www.ziyouz.com kutubxonasi
33
degan edi. Bilib qo‘y, non bergan kafanlik ham beradi, mozoridan joy ham beradi. Seni
qara-yu, yana o‘zbekman, deysan. O‘zbek bo‘lganingda o‘likning ustida bunaqa majlis
qilib o‘tirmasding. Mashinangni ber, Ahadbey ikkalamiz tushamiz.
— Yaxshi, mashina beraman, — dedi vakil, — omma, men sizlarni ogohlantirdim. Bir gap
bo‘lsa men ikki kishi uchun javobgar emasman.
— Qo‘rqma, xo‘jayin, menga tegishmaydi. Men chechenman. O‘ldirishsa, mana,
Ahadbeyni o‘ldirishar. Bir kishiga javob berasan.
— Biz ham boramiz, — dedi qariyalardan biri, — ikkoving sho‘ppayib ko‘tarib
borasanlarmi?
— Sizlar shu yerda duo qilib o‘tiringlar. Ikkovimiz sho‘ppayib qolmasmiz.
Zelixon aytganiday bo‘ldi. Ular yuk mashinasida yo‘lga chiqdilar. Xotinlar qiy-chuv bilan
qoldilar. Zelixon dafn marosimi qanday bo‘lishini yaxshi bilmas edi.
— Hozir qayoqqa boramiz? — deb so‘radi Zelixon Ahadbeydan.
— Qishloqqa, — dedi Ahadbey uning savolidan ajablanib, — o‘zing aytding-ku.
— Qishloqqaligini bilaman. To‘g‘ri mozorga olib bormaymiz-ku?
— Ha... balki machitga borarmiz?
Qishloqqa kiraverishda uchragan birinchi kishidan «machit qaerda?» deb so‘rashdi. U
berilgan savolga avval tushunmaganday bo‘ldi. Qayta so‘rashgach, bosh irg‘ab
«qishloqda machit yo‘q», deb javob berdi. Zelixon bilan Ahadbey «endi nima qildik?»
degan ma’noda bir-birlariga qarab oldilar.
— Choyxona bormi? — deb so‘radi Zelixon yo‘lovchidan.
— Bor-da. To‘g‘riga yurib chapga burilsang‘iz guzarga chiqasiz. Choyxona ashatda.
Hovuz labidagi so‘rida ikki oqsoqol nonushta qilib o‘tirardi. Ahadbey mashinada qolib,
Zelixon tushdi-da, ularga yaqinlashib, salom berdi. Chollar o‘rinlaridan turib, qo‘shqo‘llab
so‘rashgach, mehmonni nonushtaga taklif qildilar. Mehmon o‘tirib, fotiha o‘qilgach, unga
choy tutdilar. Zelixon choydan bir ho‘pladi-da, muddaoga ko‘chmoqchi bo‘ldi:
— Otalar, men chechenman, anavi mashinada qolgan sherigim — turk, — dedi.
Siyrak soqolli chol kulimsiradi.
— Mehmon, sizning kimligingizni so‘raganimiz yo‘q-ku? Chechenmisiz, boshqamisiz,
bizga mehmonsiz, bizga shunisi bas.
— Rahmat, ota, zamon alg‘ov-dalg‘ov bo‘lganiga shunaqa devdim.
— E mehmon, zamonni qo‘yavering, hozir diydor g‘animat. Nasibangizda bor ekan,
qishlog‘imizga keldingiz. Bir piyola choy ichdingiz. Nasibangizda bo‘lmasa, tuya so‘yib
chaqirsak ham kelmagan bo‘lardingiz. Sherigingizni ham chaqiring, choy ichsinlar,
nimaga tushmayaptilar.
— Mashinada yana bir odam bor... Sherigimning otasi...
— Xastamilar, yotibdilarmi?
— Jon berdilar yaqinda, namoz o‘qib turib... Turklar adirda, bilarsizlar. Ko‘mish kerak,
musulmoncha qilib.
Qariyalar «Olloh rahmat qilsin», deb yuzlariga fotiha tortdilar.
— Otalar, xafa bo‘lmaysizlar, bir gap aytay?
— Hech qanaqa gap aytmang, mehmon, biz tushundik. Siz choy ichib o‘tiring, xo‘bmi,
qani, Sotvoldi, tur.
— To‘xta, hovliqmasang-chi, gaplari bo‘lsa aytsinlar. Mehmon, ranjimang, Hayitali
tog‘angiz sal shunaqaroq. Aytovring gapingizni.
— Aytmoqchimanki... chiqimini to‘laymiz.
— Astag‘firulloh! — dedi Hayitali oqsoqol. — Sotvoldi, eshitdingmi? Shunaqa gap
chiqishini bilganim uchun aytmang, devdim. Endi mehmon, aytishga-ku, aytdingiz, a?
Endi picha uyaling. Bizlarni kim deb o‘yladingiz?
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |