www.ziyouz.com kutubxonasi
171
Yoqimsiz hidni haydaganday, Mollett qo‘lini sermadi.
— O’tgan hafta bu yigitcha yolg‘on birja ma’lumotlari bilan meni yomon tuzladi. — U oldinga
engashdi, tirsaklarini stolga qo‘ydi, ovozini pasaytirdi: — Jinnining ham xayoliga kelmaydigan gaplar.
Emishki, dividendlar oshishi e’lon qilinarmish, aktsiyalar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketarmish. Emishki, ikki
hafta ichida daromadlar ikki baravar ko‘payarmish. Halizamon 80 million dollarga hukumat
shartnomasi e’lon qilinarmish va shunga o‘xshagan safsatalar. Eshitib, soching tikka bo‘ldi.
— Sen sotib olmagandirsan? — so‘radi Virjiniya.
Mollett boshini chayqadi va jilmaydi:
— Azizam, agar men umuman qachondir aktsiya sotib oladigan bo‘lsam, har qanday odamdan
maslahat so‘rasam ham Mak Bernsdan so‘ramasman. U buni gazetamizda yozib chiqishimga umid
qilgandi. Maqola esa aktsiyalar narxini ko‘tarish uchun kerak edi. Oddiy o‘yin. Bundan kulgili narsa
bo‘lmasa kerak. — U basharasini burishtirdi.
— Bunaqasi hech qachon bo‘lmagan, — juda jiddiy ohangda dedi Virjiniya, — Nyu-York jurnalizmi
tarixida uchramagan voqea.
— Hah! Ammo biz “Star”doshlar bunaqa voqealarga ilakishmaslikka harakat qilamiz.
— Boshqa gazetalardagi ucharlar shunaqa narsalar bilan shug‘ullanadilar, to‘g‘rimi, Jorj?
Jorj juvonga qovog‘i ostidan qarab qo‘ydi-da, Palmerga yuzlandi:
— Siz ajabtovur bir narsaga ega bo‘ldingiz. U bankni egallamasdan qo‘ymaydi.
Palmer ofitsiantga ichimliklar buyurdi.
— Kimdir baribir shuni qiladi, — dedi u. Mollettning ko‘zlari birdaniga dum-dumaloq bo‘lib qoldi va
Palmerga tikildi:
— Tushunmadim.
Palmer boshini chayqadi va Virjiniyaga murojaat qildi:
— Mak nima deb ta’riflagandi? Qo‘rqoqlikmi?
— Soat birda u Olbaniga uchib ketayapti.
— Makning bo‘lgani shu, — tasdiqladi Mollett. — Aerodromga yetib olish, ikki motorli shaloq
mashinada uchish, keyin esa aerodromdan shahar markaziga yetib olish uchun ketadigan vaqtiga,
o‘sha yoqqa poezdda ham yetib olsa bo‘lardi-ku. Lekin Mak o‘laqolsa bunday qilmaydi.
— Tezlikning o‘zi, — dedi Palmer, — goho tezlik haqidagi xayolchalik bo‘lmaydi.
— Xayol esa, — qo‘shimcha qildi Mollett, — agar siz Mak Berns bo‘lsangiz, voqelikdan ko‘ra ancha
muhimroq.
Oraga chuqur sukunat cho‘kdi. Sukunatga g‘arq bo‘lib ketayotganini his qilgan Palmer dedi:
— Qiziq, modomiki siz Mak haqida shunday fikrda ekansiz, u siz bilan bugun qanday qilib ham
birga ovqatlanardi?
Mollett to‘rtburchak barmog‘i bilan Palmerni ko‘rsatib, o‘zining chiyildoq dadil ovozida dedi:
— Mening bu yerdaligim — sizni ko‘rish uchun, bas. To‘g‘risini aytsam, Mekki Nojning Olbaniga
uchib ketganidan o‘zimda yo‘q xursandman.
Viski keltirishdi. Palmer o‘z stakanini ko‘tardi.
— Dushman o‘rdasidagi sarosimalik uchun!
Mollett shirin jilmaydi:
— U kim bo‘lishidan qat’i nazar!
— Sizga nimani so‘zlab berishim mumkin? — so‘radi Palmer.
— Siz bir narsani hisobga olishingiz kerak, — gap boshladi Mollett, — bank ishlari bilan
shug‘ullanadigan yigitchamiz ta’tilda. Mening soham boshqa. Hozir men sizdan intervyu olish
vazifasini bajarayapman, xolos. Yonimda bir necha ming savoldan iborat uncha katta bo‘lmagan
ro‘yxat bor.
— Qaysi mavzuda?
— Omonat banklari bo‘limlari haqidagi taklifni qanday qilib barbod qilmoqchisiz?
— Matbuot uchunmi?
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |