www.ziyouz.com kutubxonasi
24
— Odam bormi? — deb so‘radi uy egasidan. Uy egasi uning savoliga tushunmadi.
Zelixon gapini qaytargach, bosh irg‘ab «yo‘-o‘q» dedi. Zelixon uni bo‘ralab so‘kdi-da,
iziga qaytdi.
— Orqadoshlar! Haqiqat bormi bu dunyoda?! Yuringlar, obkomga boramiz! Arz qilamiz!
Zelixon ko‘chaning o‘rtasida turib olib arzga da’vat etayotgan odamni tanimadi.
Ismoilbey unga qarab bosh chayqab «nodon» deb qo‘ydi. Da’vatchi yana to‘planishga
chorladi. Uning gaplari ta’sir qilib, nochor odamlar to‘plana boshlashdi.
— U ham Moskovga borgan edi, — deb izoh berdi Ahadbey.
Zelixon bir do‘stiga, bir uning otasiga, bir xotini, bolalariga qaraydi. Xotini bilan bolalari
yonayotgan uylariga mo‘ltillab qarab turishibdi. Ismoilbey ko‘chaga chiqqach, uyiga bir
qaraganicha boshqa qaramadi. Ahadbey dam-badam o‘girilib qaraydi. Har- holda
suyunchli, qayg‘uli kunlari kechgan uy, omonat bo‘lsa ham Vatani edi.
Ofatdan qutulish yo‘lini bilmay turganlarga da’vatchining gaplari ta’sir qilib, hamma
arzga bormoqqa shaylandi.
— Onangni qozi ursa, dodingni kimga aytasan? — dedi Zelixon.
— Bu nima deganing? — ajablandi Ahadbey.
— Bu ofat qaysi g‘ordan chiqqaniga hali ham tushunmadingmi?
— Fedyani aytasanmi?
— Fedya nima? Fedya isqirt bir tomchi. Qolganini keyin tushunib olasan.
— Qayoqqa boraylik bo‘lmasa, bilsang o‘zing ayt.
— Men o‘g‘riman, donishmand emasman. Mendan qochganlar milisaga borishlarini
bilaman. Iblisdan qochib qayga borish kerakligini bilmayman.
— Iblisdan qochib Ollohning panohiga boriladi, — dedi Ismoilbey ularning bahsiga yakun
yasab.
— Orqadoshlar! Murdalarni olingiz! Ko‘rishsin rahbarlar! — deb qichqirdi da’vatchi.
Shu onda ko‘chaning muyulishida paydo bo‘lgan yigit barchaning e’tiborini tortdi. Og‘zi-
burni qon, ust-boshi yirtilgan bu yigitga qaragan odam uning ofat changalidan bir
mo‘’jiza tufayli omon qolganini fahmlardi.
— Zuhur-ku? — dedi Ahadbey, — mashhur bokschi yigitimiz...
Yigit uzoq yo‘lni yugurib bosgani uchunmi, hansirardi. Olomonga yaqinlashib, bir qo‘lini
ko‘tardi, so‘ng tizzalab qoldi.
— Bo‘linglar! — dedi u. — Bo‘linglar! Qochinglar! Olomon bosib kelyapti!
— Qanaqa olomon? — deb so‘radi da’vatchi.
— Bilmayman... Shaharda, hammayoqda mish-mish. «Turklar o‘zbeklarni
o‘ldirayotganmish, turklar avtomat bilan qurollanganmish... Turklar bog‘cha bolalarini
olovda yoqishibdi...» O‘zbeklar ishonishyapti shu gaplarga. Yoshlar qasosga
chorlayapti...
— Astag‘firulloh! — deb yubordi Ismoilbey.
— Berkinish kerak, — dedi Zelixon Yigitaliga qarab.
— Uyga kiraylik, — dedi Yigitali.
— Yo‘q, — dedi Ahadbey. — Qasosga chorlashayotgan bo‘lishsa, yomon. Qochish kerak.
— Qochish?..
Qochish kerakligini hamma bilardi. Lekin «qayoqqa?» degan savolga hech kim tayinli
javob bera olmasdi. Bu savolga birinchi bo‘lib javobni da’vatchi topdi:
— Obkomga! — deb chinqirdi u. — U yerga hech kim yaqinlasha olmaydi!
Bu orada yigitlar ikkita tobut ko‘tarib kelishdi. Murdalarni solib shahar sari jadal yurib
ketdilar. Quyoshning qizdirayotgani, hozirgina otash bag‘ridan chiqib kelganlariga
qaramay tez yurdilar.
Obkom binosini o‘rab turgan militsionerlar ularni to‘xtatishga jur’at etolmadilar.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |