Xolesterin va boshqa sterinlar organizmda erkin holatda yuqori molekulali kislotalarning
efirlari holatida boʻladi. Bunday efirlarni steroidlar deb yuritiladi. Xolestiren hayvonlarning hamma
toʻqimalarida uchraydi. Ular inson va hayvon organiizmida muhim fiziologik rol oʻynaydi, yaʻni ular
garmonlar va biologik faol moddalarni sintez qilishda ishtirok etadi. Xolestiren organizmga tayyor
ovqatlar orqali kelib tushadi, maʻlum miqdorda esa organizm sintez qiladi. Agar xolesterin
organizmda koʻp miqdorda toʻplanib qolsa, bu modda almashinuv jarayonining buzilishini keltirib
chiqaradi. Bu esa xolestirinning qon tomirlari devoriga oʻtirib qolib, qonning oʻtkazuvchanligini
susaytiradi. Natijada aterosklerozning paydo boʻlishiga sabab boʻladi.
Fitosterinlar oʻsimliklarda ergosterin, sitosterin, stigmasterin holida uchraydi.
Hozirgacha maʻlum boʻlgan fitosterinlar orasida ergosterol muhim ahamiyatga egadir.
Ergosterolga ultrabinafsha nurlarini taʻsir ettirsa, ergosterol D vitaminiga aylanadi.
Sterinlar yogʻlarda quyidagi miqdorlarda uchraydi (%): paxta moyida - 0,31, makkajoʻxori
moyida - 1,31, sariyogʻda - 0,07, choʻchqa moyida - 0,09, treska yogʻida - 0,52, tuxum sarigʻa yogʻida
- 1,6. Achitqilar tarkibida sterin va steridlar miqdori quruq moddaga hisoblanganda 2 foizdan
koʻproqni tashkil etadi. Shu sababli, achitqilardan vitamin D olish uchun xom ashyo hisoblanadigan
ergosterin olinadi.
Mumlar. Ular oddiy lipidlar guruhiga mansub boʻlib, yuqori molekulyar bir atomli spirtlar va
yuqori molekulyar yogʻ kislotalarining efiridir. Tabiiy mumlar tarkibida efirlardan tashqari oz
miqdorda spirt, erkin yogʻ kislotalari, uglevodlar, kam miqdorda rang beruvchi va xushboʻy moddalar
uchraydi.
Mumlar olinishga qarab oʻsimlik, hayvon mumlari va qazilma mumlarga boʻlinadi. Masalan,
oʻsimliklarning bargi, mevasi, navdalari va tanasida oz miqdorda boʻlsada tez-tez uchrab yupqa
qatlam hosil qiladi. Koʻp mevalarning uzoq saqlanishini taʻmilashda ham meva yuzasidagi yupqa
qatlam hosil qiladigan mumlarning ahamiyati kattadir.
Mumlar har xil rangdagi qattiq moddadir. Ular ham organik erituvchilarda yaxshi eriydi.
Mumlarning tarkibiga yuqori molekulyar massaga ega boʻlgan stearinat, oleinat, palmitinat, karnaub
va boshqa yogʻ kislotalari kiradi. Janubiy amerikada oʻsadigan baʻzi palma daraxti barglarida
qalinligi 3-5 mm gacha yetadigan mum qatlami boʻlib, bu mum karnaum mumi deyiladi.
Mumlar yorugʻlik, yuqori temperaturaga bardoshlidir. Ular yogʻlarga nisbatan yomon
gidrolizlanadi, shu sababli buzilmay uzoq saqlanadi. Oʻsimlik mumlarining ahamiyati oʻsimlik
organlarini koʻp bugʻlanishdan, suvsizlikdan va mikroorganizmlar taʻsiridan saqlashdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: