www.ziyouz.com kutubxonasi
77
o‘girildi. U oyna oldidan istamaygina stol yoniga bordi, «kotiba» deb yozilgan yashil chiroqli tugmani
bosdi.
— Ha?
— Miss Kleri sizni ko‘rmoqchi ekan, mister Palmer.
— Yaxshi. Mayli kirsin.
Palmer stol chetiga o‘tirdi. Miss Kleri uning xonasi bo‘sag‘asidan o‘tdi va odatdagidek eshigini qiya
ochiq qoldirdi. Bugun u to‘qqizil yumshoq jersidan tikilgan ko‘ylakda edi. Bu ko‘ylakda uning ingichka
beli va do‘mboq sonlari yaqqol sezilib turardi.
— Siz so‘ragan materialni olib keldim, — dedi miss Kleri. Uning yuzi Palmerning sinovchan nigohi
ostida qotib qolganday edi. U ayolga hamon diqqat bilan qarab turardi.
— Xayrli tong, — dedi u, gap nima haqidaligini darhol eslolmay. — Qanaqa material? Ha-ya.
Palmer o‘rnidan turib, eshik oldiga bordi-da, uni yopib qo‘ydi.
— Siz buni hech kimga bildirmay tayyorladingizmi? — so‘radi u stol yoniga qaytib borib,
oromkursiga o‘tirarkan.
— Albatta. Bu materialni topishda menga «Star» tahririyatidagi eski bir tanishim yordam berdi.
Miss Kleri qo‘lidagi jildni Palmerga uzatdi, keyin o‘rindiqqa cho‘kib, bir oyog‘ini ikkinchisi ustiga
olmoqchi edi, lekin fikridan qaytib, ikki oyog‘ini juftlab o‘tirdi. Palmer jilddagi qog‘ozlarni varaqlab
chiqdi. Bu Jo Lumis hayoti va faoliyati haqidagi qoralamalar edi.
— Siz o‘zingiz bularni ko‘rib chiqdingizmi? — so‘radi Palmer
— Men ularning tadrijiy izchilligini tekshirib chiqdim, — javob berdi ayol.
Palmer qoshini chimirdi. Miss Kleri bugun o‘zini o‘ta rasmiy tutardi. Go‘yo ularning kechagi
norasmiy tushligi uchun o‘z aybini yuvmoqchi bo‘layotganga o‘xshaydi.
— Bundan biror narsani o‘qidingizmi? — yana so‘radi Palmer.
— Faqat uning amaliy aloqalariga doir materiallarini o‘qidim. So‘ng ularni umumlashtirib, jildga
qistirib qo‘ydim.
— Juda soz.
— Yulduzchalar bilan belgilab qo‘yilgan kompaniyalar — Lumis boshqa qiziqmay qo‘ygan
korxonalar va inqirozga uchragan firmalardir.
— Juda yaxshi, — dedi Palmer.
— Agar siz ushbu varaqni ko‘zdan kechirsangiz, hozirgi paytda Lumisning juda sustligiga ishonch
hosil qilasiz. Unda hozir bor-yo‘g‘i o‘ntacha majburiyat bor, xolos.
— Majburiyatlarning bajarilishida u faol ishtirok etmayaptimi? — so‘radi Palmer.
Miss Kleri «yo‘q» deganday bosh chayqadi.
— Mening tanishimga yaxshi ma’lum va men o‘zim buni boshqa manbalardan tekshirib ko‘rdim,
mister Lumis o‘z diqqat e’tiborini «Jet-Tex interneshnl» faoliyatiga qaratgan.
Palmer tushunarli deganday bosh irg‘ab qo‘ydi:
— O’zini «Jet-Tex»ga baxsh etish — bu sakkizoyoq bilan qo‘l to‘pi o‘ynash deganday gap.
Virjiniya Kleri Palmer oldida turgan qog‘ozlarga ishora qilganday iyagini sal ko‘tardi.
— Agar siz ikkinchi varaqni ko‘zdan kechirsangiz, unda barcha filiallarning to‘la ro‘yxatini topasiz.
Palmer jildni stol ustiga — o‘z oldiga qo‘ydi-da, Virjiniya Kleriga tikilib qaradi.
— Tan olishim kerakki, layoqatli so‘zining asl ma’nosini chinakamiga endi tushunib yetdim.
— Tashkkur, — dedi qisqa qilib miss Kleri.
— Bu oxir-oqibat bizning bevosita majburiyatimizga kirmaydi, — davom etdi Palmer, — men siz
tayyorlagan materialni nazarda tutayapman. Men uni bizning kreditlar bo‘limimiz orqali talab qilishim
kerak edi.
— Agar siz unga bir yarim oy sarflashni lozim topsangiz, albatta, — ta’kidladi miss Kleri.
Ertalabdan beri endi bir-biriga jilmayib qo‘yishdi.
— Lekin men Lumisga bir yarim oydan keyin emas, bugun telefon qilmoqchiman, — dedi Palmer
va firmalar ro‘yxatini ko‘zdan kechira boshladi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |