230-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish tartibi Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
Sudya ishni hakamlik muhokamasi tarafining iltimosnomasiga binoan sud muhokamasiga tayyorlayotganda ijro varaqasi so‘ralayotgan ish materiallarini hakamlik sudidan ushbu Kodeksda dalillarni talab qilib olish uchun nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha talab qilib olishi mumkin.
Iqtisodiy sud hakamlik muhokamasi taraflarini sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Iqtisodiy sud ishni sud majlisida ko‘rib chiqayotganda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish uchun ushbu Kodeksning 231-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjudligini yoki mavjud emasligini bildirilgan talablar va e’tirozlarni asoslash uchun iqtisodiy sudga taqdim etilgan dalillarni tekshirish yo‘li bilan aniqlaydi.
Iqtisodiy sud ishni sud majlisida ko‘rib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeks 37-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan iqtisodiy sudning ish yurituvida bo‘lsa, mazkur hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza ko‘rib chiqilayotgan iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqishni qarzdorning iltimosnomasiga binoan keyinga qoldirishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 228, 229, 231, 232-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunining 52-moddasi. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2012-yil 15-iyundagi 238-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan protsessual muddatlarga oid qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 7-bandining birinchi, ikkinchi xatboshilari, 10, 22-bandlari.