Qimmatoy Abdumutalibova Zafarbek qizi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti
Mumtoz tillar yo‘nalishi 3-kurs talabasi
“Donolar o`tdilar – safari uzoq,
Quyoshday botdilar – manzili tuproq”
Oybek
Tangri taolo har bir xalqni o`zligini yo`qotmasligi uchun har vaqt bir olim-u fuzalo – yo`lboshchi shams bilan siylar ekan. Afsuski, doim ham bu anglanmaydi. “Manzil tuproq” etilgach millat shamslari qadr topganiga tariximiz guvohlikdadir. Ammo oltin hech qachon zanglamaydi – ularning nurlari vaqt silsilasini-da yengib o`tguvchidir. Bugun biz mustaqilligimiz haqida quvonchga to`lib gapirar ekanmiz, bu kunni ko`rish istagida bo`lganlarning orzulari ro`yosi uchun harakatlarini yodlamoq burchimiz ekanligini ham unutmaslik joiz.
Xalqni bo`ysundurish uchun “til, din, madaniyatni yo`qotish” qabilida ish olib borayotgan Chor Rossiyasi ta`siridan ko`hna Turkistonni ozod etishga qaratilgan huriyat sabolari – milliy uyg`onish harakatining sa`yi barchamiz uchun ulkan tarixiy saboqdir. Mustamlakaning xalqni ma`rifatsizlik chohiga yetaklayotgan bu siyosatini anglab yetgan ziyolilarimiz jamiyat hayotiga zamon talabiga javob bermayotgan eski usullar o`rniga yangiliklarni olib kirib, o`lkani taraqqiyot sari yo`llay boshladilar. Shu yangiliklar o`laroq “jadid” deya nom chiqargan uyg`onish harakati ongi tuban fikrlar bilan band xalqni yangi dunyoda o`z o`rnini toptirishga bel bog`lagandi. Yangi dunyoga ilk qadamlar esa albatta, zamonaviy ilmlar bilan boshlanar edi. Jadidlarimizning maqsadi ham xalqni ziyoga chorlash bo`ldi. Abdulla Avloniy, Cho`lpon, Fitrat kabi ziyolilarning tashabbuslari bilan “usuli jadid” orqali ochilgan maktablar, kutubxona-yu jamiyatlar o`z natijalarini asta ko`rsatdi ham. Bu uyg`onish harakatining avvalida esa Mahmudxo`ja Behbudiy turardi.
Milliy uyg`onish harakatining ilk tamal toshini qo`ygan, ma`rifatparvar, chin ma`nodagi “jadidchilar otasi” Mahmudxo`ja Behbudiyning bu yo`nalishda ko`rsatgan jasorati hanuz yodlarda mangudir. Yoki Laziz Azizzodaning ta`rifi bilan aytganda: “Uning qimmati tarixning ma`lum bir bosqichida va tarixiy rivojlanishda qilgan xizmati uchundir. Behbudiyning xizmati franskzlarning Jan Jak Russolari, ruslarning Lomonosov, Chernishevskiy, Dobrolyubovlari, kavkaz turklarining Fathali Oxundov va Najafbek Vazirovlari, tatarlarning Sh.Marjoniy va Q.Nosiriysi ila birdir. O`zbek ilmiy adabiyoti ham Behbudiy bilan boshlanib, yangi bir yo`lga kira boshladi. Behbudiy eng avval Turkistonning chor hukumati qo`lidan qutqarish g`oyasini elga talqin qiluvchilardan, aholining ezilganligini birinchi sezganlardan va bu haqda turli usta yo`llar ila xalqni istiqbol kurashiga chaqirganlardandir. Turkistonning uyg`onish davrini uch qismga – maorif, matbuot va jamiyatga bo`lib, shu davr rahbarlarini tekshira boshlasak, bu harakatning boshida Behbudiy turganligini ko`ramiz”1. Ushbu keltirilgan ta`rif-u tahsinlar orqali Bebudiy shaxsini birmuncha anglash mumkin. “Ismlar osmondan tushadi” deyilgan edi “Farhod va Shirin” dostonida. “Behbud” so`zining ma`nosiga e`tibor qaratsak ko`ramizki bu so`z “yaxshilik”, “sog`lomlik”, “foyda”, “najot”2 ni anglatadi. Allomaning esa bu nomga mutlaqo mos ekanligini uning qilgan ishlari ayon qilmoqda. Behbudiyning barchamiz uchun tarbiya bo`ladigan “Haq olinur - berilmas” hikmatida esa uning ezilgan xalq uchun kurashga bo`lgan g`ayrati namoyon. Bu g`ayrat isboti sifatida 1907-yili Rossiya 3-Davlat Dumasining Musulmon fraksiyasiga “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasining ko`rib chiqilishi uchun yuborishini ayta olamiz. Loyihaning yuborilishi Behbudiyning mustaqillik uchun boshlagan ilk qadamlari bo`lbgina qolmay, ulkan jasorati belgisi edi. Shuning o`zi uning siyosiy arbob ekanligidan dalolat ham. Ayniqsa, loyihaning 18-moddasida keltirlgan maktablarning xususiylashtirilishi hamda Chor Rossiyasining Turkiston ichki ishlariga aralashmasligi lozimligi haqidagi bo`limlar alohida diqqatga sazovor. Ko`rinadiki, bu loyiha Turkiston uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin edi va bu to`g`ridan to`g`ri mustaqillik uchun boshlangan harakat hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu loyihada ta`lim uchun alohida bandlar keltirilganligi jadidchilik harakatida ilmga bo`lgan e`tiborning qanchalik muhimligini ko`ramiz. Behbudiy tomonidan 1908-yil 11-sentabr ochilgan “Behbudiya” kutubxonasi loyihada keltirilgan ayrim boblarning allaqachon boshlab yuborilgan amaliyotdagi aksi edi. Bu kutubxonaning ochilishi uchun tuzilgan “o`n ikki nafar muhtaram kishilar”3 hamjihatligidagi jamiyat, shuning bilan birga ularning 27 bobdan iborat dastur va nizomining Samarqand shahri harbiy gubernatoriga jo`natilishi hamda tasdiqlanishi ilk muvaffaqiyatlardan bo`lgan. Ushbu kutubxona o`zidagi 600 dan ortiq kitob,risola va gazeta-jurnallar orqali 2000 nafarga yaqin kishilarni mutolaa zavqidan bahramand bo`lishga xizmat qilgan. Jadid maktablarining ochilishidagi tashabbuslar bilan birgalikda ularning rivoji uchun ishlab chiqilgan darslik va kitoblar Behbudiyning ilm-ma`rifat targ`ibotchisi ekanligini isbotlaydi. Ilmga bo`lgan cheksiz hurmatini ham uning qilgan ishlarida, ham merosi bo`lgan adabiy ijodida ko`rishimiz mumkin. Xususan, uning “Padarkush” dramasi o`zining o`zbek adabiyotining birinchi pyesasi ekanligi bilan mashhur bo`libgina qolmay, ilm-ma`rifatning inson hayotidagi muhimlik darajasi qisqa va oddiy holda bayon etilganligi bilan ham diqqarga sazovor.
“Padarkush” yoxud o`qimagan bolaning holi” asari tarix sahnasidagi yana bir padar qotili haqida so`z yuritadi. Biroq bu qotillik boshqalaridek na boylik va na taj-u taxt sababli emas. Buning sababi etib “betarbiyalik va ilmsizlik”4 aytiladi va mana shuning o`zi bilan butun dunyodagi bo`layotgan razilliklar asosi ekanligi ham ta`kidlanadi. Adib bu asari orqali tom ma`noda o`zining xalqqa murojaatini aks ettirdi deya olamiz. Ushbu asar o`z o`rnida “Turkiston maishatidan olingan ibratnoma” hamda Behbudiy qalbining tubida xalqiga bo`lgan mehr, uning ma`rifatsizligidan chekilayotgan cheksiz qayg`u hamdir. Darhaqiqat, “o`qumoq qarz va ilm sababi izzati dunyo va shafoati oxiratdur”5. Shuningdek, “o`qumoq barcha musulmong`a, erkak va yo xotun bo`lsun, farz edi”6. Bu so`zlarni asar qahramonlari tilidan aytar ekan, Behbudiy xalqning ilmli bo`lishi haqidagi istaklarining qanchalar cheksizligini ham yashirmagan. “Ilm va hunarsiz dini ham zaif bo`lur”7 ligini anglagan adib “olimi diniy va olimiy zamonaviy” ning jamiyat uchun ahamiyatini aytib o`tgan. Shu o`rinda Behbudiyning ham diniy va ham dunyoviy ilmlarni egallagan chuqur bilimli kishi ekanligini tushunamiz. Shuningdek, dramada boy va “domullo” suhbatidan o`sha davrdagi haqiqiy diniy ilm sohiblarining ilmga bo`lgan yorqin fikrlari ochib berilgan. Hamda boy va ziyoli o`rtasidagi mulohazalar oraqali jadidchilarning maqsadlari, istaklari aytib o`tilgan. E`tibor berish kerakki, domullo va ziyoli obrazlari jaholat botqog`iga cho`kayotgan xalqni ma`rifatga boshlovchilar har jabhada borligini, shunungdek, asl ma`rifat sohiblarining dunyoqarashlarini ko`rsatadi. Biroq har ikki qahramonni Behbudiyning shaxsida birlashtira olamiz. Zero, diniy bilimi jihatidan mufti darajasidagi Behbudiy dunyoviy ilm jihatidan jadid maktablarining tashabbuskori va amalda dunyo yangiliklarini xalq ichiga olib kirgan ziyoli edi. Asarda keltirilgan “ziyolining yig`lashi” o`sha paytdagi barcha jadid va ma`rifatparvar kishilarning qalbidan kechayotgan og`riqlari bo`lgan. Pyesada faqatgina padarkushlik emas, balki onalarning ham “qurboni jaholat” ga aylanishi fojeasidan jamiyat qoloqlikdan tezroq chiqmasa parokandalikka yuz tutishi mumkinligi bayon etilgan. Diqqatimizni tortadigan yana bir qancha o`rinlar mavjud: ulardan biri – diniy ilimga bo`lgan qarashlar. Boy dinni faqatgina namoz o`qishda degan fikriga domulloning bildirgan e`tirozi bugun uchun ham dolzarb. Dinning mohiyatini bilmaydigan inson zamonaviy ilmlar qadrini anglay olmasligi asosli ravishda dramada aytib o`tilgan. Din har doim ilm olishni dunyo izzati va oxirat shafoati etibgina qolmay, har bir musulmonga – erkak-u ayolga farz qilganligidan undan ozginagina xabari bor kimsa shubhasiz ilm olishga shaylanishi aniq. Lekin, har tomonlama johil bo`layotgan odamlarning farzandlari-da “Padarkush” bo`lishlari turgan gap. Ilm farzandlarni tarbiyali qilibgina qolmay, butun xalqni yorqin kelajakka eltadi. Zero, “dunyoda taraqqiy qilgan xalq ilm vositasi ila taraqqiy qiladi, asir va zabun bo`lganlar-da beilimlikdan”.8
Avlodlarga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ham ilmini o`rgating, - degan edi Behbudiy. Har doim o`qimoqlikka, o`rganmoqlikka chaqirgan edi u. Bugun bu so`zlar o`z isbotini topayotganligiga barchamiz shohidmiz. Yana bir narsani aniq bilamizki, xalq deya zahmat chekkan hech bir shaxs shunchaki yoddan chiqmaydi. Bunday insonlar har bir zamonda qadrlangay. Behbudiy vafotidan so`ng uning hurmati o`z o`rnini topgani va shu kunda ham e`zozda ekanligi fikrimiz dalilidir. Xususan, Qarshi shahri 1920 - 30-yillarda Behbudiy nomi bilan atalgan. Shu vaqt mobaynida shogird va muhlislari tomonidan yozilgan maqolalar va asarlarda uning nomi yodlangandi. Biroq, qatag`onning sovuq shamoli ko`pchilik ziyolilarimiz singari Behbudiyning ham nomini xotiradan yiroq qildi. Vaqt o`tishi bilan esa bularning bari quyosh yuzini to`sgan bulut kabi o`tdi va asl quyoshlar so`nmas ziyosi bilan bo`y ko`rsatdi. Solih Qosimov, Sherali Turdiyev, Ahmad Aliyev, Sirojiddin Ahmad, Normurod Avazov singari olimlarimiz tomonidan adib hayoti va ijodi o`rganilishiga katta hissa qo`shildi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan journalist Nursat Rahmon tashabbusi bilan esa “Adiblar hiyoboni” da Behbudiy siymosi qad rostladi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Behbudiy xotirasiga e`tabor qaratishi bu ishlarning keng va uzoq davomiyligidan xabardir.
Bunday e`tirof-u olqishlar munosib kishilar uchundir. Behbudiy esa bundan-da ko`plarga loyiqligi hammamizga ayon. S.Ayniy: “Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki u 20 yil mobaynida o`zining ongi va insoniy qadr-u qimmatini bilgan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va ma`rifat uchun kurashga chorlab keldi”9, - degan edi. Allomaning “moziy istiqbolning tarozusidur, har kim o`lchasun-da olsun” so`zlari esa bugunimizning amaldagi ibrati hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |