Astrid Lindgren. Mittivoy va tomda yashovchi Karlson haqida
Dunyoda muhim voqealar juda ko‘p. Har kun, har lahza… Bugun sizga Astrid Lindgrenning «Mittivoy va Karlson» ertak-qissasini tavsiya etaman. Astrid Lindgren (Astrid Anna Emiliya Eriksson) 1907 yil 14 noyabrda Shvesiyaning Vimmerbyu shahrida tug‘ilgan. Kitoblari dunyo bo‘ylab eng ko‘p o‘qiladigan adibalardan biri. U 2002 yil 28 yanvarda Stokgolm shahrida vafot etdi. «Mittivoy va Karlson» bolalarga atab yozilgan asar. Ammo uni kattalar ham o‘qishlimiz mumkin deb bilaman. Bu kitob oila davrasida o‘qilsa, sizga bizga farzandlarimizga bir olam quvonch, unutilmas fayzli oqshomlar baxsh etishiga ishonaman.Kitob shunday boshlanadi: «Stokgolm shahridagi odatdagi ko‘chayu odatdagi uylardan birida Svanteson familiyali oddiygina shved oilasi yashardi. Bu oiladagi ota ham, ona ham ko‘pchilik ota-onalardan farq qilmasdi. Bosse, Betan va Mittivoy ismli uch bolakay ham o‘z tengqurlariga juda o‘xshashardi.
– Men hecham oddiygina mittivoy emasman, – deydi Mittivoy.
Bu to‘g‘ri emas, albatta. Axir, bu olamda yetti yashar, ko‘zlari ko‘m-ko‘k, quloqlari kir, ishtonining tizzasi yirtilgan bolalar kammi! Bunga shubhalanmasa ham bo‘ladi: Mittivoy ko‘cha changitib yurgan minglab bolalarning biri.
Bosse o‘n beshga kirgan, u doska oldida turgandan ko‘ra, futbol darvozasida turishni afzal ko‘radi. Demak, u ham oddiy bolalardan.
Betan o‘n to‘rt yoshda, uning sochi ham oddiy tengdoshlarining sochiga juda-juda o‘xshaydi».
Bizningcha, zukko o‘quvchilarimiz ko‘pchilik oilalardan farq qilmaydigan bu oilani «tanidilar» degan umiddamiz. Sizga yana bir qahramonni tanishtirsam. Ammo u boshqalarga o‘xshamaydi.
Kitobda ham shunday ekanligi ta’kidlangan. O‘qib ko‘ring-a: «Butun boshli uyda bitta zot o‘zgalarga sira o‘xshamasdi bu – tomda yashovchi Karlson. Ha, u chindan ham tomda yashardi. Shuning o‘ziyoq antiqa edi. Balki boshqa shaharlarda sal boshqacharoqdir, biroq Stokgolmda birorta odamning tomda, yana alohida kichkina uychada yashaganini hech uchratishmagan. Lekin buni qarangki, Karlson xuddi shu biz aytgan tomda yashaydi.
Karlson – kichkinagina, baqaloq, kekkaygan bir odamcha, buning ustiga uchish qobiliyatiga ega. Samolyotu vertolyotlarda hamma ucha oladi, lekin Karlsonning o‘zi ucha oladi. Qornidagi tugmachani bossa bas, orqasidagi kichkina ajoyib motorcha tarillab ishlay boshlaydi. Parrak pirillab aylanguncha Karlson bir zum qimir etmay turadi, motor rosa ishlagandan keyin Karlson osmonga ko‘tariladi-da, yengil chayqalib uchib ketadi. Uning xuddi direktorga o‘xshab kerilishini ko‘rsangiz. Biroq orqasida parragi bor direktorni tasavvur etish mumkinmi o‘zi?!»
Mana, Karlsonni ham tanib oldik. Asli bu kitob dastlabki sahifalaridanoq sizni, bizni o‘ziga tortib oladi, ko‘z uzishni istamay qolamiz. Men shunchaki ayrim fikrlarimni qo‘shimcha qilmoqchiman. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda jamiyatda beparvolik, loqaydlik, shafqatsizlik kuchayib borayotgani xususida tortishuvlar bo‘lib turadi. Bunday illatlar to‘satdan yuz bermaydi, albatta. Bular juda sekinlik bilan yetilib keladi. Qanday qilib qarshi tursa bo‘ladi? Oldini olish mumkinmi? Albatta, mumkin, albatta, qarshi tursa bo‘ladi. Bular hammasi oiladan boshlanadi, MEHRdan boshlanadi.
«Mittivoy va Karlson»dan mana bu parchani e’tibor bilan o‘qisak:
«Mittivoy oilaning erkatoyi. Uning og‘zidan chiqqanini muhayyo qilishadi. Biroq bugun negadir ish chappasiga ketdi. Oyisi uni yana ishtonini yirtgani uchun koyidi, Betan unga «Burningni artib yursang-chi!» deb o‘shqirdi, maktabdan kech qaytganiga dadasining jahli chiqdi.
– Ko‘cha-ko‘yda sanqib yurasan-a! – dedi dadasi.
«Ko‘cha-ko‘yda sanqib yurarmish!» Axir, uyga kelayotib yo‘lda kuchukchani uchratib qolganini dadasi bilmaydi-da. Kuchuk shunday yoqimtoy, shunday chiroyli ediki, asti qo‘yaverasiz. U go‘yo Mittivoyga ergashib ketgisi kelganday, uni hidlab, hadeb dumini likillatardi.
Mittivoyga qolsa, kuchukni jon-jon deb olib ketardi-ya. Biroq oyisi bilan dadasi uyga it olib kelishga qarshi. Buning ustiga muyulishdan bir xotin chiqib: «Riki! Riki! Buyoqqa kel!» – deb qichqirib qolsa bo‘ladimi. O‘shandan keyin Mittivoy kuchukdan butunlay umidini uzdi.
– Butun umr itsiz o‘tib ketadiganga o‘xshayman, – dedi Mittivoy kuyunib, ishi o‘ngidan kelmagach. – Oyi, siz dadam bilan birgasiz, Bosse bilan Betan ham sira ajralishmaydi, doim birga, mening-chi? Mening hech kimim yo‘q!..
– Oppog‘im, Mittivoy, axir, biz hammamiz seni yaxshi ko‘ramiz-ku, – dedi oyisi.
– Bilmadim… – dedi Mittivoy ko‘ngli battar cho‘kib, chunki unga chindan ham bu dunyoda hech kimi va hech narsasi yo‘qday tuyuldi.
Ha, aytmoqchi, uning o‘z xonasi bor edi, u shu xonasiga kirib ketdi».
Juda tanish holat, shunday emasmi?!
Bu kitobni bolaligimda katta qiziqish bilan o‘qib chiqqanman. E’tibor bergan bo‘lsangiz, kitoblar ham o‘zgaradi. Yo‘q, aslida bizning qarashlarimiz o‘zgaradi. Bolalik, yoshlikda maroq bilan o‘qilgan kitoblarni ulg‘ayib, qayta varaqlasak, uning yashirin sirlari ayonroq anglashiladi, xulosalaringiz ham boshqacharoq bo‘ladi.
«Mittivoy va Karlson»ni yillar o‘tib varaqlaganimda ko‘nglimdan nimalar kechganini bilasizmi? Qadrdon tuyg‘ular uyg‘ongani rost. Ammo… Bu kitob mening yo‘l qo‘ygan xatolarimga ko‘zgu tutdi go‘yo. Vijdonim qiynaldi. Bugun kap-katta yigit va qizning Mittivoydan farq qilmaganini anglab qoldim. Afsus. Juda kech angladim.
Qizim bolaligidan iti, mushugi bo‘lishini istardi. Javobim doim bir xil edi: «Tor uyga o‘zimiz zo‘rg‘a sig‘amiz-u…» Qizalog‘im mushuklar haqida qanchadan-qancha ta’sirli voqealarni aytib bersa ham quloq solmagan ekanman. Ayniqsa, bir mushukcha unga ergashib kelganida, eshikni tarsillatib yopib qo‘ygan ekanman. Mushukcha eshikni orqasida turib, zorlanib, «Nazokat, eshigingni och, iltimos, meni ham uyingga kirit, men seni juda ham yaxshi ko‘raman…» degan ekan miyovlab qizimga. U mushukchalarning tiliga tushunar ekan-da o‘sha paytlari. Shundan keyin ham mendan rad javobi olgach, «berahm ona!» degan edi. Eng qizig‘i, turmushga chiqishidan avval aytgan gapi bo‘ldi: «Endi mening o‘z itim, mushuklarim bo‘ladi, bolalarim xohlaganicha o‘ynaydi…» Ha-ha-ha… deb kulgan joyimda ichimni nimadir o‘tdek kuydirgani ham bor gap.
Yana o‘qiymiz:
«– Buni qara, dunyoga kelganingga ham sakkiz yil bo‘libdi-ya, o‘shanda bir parcha go‘sht eding-a… – dedi dadasi.
– Ha, – dedi oyisi, – vaqt juda tez o‘tyapti-da! Esingizdami, o‘sha kuni Stokgolmda rosa jala quyuvdi.
– Oyi, men shu yerda, Stokgolmda tug‘ilganmanmi? – deb so‘radi Mittivoy.
– Ha, albatta, – dedi oyisi.
– Lekin Bosse bilan Betan Malmada tug‘ilishgan-ku?
– Ha, Malmada.
– Dada, siz axir Gyotiborgda tug‘ilgansiz-ku? O‘zingiz menga aytuvdingiz…
– Ha, men gyotiborglik bo‘laman, – dedi dadasi.
– Siz-chi, oyi, siz qayerda tug‘ilgansiz?
– Eskilstunda, – dedi oyisi.
Mittivoy oyisini mahkam quchoqlab oldi.
– Hammamizning uchrashganimiz qanday yaxshi bo‘ldi-ya, – dedi u.
Hammalari Mittivoyning gapiga qo‘shilishdi».
Ha, bu shunday g‘aroyib ertak-qissa. Ko‘nglingni yorishtirib yuboradigan, yonginangda, o‘zingda mavjud go‘zal olam va odamchalarni eslatib turadigan kitob. Bu kitob har bir oila javonidan, qalbidan joy olishga arziydi.
So‘zim oxirida kitobni mutolaa qilayotgan paytingiz mana bu parchani ayniqsa, diqqat bilan o‘qishingizni maslahat beraman. O‘qiymiz:
«Karlson bilan Mittivoy qo‘ng‘iroq orqali qanday sirli signallar berish haqida kelishib olishdi.
– Bir marta qilingan qo‘ng‘iroq – «Darrov uchib kel!», ikki marta qilingan qo‘ng‘iroq – «Uchib kela ko‘rma!», uch marta qilingan qo‘ng‘iroq esa – «Dunyoda senday kelishgan, aqlli, tobida semirgan, dovyurak, jahonda eng yaxshi Karlson borligi qanday baxt-a», degani bo‘ladi.
– Buning uchun qo‘ng‘iroq qilishimning nima keragi bor? – deb so‘radi Mittivoy hayron bo‘lib.
– Shuning uchunki, do‘stlarga taxminan har besh minutda ularni xursand qiladigan, ko‘nglini ko‘taradigan gaplar aytib turish kerak. O‘zing bilasan-ku, oldingga tez-tez kelolmayman.
Mittivoy Karlsonga o‘ychan qarab qo‘ydi.
– Axir men sening do‘stingman-ku, shundaymi? Biroq menga biror marta yoqimli gap aytganingni eslayolmayman.
Karlson xaxolab kulib yubordi.
– O‘zingni tenglashtirib o‘tiribsanmi? Xo‘sh, sen kim o‘zi? Bir nodon bolasan, xolos…
… – Meni yakkalab, ajratib qo‘yishganiga, maktabga bormay, uyda o‘tirganimga xursand bo‘lyapsanmi? – deb so‘radi Mittivoy itidan. – Sen, Bimbo, meni dunyodagi eng yaxshi bola deb o‘ylasang kerag-a…»
XULOSA:
Do'stlaringiz bilan baham: |