www.ziyouz.com kutubxonasi
176
— Menmi? — Mollett ofitsiant unga taqmoqchi bo‘lgan oshxo‘rakni yulib tashladi. — Halol Makka
shunday qilar ekanmanmi? — U ofitsiantning uzoqlashuvini kuzatib turardi. — Turli-tuman shubhali
tadbirlarning siyosiy tashkilotchisi ishonchini qozonuvchi sifatida, — dedi u omarga chaqqon va dadil
hujum qilar ekan, — men uning ikki jabhaga ishlashni qoyilmaqom qilib o‘rganganini ko‘rdim, xolos.
— Mollett omarning uzun bir bo‘lagini ko‘tardi, uni qizdirilgan yoqqa buladi va og‘ziga jo‘natdi. Uning
nigohi tezgina Palmerning yuziga sapchidi. — Siz bir narsa dedingizmi? — so‘radi u.
— Ezilib ketdim, xolos, — javob berdi Palmer o‘zining bifshteksiga pichoq urar ekan. Chala
qovurilish o‘rniga go‘sht tashqi tomonidan bukib qo‘ya qolingan, ichi esa xomligicha qolavergandi. —
Mana sizga kerak bo‘lsa, — shikoyatomuz dedi u.
— Yeb bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, — dedi Virjiniya. — Bugun juma, men baliq taomlari tartibiga
rioya qilaman.
— Aqli joyida bo‘lgan odam buni chala qovurilgan deb ayta oladimi?
— Judayam chala qovurishibdi-da, — unga qo‘shildi Mollett. — Qaytarib yubora qoling.
Palmer boshini chayqadi va bifshteksning yesa bo‘ladigan qismlarini kovlashtira ketdi.
— Siz bizga javob bermadingiz hali, yangilik ustida ishlash uchun u sizni ko‘ngildagidek
qiziqtiradimi?
Mollett luqmani chaynashda davom etardi.
— Buni tushuntirish qiyinroq. Aslida, padariga qusur, deyarli iloji yo‘q.
— Hech qiziqib ko‘rmaganmisiz?
— Unda...
Omarning navbatdagi bo‘lagini ajratar ekan, Mollett lablarini qattiq qimtidi.
— Buni tushuntirish kerakligiga unchalik ishonmay turibman, — javob berdi u.
Virjiniya sanchqini qo‘ydi.
— E, yo‘q. Bo‘lishi mumkin emas.
Mollett bosh irg‘adi:
— Mumkin.
Virjiniya Palmerga yuzlandi.
— Bu nusxaning gapiga qaraganda, — juvon ovozini pasaytirdi, — kimdir unga bu yangilikni
allaqachon yetkazgan. Boshqa tomondan birov.
Palmer kavshanishdan to‘xtadi. U o‘zini stul suyanchig‘iga tashladi, ko‘zlari reportyorga tikildi. Bir
lahza o‘tib u go‘sht luqmasini yutdi, biroq boshqasini kesib olishga shoshilmadi.
— Unda, — dedi u oxiri, — nima uchun buni mendan eshitganingizda siz hayratdan yoqa
ushladingiz?
— Meni ishontirib aytishgandiki, birinchidan, YuBTK da hech kim hech narsadan shubhalanmaydi
va, ikkinchidan, to oybolta tushmaguncha... ular hech nimadan shubhalanishmaydi.
— Men o‘zim haqimdagi birovlarning fikriga unchalik mazaxo‘rak bo‘lganim yo‘q.
— Bu ikki oyoqda yuradigan hasharot bor-ku, Berkxardt, shu odam haqidagi ularning fikri, — javob
berdi Mollett. — Ko‘rayapsizmi, men bu ma’lumotlarni siz Nyu-Yorkka kelmasingizdan avval olgan
edim.
Palmer bosh irg‘adi:
— Ish anchadan beri davom etib kelayotganini bilardim. Nima deb o‘ylaysiz, ular nechta aktsiya
to‘plashdi ekan?
Mollett qoshini chimirdi va omarni yoqqa buladi.
— Yana esingizdan chiqdi. Menga sir qilib aytishgan.
— Jorj, — dedi Virjiniya, — sen qanaqa do‘stsan o‘zi? — Reportyor indamay ovqat yeyotgani uchun
u gapida davom etdi: — Mening bir narsaga hech aqlim yetmayapti, nega hamma narsa shu qadar
sirli, a? Rahbarlik kursisi uchun boshqa janglar ochiq-oshkora bo‘ladi. Vakolat uchun kurash.
Gazetalardagi shov-shuvli sirlavhalar. Bu esa shunchalik maxfiylashtirilganki, haligacha uning borligiga
ishonmayman.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |