www.ziyouz.com kutubxonasi
80
Elder yana kuldi:
— Hozir kim ham o‘zini bilimli deb hisoblay oladi, jin ursin? Mayli, keling, tahlil qilamiz. Asosiy
kompaniya bank jarayonlarini Delaverda amalga oshiradi. «Jet-Tex interneshnl» o‘z korxonalarini
takomillashtirish uchun bizdan kreditlar oldi. Bundan tashqari, biz sho‘‘ba kompaniyalar bilan hisob-
kitoblarda vositachi sifatida qatnashamiz. Va, albatta, barcha aktsiya muomalalarida biz vakil sifatida
qatnashamiz...
— Garri, men ba’zi narsalarni aniqlashtirmoqchiman. Bizning ular bilan muomalamizdagi
jarayonlarning umumiy miqdori...
— Biz «Kontinental ekuipment» bo‘yicha ularning qarzini uzdik, — dedi Elder. — Umuman, biz
ularga sakkiz yuz million o‘tkazdik...
Oraga uzoq jimlik cho‘kdi. Elderning so‘nggi so‘zlari ulkan xonani to‘ldirib yuborganday bo‘ldi.
— Vuds! — baqirdi Elder. — Allo, Vuds!
— Rahmat, Garri.
— Bu faqat taqribiy raqam.
— Tushunaman.
— Balki men uni yigirma besh foizga oshirib yuborgandirman.
— Biroq umumiy manzara menga tushunarli, — dedi Palmer. — Hatto siz yigirma besh foizga
oshirib yuborgan bo‘lsangiz ham. Har holda «Jet-Tex» bizning barcha amaliy muomalalarimizning
kamida besh foizini tashkil etadi. Agar siz kam tomonga adashgan bo‘lsangiz ham ularning ulushi bu
jarayonlarning o‘n foizini qoplaydi, shundaymi?
— Ha. Ular bilan amaliyotimizning hajmi taxminan shunday, — rozi bo‘ldi Elder.
— Boshqacha aytganda, ular bizning eng yirik mijozlarimiz.
— Ha, albatta.
— Yana bir bor tashakkur, Garri.
— Foydam tekkanidan xursandman.
Palmer bir muddat interkom tugmachalariga qarab, qimir etmay o‘tirdi. Keyin stol ustidan cho‘zilib,
kechagi kun belgilari qo‘yilgan varaqlarni oldi, ulardan birida qayd qilingan Lumis telefoni raqamini
topdi. So‘ng telefon go‘shagini ko‘tardi-da, ko‘rsatilgan raqamlarini terdi.
— Mister Lumis? — dedi Palmer. — Vuds Palmer gapirayapti.
Go‘shakda keksa kishining ovozi eshitildi:
— Afsuski, mister Lumis shaharda yo‘qlar. U dushanba kuni qaytib keladi. Men uning kotibiman,
janob Palmer. Mister Lumis uchun biror xabar qoldirasizmi?
— Mister Lumisga men telefon qilganimni ayting.
— Xo‘p bo‘ladi.
Palmer go‘shakni qo‘ydi. U kaftlari namiqqanini his qildi. O’zini bosishga urindi. Ayni paytda
shunday bo‘lganidan o‘zida qandaydir yengillik sezdi. Aslida, hozir keksa Lumisga nima deyishini o‘zi
ham bilmasdi.
Palmer o‘rnidan turib, oyna oldiga bordi. U bugun eshitgan ma’lumotlar ustida bosh qotirishga
urindi. Bu yerda nimadir qovushmayapti, o‘yladi u. Lumis o‘z puli saqlanayotgan o‘sha bankka
nisbatan sodiq bo‘lishi kerak edi. Moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lmagan jamg‘arma bankiga esa xolis
bo‘lishi dargumon.
Palmer deraza oldida turib «Plaza» mehmonxonasi yonidagi aylana arg‘imchoqqa qaradi. Doira
aylanib, bir oz oldinga siljidi. Yosh yigit va qiz kelib arg‘imchoqlarning birinchisiga o‘tirgach, u yurib
ketdi.
Qizning kiyimi qizil, sochlari qora edi. Bu Virjiniya Kleri bo‘lsa-chi, o‘yladi Palmer. Lekin shu zahoti
bu fikridan qaytdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |