304-modda. Kassatsiya instansiyasi sudi ko‘rsatmasining majburiyligi
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida bayon qilingan ko‘rsatmalar ishni yangidan ko‘rayotgan sud uchun majburiydir.
Kassatsiya instansiyasi sudi u yoki bu dalilning ishonchliligi yoki ishonchsizligi, bir dalilning boshqalaridan ustunligi to‘g‘risidagi, ish yangidan ko‘rilganida qanday hal qiluv qarori qabul qilinishi haqidagi masalalarni ilgaridan hal qilib qo‘yishga haqli emas.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 301 — 303-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
305-modda. Ajrim, qaror ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti)
Sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Apellatsiya instansiyasi sudida ko‘rilgan ajrim, qaror ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar bo‘yicha berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘rish uchun nazarda tutilgan tartibda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘riladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi apellatsiya instansiyasi sudida ko‘rilgan ajrim, qaror, apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) ko‘rish natijalari bo‘yicha quyidagilarga haqli:
1) birinchi instansiya sudining ajrimini, qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) birinchi instansiya sudining ajrimini, qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgartirishga yoki bekor qilishga yoxud ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini o‘z kuchida qoldirishga;
3) da’vo arizasini qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi, da’vo arizasini qaytarish, da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, ish yuritishni to‘xtatib turish haqidagi ajrimni, ularni o‘z kuchida qoldirish to‘g‘risidagi apellatsiya instansiyasi sudi qarorini bekor qilishga va da’vo arizasini, ishni ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
4) apellatsiya instansiyasi sudining apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi, apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risidagi, apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish, apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish, apellatsiya instansiyasi sudida ish yuritishni to‘xtatib turish haqidagi ajrimni bekor qilishga va apellatsiya shikoyatini (protestini), ishni ko‘rish uchun apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishga.
(305-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Do'stlaringiz bilan baham: |