www.ziyouz.com kutubxonasi
167
haqiqatan ham hayratomuz darajada hisob-kitob qilingan. Bolalar xonasi soat uchga tayyor bo‘lishi
kerak. Biznikilar sabr qilib turishadi.
— O’zing bolalardan ortmasang ham kerak.
— Turgan gap. — U yarim burildi, lekin eriga qaramadi. Muzlatgich ichidan chiqib turgan nurda
uning qomati maftunkor aks etib turardi — mo‘‘jazgina siynalari do‘ppaygan, qorni shu qadar yassiki,
belidagi kamar to‘g‘asi ortiqcha buyumday ko‘rinib qolgan.
— Boshqalarning ishlashlarini tomosha qilamiz deb oyoq ostida o‘ralashib yurishlarini
xohlamayman — busiz ham ular deyarli hech narsa qilishmayapti, — qo‘shimcha qildi Palmer.
— Ular band bo‘lishadi. — Xotini jimib qoldi. — Ertaga soat nechada kutay seni?
— Soat... —Palmer ham jimib qoldi. — Anig‘ini bilmayman. Agar istasang, ertaroq kelishim
mumkin, bir amallab.
— Bir amallab kelsang, yaxshi bo‘lardi, harqalay.
Palmer bosh irg‘adi va shu zahoti xotini uning harakatini payqay olmasligini angladi, chunki u
hamon unga qaramayotgan edi.
— Menga biron-bir maxsus topshiriq bormi?
— Bilasan-ku, ertaga ertalab missis Keyj keladi.
— Ertaga keladimi?
— Soat 12 da u Aydluayldda bo‘lishi kerak. Men unga to‘g‘ri uyga taksi ol deb aytdim. Agar
uchalamiz oqshomni shunga bag‘ishlasak, kitoblarni taxlar, suvratlarni osar va ko‘rimli bo‘lishi uchun
turli uslubdagi mebelni joylashtirar edik.
Palmer asta oh tortib qo‘ydi:
— Butun oqshom suvratlarni osish. Zo‘r-ku.
— Osmaymiz. Nahotki osish ustasi bo‘lmagan odamga men bu ishni shundoq ishonib topshirib
qo‘yaversam.
— Sening mutaxassislarcha ishlab chiqqan rejang barcha san’at asarlarini osishni ko‘zda
tutmaganmi hali? — so‘radi Palmer. Gapini oxiriga yetkazmayoq u so‘zlaridagi oshkora sarkashlikni
o‘zi ham aniq his etdi. — Aytmoqchi edimki, — shoshib gapini to‘g‘riladi Palmer, — shift chiroqlari
nahotki o‘rnatilmagan bo‘lsa?
Bu gal ayol burilib unga qaradi. Yorug‘ uning orqasidan tushib turgani bois, Palmer xotinining
yuzidagi ifodani o‘qib ololmayotgandi.
— Vuds, — xotirjam ohangda dedi Edis, — chiroqlar ko‘chma, ularni istagan vaqtda istagan joyga
to‘g‘rilasa bo‘laveradi.
— Men, men unday...
— Hechqisi yo‘q, — uning so‘zini bo‘ldi xotini. Qandaydir chorasiz harakatni boshlab, ayolning
qo‘llari yuqoriga ko‘tarildi va o‘sha zahoti qotib qoldi. — Hechqisi yo‘q. — Edis orqasi bilan unga
o‘girildi va tag‘in muzlatkichga tikildi. — Lekin iltimos, uyga tushlikka kelishga harakat qil. Bu bizning
yangi uyimizdagi birinchi tushligimiz bo‘ladi.
— Albatta.
Yana biron narsa aytar deb o‘ylab, Palmer kutib turdi. Lekin xotini jim edi. Shunda Palmer bironta
jo‘yali gap topib, suhbatlariga ko‘ngilli xotima yasashni o‘ylay boshladi. Xotiniga qarab turib, u
birdaniga Edisning qattiq jahli chiqqanini angladi, aks holda uning muzlatkich eshigini bu taxlit uzoq
ochiq tutib turishini boshqa nima bilan izohlash mumkin? Edisning bilmagan narsasi yo‘q desa
bo‘lardi; onasi va oqsoch xotindan ham u odatdagi, Uellesli kollejidan ham odatdagi bilim va
uquvlarni olgan edi. Biroq Palmer uning o‘ziga xos va mos bo‘lmagan ma’lumotlarni qaerdan
olganligini bilolmay boshi qotgani-qotgan edi. Edis, masalan, elektrga oid haddan tashqari ko‘p
narsalarni bilardi. O’ziga tanish bo‘lgan ayollar ichida elektr pechkasi, changyutkich va torsherni bitta
rozetkaga tiqib bo‘lmasligini, aks holda qisqa tutashuv ro‘y berishini birgina u bilar edi. Muzlatkichda
haroratning muayyan darajasini tiklash uchun qancha vaqt ketishini ham bilardi. Shunday bo‘lishiga
qaramay, mana, necha daqiqadirki, muzlatkich hamon ochiq turardi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |