni.
Qirq yil qirg‘in bo‘lsa ajali yetgan o‘ladi...
Kampir Yigitalining gaplariga ishonib-ishonmay yana picha o‘tirdi. Bundan Yigitali battar
xunob bo‘ldi. Choy ichishga ham unamay, iziga qaytdi.
Quyosh botay deb qolganida shaharga yetib bordi. Ko‘chada qurollangan askarlarni
ko‘rib, ajablandi. Avtobus kutishning foydasi yo‘q edi. Yana piyoda yurdi. Mahallasiga
yaqinlashganida dimog‘iga kuyuk hidi urildi. Yong‘in asosan o‘chgan, faqat allaqaerlarda
nimalardir hanuz tutar edi. Ko‘chasiga burilishi bilan ikkita qurolli yigit ro‘parasidan
chiqib, uni to‘xtatdi. He yo‘q, be yo‘q, ikkala qo‘lini ko‘tartirib qo‘yib tintib chiqdi. Yigitali
josuslar haqidagi filmlarda shunaqa qilishlarini ko‘rgan edi. Avvaliga yigitlarning bu
qilig‘ini hazilmi, deb ham o‘yladi. Qo‘lini tushirmoqchi edi bittasi avtomat qo‘ndog‘i bilan
yelkasiga urib «Stoyat!» deb baqirgach, «yopiray, bunisi qandoq bo‘ldi?!» deb qo‘ydi.
Askar Yigitalining kamariga osig‘liq pichoqni qinidan chiqarib chiroqqa tutdi. «Xolodnoe
orujie» deb sherigiga ko‘rsatdi. So‘ng qinga ishora qildi-da, Yigitaliga «snimi!» deb
buyurdi. Yigitali kamarni bo‘shatib, qinni chiqarib bergach, pichoqni joylab, cho‘ntagiga
soldi-da:
— Poshli, — deb yana yelkasiga turtdi.
— Ie, qayoqqa poshli? — dedi Yigitali. U ruschani durust bilmagani uchun yarim ruscha,
yarim o‘zbekcha qilib tushuntirmoqchi bo‘ldi. — Moya dom hov anavi yerda. Moya jena,
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |