Bankir (roman). Lesli Uoller
www.ziyouz.com kutubxonasi
1
Lesli UOLLER
BANKIR
Roman
Birinchi bob
Kun oxirida quyosh cho‘g‘day qizardi. U xuddi alanga olib, o‘z olovida yonib ketadiganga o‘xshardi.
Tezda ufqqa yonboshlab, kahrabo nurlari bilan Long-Aylend-Saund bo‘ylab bir-birini quvlayotgan
to‘lqinlar o‘rkachidagi ko‘piklarga sanchildi.
— Shamol avjiga chiqayapti, — dedi Palmer keksa yaxtachiga qarab.
— Tashvishlanadigan joyi yo‘q, — deya javob berdi qariya. Boshqaruvni Palmerga topshirarkan
chaqqonlik bilan arqonni grot-machtaga tortib mahkam bog‘ladi.
Palmer qariyaning qaddini rostlab, boshini sal qiyshaytirgancha shamol shishirgan kema old
yelkanini kuzatayotganiga qarab turardi. Cholning baquvvat tanasi to‘lqinlar tebratayotgan yaxta bilan
birga u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi.
— O’ngga buring, — dedi u Palmerga. — to‘g‘ri sohil minorasiga qarab haydang.
Berkxardt unga umuman qaramayotganini unutgan Palmer bosh irg‘ab qo‘ydi.
«Qariya kun bo‘yi meni kuzatayotganini bildirmadi-ya», — deb qo‘ydi o‘zicha Palmer. Holbuki,
Berkxardt bunday sayrga yagona maqsad — Palmerni shaxsan sinab ko‘rish uchun taklif etgandi.
— Kanalning etagi — Minoradan chapda, — dedi Berkxardt.
U qayrilib qaradi va moviy ko‘zlari Palmerning yuziga tushdi.
— To‘xtash joyiga yuraver, — dedi qariya va yuzini o‘girdi. Endi Berkxardt kema tumshug‘i yelkani
soyasida edi, trubkasini olib unga tamaki joylay boshladi. Shu damda uni dunyodagi hech narsa
qiziqtirmayotgandek edi.
Qirg‘oqdan esayotgan shamol esa borgan sari kuchayib borardi. Palmer yaxtaning silkinib, oldinga
engashganini his qildi. U shoshganicha rulni aylantiradigan dastakni bo‘shatdi, machta asta-sekin tik
holiga qaytdi.
Sohilga yetay deganda yaxtani cho‘ktirib yuborish ajoyib sayru sayohatning muvaffaqiyatli yakuni
bo‘lishi mumkin emas, — degan qarorga keldi Palmer. Agar Berkxardt suzishni istamasa, mayliga,
ixtiyorida ertangi kun bor hali. Harholda, qariya o‘zining shanbalik hordig‘ini buzmoqchi emas.
— Endi anqayma, ko‘zingga qara,— baqirdi Berkxardt. — Rulni o‘ngga bur va haydayver.
Palmer «xo‘p» deganday bosh irg‘adi. U sayrning eng nozik pallasi boshlanganini his etgandi.
Palmer o‘z ishining ahvoli Chikagoda Berkxardt idorasi tomonidan jiddiy tekshirib chiqilganiga shubha
qilmasdi. Uning oilaviy ahvoli ham qariyaga yaxshi ma’lum edi, missis Berkxardt ertalabki nonushta
payti yana qandaydir dalillarni aniqlashga urinib ko‘rdi. Biroq, aynan hozir, xuddi shu daqiqada, uning
shaxsiy fazilatlari o‘rganilmoqda.
— To‘g‘rilab qo‘ya qol! — baqirdi Berkxardt.
Palmer: «xo‘p bo‘ladi, ser» demoqchi bo‘lib og‘iz juftladi-yu, o‘ylab ko‘rib, indamay qo‘ya qoldi. U
rumpelni1 mahkam ushlab, yaxtani to‘g‘ri portga haydadi. Grot-machtadagi yelkan shamolda shishib,
yaxta shiddat bilan olg‘a intildi.
Sohil aniq ko‘rina boshladi. Palmer kuzatuv minorasidagi qizil kalta ishton kiygan dengizchining
qiyofasini aniq ko‘ra boshladi. Yaxta shitob bilan sohilga qarab borardi. Palmer ikkita yo‘l-yo‘l
soyabonni va damlama solni ko‘rdi, lekin kanal etagiga kirish yo‘lini sira ilg‘ay olmadi.
— Kanal etagi minoradan o‘ngdami? — baqirdi Palmer.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |