Masofaviy va an’anaviy talim haqida
Agar ta’lim-tarbiya, bilim olishga intilish, tafakkur rivoji uchun izlanish bo‘lmaganida insoniyat o‘zining hozirgi taraqqiyotiga erisha olmagan bo‘lardi. Bugun butun dunyo xalqlari salomatligiga jiddiy tahdid solgan koronavirus bilan bog‘liq vaziyat oldida inson aqli ojiz qolayotgani hech kimga sir emas. Bu esa bizga bir haqiqatni anglatmoqdaki, odamzod butun borliq sirlarini o‘rganishi uchun hali ko‘p izlanishi kerak. Asosiy vazifa esa mazkur global muammo farzandlar ta’lim-tarbiyasi yo‘liga to‘siq bo‘la olmasligini ta’minlashdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning shu yil 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Biz keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak” dedi, sohadagi islohotlarga alohida to‘xtalib, o‘qituvchilar ishini yengillashtirish uchun kelgusi yilda ta’limni raqamlashtirish ishlarini yakunlab, “Onlayn maktab”, “Raqamli va xavfsiz maktab”, “Elektron darslik”, “Elektron kundalik” kabi tizimlar joriy etilishini, 2020-yil oxirigacha maktablarni keng qamrovli internet tarmog‘iga ulash 100 foizga yetkazilishi haqida ta’kidladi.
Joriy yilning avgust oyida Xalq ta’limi vazirligi ota-onalar o‘rtasida bolalarning qaysi shaklda o‘qishini aniqlash uchun so‘rov o‘tkazildi. Ota-onalar ixtiyori bilan tanlangan ikki usuldagi ta’lim-tarbiya jarayoni shu yilning 14-sentabridan boshlandi.
Savol tug‘iladi: masofaviy o‘qitish tizimi bilan an’anaviy o‘qitish tizimi o‘zaro raqobatdami yoki bir-birini to‘ldiryaptimi? Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, o‘quvchilar masofaviy va an’anaviy tarzda o‘qitilyapti. Bu ikki usulning yutuq va kamchiliklariga e’tibor qarataylik.
Masofaviy darslar faqat o‘quvchilarga yordam beryapti, deb aytolmaymiz. Pandemiya sharoitida ota-onalarning aksariyati masofaviy darslarda bilvosita ishtirok etishga majbur bo‘lyaptilar. Mavzuni tushunmay qolgan bola avvalo ota-onasiga savol beradi. Ba’zi qiyin savollarga javob berishga majburligini his etgan ota-ona, albatta, televizordagi darslarni bola bilan birga ko‘rishga majbur bo‘ladi. Shuningdek, masofaviy darslar respublikamiz o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun ko‘rgazma, mahorat darslari vazifasini o‘tayapti. Masofaviy darslar tufayli o‘qituvchi va ota-ona muloqoti faollashdi. Pandemiya sharoiti tufayli o‘qituvchi, o‘quvchi, ota-ona, maktabdan tashkil topgan to‘rtburchak burchak birlashdi. Nihoyat!
Shuningdek, uzoq-yaqindagi o‘quvchilar poytaxtdagi tengdoshi kabi yuqori malakali o‘qituvchidan dars olmoqdalar. Maktabda dars olgan bola televizor orqali bilimini mustahkamlashi, to‘ldirishi mumkin bo‘ladi. Uydagi bola tushunmasa, maktabdagi o‘qituvchi bilan bemalol bog‘lanishi mumkin. O‘qituvchi har ikki shakldagi ta’limga birdek mas’uldir. Bu omillar ta’limning har ikki shakli bir-birini to‘ldirayotganidan darak beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |