www.ziyouz.com kutubxonasi
177
— Ishon, — dedi Mollett.
— Bank shunchaki odatdagi korporatsiya emas, — tushuntirdi Palmer. — Qachondir — kimdir bank
ustidan nazorat o‘rnatish uchun zarba berishga harakat qilsa, u bu ishni ochiqchasiga qilishni o‘ziga
ep ko‘rmaydi. O’rta biznesga-ku bunday oshkoralik zarar yetkazmasligi mumkin. Ammo uning bankka
hujum boshlanishiga qanchalik xalaqit berishini hamma biladi.
— Oshkora kurash, — tasdiqladi Mollett, — bankni shu qadar xonavayron qilishi mumkinki, yangi
rahbarga bosh og‘rig‘idan boshqa hech narsa qolmaydi.
So‘ng yana oraga sukunat cho‘kdi. Hech kim ularning suhbatiga quloq solmayotganiga ishonch
hosil qilish uchun Palmer xonaga yana bir bor ko‘z yugurtirib chiqdi. Kassir peshtaxtasi oldida charm
kurtka kiygan bir yosh yigit metrdotel bilan gaplashib turardi. Keyin yigit metrdotelga bir konvert
tutqazdi.
— Demak, — keskin ohangda dedi Mollett, — nima bor sizda?
Palmer uning ko‘ziga qaradi:
— Rivojlantirish va to‘ldirishda siz yordam berolmaydigan axborot.
— To‘g‘ri. Agar siz oldimga birinchi bo‘lib kelganingizda, men bir nima qila olishim mumkin bo‘lardi.
Endi esa mening qo‘llarim bog‘liq.
— Lekin tiling emas, — pisanda qilda Virjiniya. — Odob, harqalay, sening zudlik bilan orqaga, o‘sha
dastlabki manbangga yugurib borishingni va unga YuBTKning ishlari besh ekan deb xabar qilishingni
talab etadi.
Yoqqa bulangan omarni maza qilib chaynayotgan odam birdan achinarli holga tushib qolsa, qanday
bo‘ladi? Mollett ham xuddi shu holga tushgandi.
— Boshim qotib qoldi, — dedi u oxiri. — Siz men bilan xufyona gaplashdingiz.
— Rahmat, — javob berdi Palmer. U metrdotelning ular stoli tomon kelayotganini ko‘rdi. — Sizni
YuBTK tomonga og‘dirishning biron usuli bormikan?
— “Star”ning odamini-ya? — so‘radi Virjiniya chuqur hayrat ohangida.
— Bunga bir boshqacha qarab ko‘ring, — dedi Palmer. — Biz qanchalik ko‘p narsa bilsak, kurash
shuncha keskinroq va sizning maqolangiz shuncha qiziqroq bo‘ladi.
— Makiavelli, — dedi Mollett. — Siz, chikagoliklar, qotilning o‘zginasi- sizlar — odam o‘ldirmay
turolmaysizlar.
Metrdotel stol oldiga keldi.
— Mister Palmer kim edi? — so‘radi u Palmerni taniyolmay. Palmer bosh irg‘agach: — E-ha, siz
edingiz-ku. Marhamat, — dedi-da, konvertni unga tutdi.
Bu oppoq skotch bilan bir necha joyidan yelimlab tashlangan konvert bo‘lib, ustida hech qanaqa
yozuv-pozuv yo‘q edi. Palmer uni aylantirib ko‘rdi-da, kimdan kelganini va kimga yuborilganini aniqlay
olmadi. U konvertni ochdi va ichida yassi kalit yopishtirib qo‘yilgan qalin oq qog‘ozni ko‘rdi. Qog‘ozga
qizil qalamda bunday deb yozib qo‘yilgandi: “Olbanida 10 kun. Mehmonim bo‘l”. Palmer ko‘zini
ko‘tardi va Mollett bilan Virjiniya uni kuzatib turishganini ko‘rdi Baxtiga u qog‘ozni kalit ko‘rinmaydigan
qilib ushlab turgan ekan. U xat bilan kalitni cho‘ntagiga tiqdi, bu oqilona bo‘ldimi yo yo‘qmi, o‘ylagani
ham yo‘q, ishqilib ularni ko‘zdan yashirsa bo‘lgani edi. Xatdagi gaplardan na jo‘natuvchini, na
oluvchini bilib bo‘lardi.
Palmerning ko‘nglidan beixtiyor shunday o‘y kechdi: Mak Berns josuslikda ishlasa qalay bo‘larkin?
Hoynahoy, yomon bo‘lmasdi.
U suhbatdoshlariga jilmayib qo‘ydi.
— Qotil tabiatli odamlar, — asta dedi u, — jug‘rofiy chegarani bilmaydilar.
— Ya’ni? — so‘radi Mollett.
— Kelib chiqishi qaerdanligining ahamiyati yo‘q. Bu yog‘ini so‘rasangiz, Jo Lumis, agar
yanglishmasam, Ogayodan.
Mollettning tugmadekkina og‘zi xiyol titradi:
— O’-ha.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |