www.ziyouz.com kutubxonasi
26
Barchamiz mana shu o‘t-o‘lanlarday qovjiraymizmi shu yerda, barchaning xayolida shu
savol. Oldindagi mashinadan tushgan vakil baland ovozda gapirib, odamlarga tasalli
bermoqchi bo‘ladi:
— Ozgina chidanglar, o‘rtoqlar. Hozir non-suv, oziq-ovqat, chodirlar olib kelishadi. U
yoqda olomon tinchlangunicha shu yerda kutamiz.
— Shunday deb avrab jo‘nab qolasizlar, biz qovjirab o‘tiraveramiz.
— Jo‘namaymiz. Biz sizlar bilan shu yerda qolamiz. Fojia biz uchun ham tasodifan bo‘ldi,
qurbonlar soni ko‘paymasligi uchun shunday qilishga majburmiz.
— O‘zbeklarga nima yomonlik qiluvdik? — dedi kimdir.
— Bunaqa gaplarni qo‘yib turing, iltimos. Oldin tinchib olaylik, jinoyatchilar bilan keyin
gaplashamiz.
«Gaplashib bo‘psan!» dedi Zelixon o‘zicha. So‘ng vakilning gaplaridan ensasi qotib, nari
ketdi.
Kunni oftob tig‘ida, ochlik, tashnalik azobida o‘tqazishdi. Va’da etilgan narsalar o‘rniga
yana avtobuslarda odamlar kelishdi. Faqat quyosh bota boshlagan onda yuk mashinalari
ko‘rindi. Odamlar hech narsaga qaramay suvli mashina atrofini o‘rab olishdi. Boshqa
paytda ko‘ngilni aynitishi mumkin bo‘lgan iliq suv jonga rohat ato etdi. Shundan
so‘nggina ochlik esga tushdi. Shundan so‘nggina tunni qay ahvolda o‘tkazish tashvishi
uyg‘ondi. Shundan so‘nggina tahlika bilan o‘tgan kundagi fojialar ko‘z oldilarida qayta
qad rostladi. Kechagina kimsasiz bo‘lgan bu adirga yana odamlar keldi. Odamlar bu
yerga qo‘lga ilingan narsalari bilan kelishardi. Kim to‘n, kim ko‘ylak, kim choyshab...
olishga ulgurgan. Kimdir bolasini yo‘rgaklashga ham ulgurmagan. To‘plagan mol-
mulklari uylarida qoldi. Bu yerdagilarning yagona mulki — tashvish, alam, tahlika... Bu
mulkdan barchaga mo‘l berilgan.
Zelixon botayotgan quyoshga qarab o‘tirib, o‘yga toldi. Ayollarning nolalari, bolalarning
chinqirab yig‘lashi uni unutib bo‘lmas xotiralarini qitiqlab uyg‘otdi. Tun... ikki tugunni
orqalab yo‘l yurish... bobosi, onasi... So‘ng poezddagi yo‘l mashaqqati... Ayollarning
nolalari, go‘daklarning big‘illab yig‘lashi, qorni och bolalarning ingrashlari... qariyalarning
yaratganga munojotlari... Qandaydir o‘xshashlik bor. Farq shundaki, qishloqlarga o‘t
qo‘yishmadi. Bir kechada, hech kutilmaganda, vaj-korson ko‘rsatib o‘tirmay ko‘chirishdi.
Bunisiga ham vaj-korson ko‘rsatilmadi. Tunda emas, kuppa-kunduzi yoqishdi...
o‘ldirishdi... Eng ashaddiy jinoyatchilar ham bunchalik ochiq ishlashga jur’at etisholmas
edi. Fedya... ular qanday jur’at etishdi? Nima uchun hech kimdan qo‘rqishmadi? Ularni
kim yollagan o‘zi? Zelixon dastlab bu ish tepasida Asadbek yoki Hosilboyvachchaga
o‘xshaganlar turibdi, deb fikr qilgan edi. Bugungi dahshatni ko‘rib, fikridan qaytdi. «Yo‘q,
ular bunday keng miqyosda ishlay olishmaydi», degan xulosaga keldi. Bugungi ishboshi
lozim bo‘lsa yuzta, balki mingta, balki undan ham ko‘proq Asadbeklarni o‘lik sichqonday
o‘ynatib, so‘ng bir chekkaga taxlab qo‘yishi mumkin. Zelixonning o‘tkir zehni buni fahm
etib turibdi. U faqat bir narsaga tushunmaydi: nima uchun qirg‘inga aynan turklar
tanlandi?
Ismoilbey asta yurib kelib Zelixonning o‘ng tomonidagi do‘nglikka Yigitali tashlab ketgan
chorsini yoydi. Tayammum qildi-da, shom namoziga azon chaqirdi. Azon chaqirig‘ini
eshitganlar orasida namoz o‘qig‘uvchilar yo‘q edi. Ismoilbey takbir tushirib, yolg‘iz o‘zi
o‘qiy boshladi. Zelixon unga qarab turib yana bobosini esladi. Ko‘nglida o‘zi ham
tushunmagan g‘alati bir tuyg‘u uyg‘onib, entikdi. O‘rnidan turib, Ismoilbey yonida namoz
o‘qigisi keldi. O‘rnidan turdi ham, cholga yaqinlashdi ham... Ammo namoz o‘qishni
bilmasdi. Hatto namoz o‘qiyotgan mo‘’min bandaga iqtido qilib turmoqni ham bilmas edi.
Shu bois Ismoilbeydan bir qadam orqaroqda o‘tirdi. Ismoilbey namoz o‘qib bo‘lib ham
joyidan jilmadi. «Qiblaga qarab Xudodan bir narsalar so‘rayotgandir», deb o‘yladi
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |