303-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining qarori
Kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qiladi, qaror ishni ko‘rgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar ko‘rsatiladi:
1) kassatsiya instansiyasi sudining nomi, qarorni qabul qilgan sud tarkibi, sud majlisining kotibi;
2) ishning raqami, qaror qabul qilingan sana va joy;
3) kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning protsessual holati;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek ular vakillarining va sud protsessi boshqa ishtirokchilarining nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi);
5) nizo predmeti;
Oldingi tahrirga qarang.
6) hal qiluv qarori, qaror qabul qilingan sana, uni qabul qilgan sudyalarning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari;
7) ish bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarori, qaror mazmunining qisqacha bayoni;
8) kassatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan hal qiluv qarorining, qarorning qonuniyligini va asoslantirilganligini tekshirish to‘g‘risida talab bildirilishiga doir asoslar;
(303-modda ikkinchi qismining 6 — 8-bandlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
9) kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikrda bayon qilingan vajlar;
10) ishda ishtirok etuvchi va sud majlisida hozir bo‘lgan shaxslarning tushuntirishlari;
11) kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan aniqlangan ish holatlari; sudning ushbu holatlar to‘g‘risidagi xulosalari uchun asos bo‘lgan dalillar; sud qaror qabul qilishda amal qilingan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar; sudning u yoki bu dalillarni rad etishiga hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslar havola qilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llamaganligiga doir sabablar;
Oldingi tahrirga qarang.
12) agar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, apellatsiya instansiyasi sudining qarori to‘liq yoki qisman bekor qilingan bo‘lsa, uning xulosalariga kassatsiya instansiyasi sudi qo‘shilmaganligining sabablari;
(303-modda ikkinchi qismining 12-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
13) kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari to‘g‘risidagi xulosalar;
14) agar ish yangidan ko‘rish uchun yuborilayotgan bo‘lsa, sud tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan harakatlar.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘rtasida sud xarajatlarining taqsimlanishi ko‘rsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hal qiluv qarori, qaror bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun yuborilgan taqdirda, sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi masala ishni yangidan ko‘rayotgan sud tomonidan hal etiladi.
(303-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-663-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
Kassatsiya instansiyasi sudi qarorining ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u qabul qilingan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 188-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 301, 302, 304-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |