www.ziyouz.com kutubxonasi
168
— Borib ishimni tugatib qo‘yay, — dedi Palmer.
— Yaxshi. — Xotini soatiga qaradi. — Birozdan keyin yotsak ham bo‘ladi.
— Men tezroq bo‘lishga harakat qilaman.
— Durust.
Palmer burildi-da, bu yerga nega kelganini eslab, to‘xtadi.
— Menga qara, — asta dedi u, — sen rosa charchagan bo‘lishing kerak. Hozir borib yotsang nima
qilibdi?
— Hozir yotaman.
— Oxirgi ikki oy rostdanam og‘ir bo‘ldi.
Yupqa oq bluzka ostidan Palmer salqi taqilgan kamar uzra uning belini ko‘rdi. Go‘yo umurtqasi bir
xil holatda mahkamlanib qo‘yganday Edis qiyshiq harakat bilan xiyol o‘girildi.
— Ha, — bosiq ohangda javob berdi u pastga, yerga qaraganicha.
— Men sening rejang va sening rahbarliging ostida nimalar qilingan bo‘lsa, hammasini nazarda
tutayapman, — davom etdi Palmer. — Bu katta ish edi. Hammasi deyarli oxiriga yetib, sening
qanchalik baxtiyor ekaningni tasavvur qilayapman.
— Ha.
— Bu yoqqa qara, men... — Palmer jim bo‘lib qoldi va xotini ko‘rmayotganidan xursand bo‘lib,
pastki labini yalab qo‘ydi. — Men ilgari sira aytmagandim. Ammo hammasi uchun sendan juda-juda
minnatdorman.
Ayol bosh irg‘ab qo‘ydi. Uning nigohi hamon yerda edi.
— Men buni bilaman, — dedi nihoyat u.
— Buni qaerdan bilishingga aqlim yetmaydi, — dedi er yarim hazil tariqasida gapirishga urinib, —
axir o‘z minnatdorligimni izhor etishga juda no‘noqman-da.
Edis boshini chayqab qo‘ydi:
— Bunday emas. Faqat sen mantiqan fikrlovchi odamsan. Har qanday mantiqan fikrlovchi odam
esa sen nimani ko‘rsang shuni ko‘rib turadi. Va minnatdorlikni ham... — Ayol jim bo‘lib qoldi. Palmer
uning lablari bir lahzada unsiz qimirlaganini ko‘rdi, — his qiladi, — gapini tugatdi Edis.
— Men his qilaman, juda chuqur minnatdorlik tuyg‘usini his qilaman va men... — o‘z fikrini
so‘zlarsiz ifoda etishga harakat qilib, u qo‘lini siltab qo‘ydi.
— Va bu moddani o‘z hisobotingga kiritmoqchi bo‘lgansan, — dedi ayol eri uchun.
— Taxminan shunday.
Edisning nigohi yuqoriga va biroz chetga, Palmerning yuziga sirpanib bordi.
— Hisobot berish sen uchun juda ham muhim, Vuds. Bankir uchun bu eng asosiy narsa, shunday
emasmi?
— Qaysidir darajada, ha.
— Hisobot, — takrorladi xotini unga qarashda davom etarkan, — bu, aslida, yakun chiqarish. Men,
haligi... yillik balansni nazarda tutayapman. Sizlarda buni nima deydi? Yakuniy chiziqmi?
— Yakuniy chiziq. Ha.
— Yakuniy chiziqdan tashqari deyarli hech qanday ahamiyatga ega emas, — xotini shu qadar past
ovozda gapirar ediki, yaxshiroq eshitish uchun Palmer hatto engashishga majbur bo‘ldi. — U ishga
xotima yasaydi. Bungacha hamma narsa bo‘lishi mumkin: yaxshi ham, yomon ham, ajoyibi ham,
azob-uqubati ham — har qanaqasi. Yakuniy chiziq qora siyohda tortildimi, demak hammasi joyida.
— Ana, xolos... — Palmer hissiyotining birmuncha muddat havoda osilib turishiga izn berdi, chunki
garchi xotinining adovatini yaqqol his etib turgan bo‘lsa-da, uning nimaga shama qilayotgani tagiga
yetolmayotgandi. — Men hech qachon debet va kreditni bu qadar zavq bilan izohlashganini
eshitmaganman, ammo sen haqsan deb qo‘rqaman. Yakuniy chiziq — faqat shu ahamiyatga ega.
— Bundan ham muhimrog‘i shundaki, u kreditni ko‘rsatib tursa.
— Ha.
Xotini bosh irg‘ab qo‘ydi:
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |