www.ziyouz.com kutubxonasi
174
chiqaruvchilar omonat banklarini afzal deb topdilar. Agar biz Tammani yordamida bir qancha
nyuyorklikni o‘z o‘rdamizga avrab kiritib olsak, bu o‘g‘rilik bo‘ladimi?
— Bu Tammanining qaysi yo‘l bilan sizga yordam ko‘rsatishiga bog‘liq.
— Bu endi Tammanining ishi.
— Ana-ana, — tilidan tutdi uni Mollett, — mening bir qora tanli do‘stim aytganiday, ayni ilmoqli
joyga keldik. Siz qanday yo‘l bilan foydalanishingizga javobgar emassiz deb Tammanini pul bilan
ta’minlayapsiz.
— Bunga pulning nima daxli bor? Biz Bernsga durustgina gonorar to‘layapmiz. Biroq bu gonorar
bitta-yarimta qonun chiqaruvchini sotib olishga yetishi amri mahol.
— Siz hech qachon... — Mollett jim bo‘lib qoldi va boshini chayqadi. — Albatta, yo‘q. Boshqa hech
kim ham. Men bir narsani so‘ramoqchi edim: siz qachon bo‘lsa ham Makning shaxsiy kirim-chiqim
daftarini ko‘rganmisiz? O’ylashimcha, u uni hatto onasiga ham ko‘rsatmasa kerak. Biroq bordi-yu,
agar unga ko‘zingiz tushgudek bo‘lganda, Makning baliqday sukut saqlashga qodir sherigi bor
ekanidan xabardor bo‘lgan bo‘lar edingiz. Bu indamas, ko‘rinmas, mavjud emas sherik Makning
daromadlaridan kattagina bo‘lakni o‘ziga oladi. Hech kim hech qachon buni isbotlay olmaydi, biroq
ismi boru jismi yo‘q bu sherik — Viktor Salvatore Kalxeyndir.
Palmer yelka qisib qo‘ydi.
— Sizning shunday o‘ylashga haqqingiz bor. Biroq bu narsa nima uchun Mak Bernsdan boshqa
biron odamni tashvishga solishi kerak?
— Sizni hayron qoldirishning o‘zi bo‘lmaydi, a? — hayajon bilan dedi Mollett. — Siz xalq saylagan
vakillar ovozini sotib ola bilishi uchun kimga pul berish g‘oyasida nojo‘ya hech qanaqa narsa
topmaysizmi?
— Albatta, — unga qo‘shildi Palmer. — Bunda ham, urushda ham, ocharchilikda ham, vaboda ham
qandaydir juda ham nojo‘ya bir narsa bor. Lekin bular bari hayotiy hodisalardir. Nojo‘ya, ammo bor
narsalar.
— YuBTK so‘nggi vaqtlarda, — kuruq javob qildi Mollett, — biron-bir urushni, ocharchilikni yoki
o‘latni moliya bilan ta’minlaganini eshitmaganman.
— Tammanini ham moliya bilan ta’minlamaymiz. Agar bilishni xohlasangiz, — davom etdi Palmer
bir tekis va hayajonsiz gapirishga harakat qilib, — omonat banklari Mak Bernsni yollamoqchi
bo‘lishgan, lekin biz uni ushlab qoldik.
Mollett jim edi. U ofitsiantdan viskili yangi stakan oldi va o‘zining to‘mtoq ko‘rsatkich barmog‘i bilan
uni dasturxonda oldinga va orqaga sura boshladi. Oxiri u ko‘zini ko‘tardi — uning sinchkov nigohi bir
necha marta Virjiniyadan Palmerga sakradi.
— Bu juda qiziq, — past ovozda dedi u oxiri.
— Nima uchun?
Mollett bir necha bor boshini chayqadi:
— Intervyu olishga izn bering.
— Aftidan, bu yangilik sizni lol qoldirdi, shekilli?
— Yo‘q, shunchaki qiziqtirib qo‘ydi. — Mollett qo‘lini Virjiniya qo‘lining ustiga qo‘ydi. — Seni ham
bu narsa nahotki qiziqtirmasa, Jinniy?
— Xo‘p, davom et, Jorj, aylantirma. — U ikkinchi qo‘lini Mollettning qo‘li ustiga tashladi. — Agar
biron narsa biladigan bo‘lsang, do‘st bo‘l.
Reportyor yana boshini bir yonga solintirdi.
— Eshitdingiz-a, — dedi u Palmerga, — “Biron narsa biladigan bo‘lsang, bo‘l. Men bundan
durustrog‘ini topib aytolmagan bo‘lardim”.
Palmer uzoq sukutga cho‘mdi. U bir taxminni aytish va shu bilan Mollettning ishonchini qozonish
uchun eng qulay payt kelganini tushunib turardi. Biroq taxmin shaklida bo‘lsa hamki, bunday izhor
xavfli edi. Qulay payt kelganda u birinchi bo‘lib e’lon qilmasligi sharti bilangina bunday sirni Mollettga
ishonsa bo‘lardi. Biroq Palmer bunday shart qo‘yish uchun vaziyatni yaxshi bilmasligini tushunardi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |