301-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari bo‘yicha:
1) hal qiluv qarorini, qarorni o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) hal qiluv qarorini, qarorni o‘zgartirishga yoki bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun yubormasdan yangi qaror qabul qilishga;
3) ushbu Kodeks 302-moddasi birinchi qismining 1-bandida va to‘rtinchi qismining 4 va 7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun sud hujjati bekor qilingan sud instansiyasiga yuborishga;
4) hal qiluv qarorini, qarorni o‘zgartirishga;
5) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud da’voni to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldirishga;
6) ayrim sud hujjatlarini bekor qilish va ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini o‘z kuchida qoldirishga haqli.
(301-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
Oldingi tahrirga qarang.
302-modda. Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish asoslari
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
1) ish uchun ahamiyatli holatlarning to‘liq aniqlanmaganligi;
2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi;
4) moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
Moddiy huquq normalarining buzilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi quyidagilardan iborat:
Oldingi tahrirga qarang.
1) qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonunchilik hujjatining qo‘llanilmaganligi;
2) qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan qonunchilik hujjatining qo‘llanilganligi;
3) qonunchilik hujjatining noto‘g‘ri talqin qilinganligi.
(302-modda ikkinchi qismining 1 — 3-bandlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi, agar bu noto‘g‘ri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan bo‘lsa yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa, birinchi instansiya sudning hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgartirish yoxud bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini har qanday holda bekor qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
1) sud tomonidan ishning qonunga xilof tarkibda ko‘rilganligi;
2) ishning sud majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir ishda ishtirok etuvchi shaxs yo‘qligida ko‘rilganligi;
3) sud ishi yuritilayotgan til to‘g‘risidagi qoidalar ishni ko‘rish chog‘ida buzilganligi;
4) ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi;
5) hal qiluv qarorining, qarorning sudya yoki, agar ish sudyalar hay’ati tarkibida ko‘rilgan bo‘lsa, sudyalarning biri tomonidan imzolanmaganligi yoxud hal qiluv qarorida, qarorda ko‘rsatilganidan boshqa sudyalar tomonidan imzolanganligi;
6) ishda sud majlisi bayonnomasining mavjud emasligi, uning imzolanmaganligi yoki ushbu Kodeks 202-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilganidan boshqa shaxslar tomonidan imzolanganligi yoxud, agar sud majlisining audio-yoki videoyozuvi amalga oshirilgan bo‘lsa, audio- va videoyozuvning elektron yoki boshqa manbalari sud majlisi bayonnomasiga qo‘shib qo‘yilmaganligi;
7) bildirilgan talab bo‘yicha sud hal qiluv qarori qabul qilmaganligi;
8) sudyalar maslahatining sir saqlanishi to‘g‘risidagi qoidaning buzilganligi.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini, agar taraflar o‘rtasida kelishuv bitimi tuzilgan va u kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa, bekor qiladi.
(302-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |