219-modda. Huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlar Huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi arizaga ushbu Kodeks 151-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
1) faoliyatni tugatish, atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi arizaga — ta’sis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari; yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni tugatish, atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan obyektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish uchun asos bo‘ladigan dalillar;
2) faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash to‘g‘risidagi arizaga — ta’sis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari; yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash uchun asos bo‘ladigan dalillar;
Oldingi tahrirga qarang. 3) banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi arizaga — soliq tekshiruvini o‘tkazishga soliq to‘lovchi tomonidan to‘sqinlik qilinganligini yoki soliq to‘lovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obyektini saqlash bilan bog‘liq hududlarni, binolarni, shu jumladan joylarni ko‘zdan kechirish uchun davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslarini kiritish rad etilganligini tasdiqlovchi dalil;
(219-moddaning 3-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son) Oldingi tahrirga qarang. 4) moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risidagi arizaga — tekshirish o‘tkazilishiga asos bo‘lgan hujjatlar (nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning qarori, bundan shunday qarorni olish qonunchilikda nazarda tutilmagan hollar mustasno; agar tekshirish jinoyat ishi doirasida o‘tkazilsa, tergov organining (surishtiruv organining) qarori; tekshirish o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq; tekshirish o‘tkazish rejasi va hokazo); tekshirish natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma yoki boshqa hujjat va unga ilova qilinadigan hujjatlar; tekshirish materiallarini ko‘rib chiqish bayonnomasi va qaror, agar ularni tuzish yoki qabul qilish qonunchilikda nazarda tutilgan bo‘lsa; qarorning ko‘chirma nusxasi javobgarga topshirilganligi yoki yuborilganligi dalili;
(219-moddaning 4-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) 5) tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan shug‘ullanish uchun litsenziyalarning (ruxsatnomalarning) amal qilishini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lgan muddatga to‘xtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni (ruxsatnomalarni) bekor qilish to‘g‘risidagi arizaga — litsenziyaning (ruxsatnomaning) va litsenziya shartnomasining tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari; normativ-huquqiy hujjatlar talablari va litsenziya shartnomasi shartlari litsenziyaning (ruxsatnomaning) amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va (yoki) litsenziyani (ruxsatnomani) bekor qilish uchun asos bo‘ladigan tarzda yuridik shaxs yoki fuqaro tomonidan buzilganligini tasdiqlovchi dalil.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 215 — 218, 220 — 222-moddalari.