www.ziyouz.com kutubxonasi
4
Qorong‘i dahlizga kirgach, pixini yorgan bu qari qirchang‘i o‘yinning oxirigacha qartalarini
ocharmikan, deb so‘radi Palmer o‘zidan. Hali savdo bitmasdan turib kelishuvdan xursand ekanini kim
ham tan olardi?
Uy oldida, qora-tillarang yo‘llar bilan bo‘yalgan bostirma ostida, og‘ir marmar taxtali stol atrofida
tartibsiz holda to‘qilgan oromkursilar turar, stol ustida esa sigaretlar va kuldonlar tayyorlab qo‘yilgan
edi.
Palmer hammomga kirib chiqdi, kiyindi va endi oromkursida o‘tirgancha chorboqqa qarab huzur
qilardi. Osmonda kunbotar shafaqlari so‘na boshlagandi. Berkxardt uning yoniga o‘tirdi, trubkasini
tamaki bilan to‘ldirdi-da, cheka boshladi.
Bosh xizmatkor patnis keltirib stolga qo‘ydi va devordagi tugmani bosdi. Yongan chiroq yorug‘ida
Palmer ikki shisha viski, uchta stakan, sifon va muz solingan kumush halqali yog‘och chelakchaga
ko‘zi tushdi.
— Bilasanmi, — dedi Berkxardt, ular o‘z oromkursilarida qulayroq joylashib, bir qultumdan viski
ichganlaridan so‘ng, — odamlar endi har qanday bahonalar bilan to‘s-to‘polon ko‘tarmoqdalar.
Ehtimol, ko‘plar oddiy narsalarni murakkablashtirish uchun nimalar qilayotganini o‘zing ham ko‘rib
turgandirsan.
— Ha, bu yangilik emas, — dedi Palmer qariya nimaga shama qilayotganini tushunishga urinib. —
Men shuni aytmoqchimanki, bizlar avval ham shunga moyil edik, shunday emasmi?
— Bizlar emas, — e’tiroz bildirdi Berkxardt, — ular. Bunday chalkashliklarni chetlab o‘tish bankirga
qiyin bo‘lgani yo‘q deb o‘ylayman.
— Siz agar mavhum g‘oyalarni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, — davom etdi Palmer, — u holda
bunday g‘oyalar oddiy fuqaro uchun juda murakkab ko‘rinadi. Ular avom uchun qanchalar murakkab
ko‘rinishini tasavvur ham qilolmaysiz.
— Men aniq tushunchalar haqida ham gapirayapman. Hamma narsa to‘g‘risida, — o‘ylab gapirdi
Berkxardt. — Uylanish. O’lim. Foyda ko‘rish. Hokimiyat. Ish. Qimmatchilik. Masala, shimni mahkam
ushlab turish uchun kamarmi yoki yelkalar osha tasma taqib yurish ma’qulmi? — mana shunda.
Umuman, ming bir mayda-chuyda. Odamlar hamma sohada pixini yorishdi. Bunday boshboshdoqlik
orasidan o‘tish amri mahol bo‘lib qoldi.
Palmer diqqat bilan Berkxardtga nazar soldi. Qariya nimani nazarda tutayapti deb fahmlashga
urinardi. Keksa bankirning kalta olingan oppoq sochlari boshini xira yoritayotgan chiroq nurida
kumushdan quyilganga o‘xshab ko‘rindi. Uning o‘tkir qirg‘iy burni kichik og‘zi va to‘mtoq iyagi uzra
keskin chiqib turardi.
Palmer viskini simirdi. Ko‘p yillik bo‘lsa kerak, deb o‘yladi u o‘zicha: shishada yorliq yo‘q edi.
— Tushunarli, — ming‘irladi Palmer, garchi hech narsa tushunmagan bo‘lsa ham va birdan o‘zini
yomon ahvolga solganini his qildi. Bu ahvoldan chiqib ketish qiyin edi. Ushbu holat unga otasi oldida
ham qiyin ahvolga tushib qolgan paytlarini eslatdi. Bundan o‘zi ham necha yillar izza bo‘lib yurgandi.
U yana bir qultum viski sipqordi-da, o‘zi uchun kutilmagan bir taxlitda:
— Yo‘q, to‘xtang, — deb qoldi. — O’lay agar, aytgan gaplaringizdan biror narsa tushungan
bo‘lsam! — U kaftlari namiqqanini his qildi. Endi u o‘zini tutib turolmaydi, dilidagi gapini ro‘yirost
aytadi. Axir bir soat oldin o‘z jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham Berkxardtning yaxtasini prichalga olib
kirishdan tap tortmagan edi-ku. O’zi bu qariyada nimadir bor edi va xuddi ana shu narsa Palmerni
uning orqasiga boplab tepki tushirishga undardi. Xuddi otasi bilan bo‘lgani singari o‘zini hamisha
iskanjada tutib turish—yo‘q, Palmer bunga aslo ko‘nmaydi.
Berkxardt kulib yubordi. Shuncha vaqt ichida bu uning birinchi bor kulishi edi.
— Vudi, — dedi u, — oilada kenjatoy bo‘lganingni hisobga olib, otang sen bilan jiddiy
shug‘ullangan deb hisoblayman. Garchi sen, ehtimol, buni qadrlamasang ham. — U qo‘lini silkigan
edi, stakanidagi muz parchalari shiqirlab ketdi.
— Sen o‘zing bizning birinchi bor uchrashganimizni eslaysanmi?
— Chikagodami?
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |