www.ziyouz.com kutubxonasi
25
Ichkaridan chiqqan rahbarlardan biri zinadan yugurib tushdi-da, oldinda tobut ko‘tarib
kelayotganlarni to‘xtatdi:
— To‘xtanglar, o‘rtoqlar, tinchlaninglar!
— Qanday tinchlanish mumkin? — dedi da’vatchi oldinga chiqib. — Uylarni yoqishdi,
odamlarni yoqishdi. Kim bular, nimaga indamaysiz?
— Bilamiz, vaziyat keskin. Sizlar bu yerdan tez ketinglar. O‘zbeklardan bir yigit
o‘ldirilgan. Ma’lumotga qaraganda, uning murdasini ko‘tarib shu tomonga kelishyapti.
Turklarni ayblaydigan mish-mishlar tarqalgan.
— Qayoqqa ketaylik?
— Hozir avtobuslar keladi. Sizlarni bexavotir joyga olib boramiz. Faqat vahimaga
berilmanglar. Jinoyatchilar albatta jazolanadi!
Chindan ham ko‘cha og‘zida o‘nga yaqin avtobus ko‘rindi. Olomon avtobuslarga chiqib
ulgurmasidan ko‘chaning narigi boshida tobut ko‘targan boshqa olomon ko‘rindi.
— Bo‘ldi, bo‘ldi, yuringlar! — deb buyurdi rahbarlardan biri.
— Murdalarni nima qilamiz? — dedi da’vatchi.
— Ketaveringlar, o‘zimiz ko‘mamiz!
Avtobuslar xuddi poygadagiday shoshilib qo‘zg‘olishdi. Murdalarning egalari faryod
urdilar. To‘xtashning iloji yo‘q edi. Ozgina fursat boy berilsa, yana bir qirg‘in boshlanib
ketmog‘i mumkin edi.
Avtobus shahardan chiqar mahalda Zelixon Yigitaliga qarab, ajablandi. Shuncha paytdan
beri uning birga ekaniga ahamiyat bermagan ekan.
— Siz nima qilib yuribsiz? — deb so‘radi Zelixon undan.
— Sizlar nima bo‘lsangiz, bizlar ham shu-da, — dedi Yigitali.
Ismoilbey ham unga ajablanib qaradi. Aftidan, o‘z g‘amiga bandi bo‘lib u ham
Yigitalining birga yurganiga e’tibor bermagan edi.
— Inim, siz bola-chaqangizning yoniga boring. Yana sizni yo‘qotib hayron bo‘lib
yurishmasin. Rahmat sizga. Eson-omon ko‘rishmoqni Olloh nasib etsin.
— Ie, domlajon... — Yigitali e’tiroz bildirmoqchi edi, Ismoilbey uning gapini uzdi:
— Biz sizdan rozimiz, siz ham rozi bo‘ling. Bu g‘alvalar o‘tar-ketar, inshoolloh,
farzandlarimiz omon bo‘lishsin. Yigitali, inim, siz boshqalar uchun xijolat bo‘lmang.
Musulmon musulmonga qo‘l ko‘tarar ekan, bilingki, orada shayton bor. Shayton borligini
unutdik, shayton hukmiga bo‘ysunib qoldik. Bu ham qiyomatning bir belgisi. Qalbimizni
dunyo havaslari bilan band etmasak edik... — Ismoilbey yana odati bo‘yicha pichirladi.
— Ad-dunyoya mazra’utul-oxira...*
Zelixon haydovchiga yaqinlashdi.
— Birodar, qayoqqa ketyapmiz?
— Bilmayman. Aytishmadi. Oldindagi moshin qayoqqa yursa, biz ham ashaqqa
yurovramiz. Aqqa-baqqa qaramasdan yurishasanlar, deb buyurishgan.
— Birpasga to‘xtang, o‘zbak oshnamiz adashib chiqib qolibdi.
— Mumkin emas, kolonna to‘xtaydi. Ketovursinlar, qaytishimda hamroh bo‘lallar.
Zelixon joyiga qaytib, haydovchining gapini aytgach, hammalari yana jimib qolishdi.
Ortiqcha gapga hech kimda toqat yo‘q edi. Hamma avtobus derazasi osha tashqariga
e’tiborsiz boqib, har biri o‘z xayoliga bandi bo‘lib borardi.
Shahar ham, qishloq uylari ham ortda qoldi. Asfalt yo‘l tugab, adirning notekis yo‘li
boshlandi. Avtobuslar chayqala-chayqala, yo‘ldagi tuproqni to‘zitib borishadi. Shaharda
tutundan bo‘g‘ilayozgan odamlar to‘zon tufayli holdan toygan bir paytda avtobuslar
to‘xtadi. Atrofda na bir uy, na bir daraxt ko‘rinadi. Adirning ufqqa tutash qismida
samolyotlarning qorasi ko‘zga tashlanadi. O‘sha tomondan bo‘g‘iq guldurak ovozi keladi.
Avtobuslardan tushgan odamlar bir-birlariga hayron boqishadi. «Qaerga keldik?»
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |