227-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ajrim Iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ushbu Kodeksda hal qiluv qarori qabul qilish uchun nazarda tutilgan qoidalarga binoan ajrim chiqaradi.
Iqtisodiy sudning hakamlik sudi hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni rad etish haqidagi ajrimida quyidagilar ham bo‘lishi kerak:
1) hakamlik sudining nizolashilayotgan hal qiluv qarori va mazkur qaror qabul qilingan joy to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
2) nizolashilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining nomi va tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
3) hakamlik muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) hakamlik sudining hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilish yoxud arizachining talabini to‘liq yoki qisman qanoatlantirishni rad etish uchun ko‘rsatma.
Hakamlik sudi hal qiluv qarorining bekor qilinganligi hakamlik muhokamasi taraflarining, agar hakamlik sudiga murojaat etish imkoniyati yo‘qolmagan bo‘lsa, hakamlik bitimiga muvofiq hakamlik sudiga yangidan murojaat etishiga yoki ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan iqtisodiy sudga murojaat etishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik bitimi haqiqiy emasligi oqibatida yoki hal qiluv qarori hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoxud uning shartlariga to‘g‘ri kelmaydigan nizo bo‘yicha chiqarilganligi yoki unda hakamlik bitimida qamrab olinmagan masalalar bo‘yicha xulosalar mavjudligi oqibatida iqtisodiy sud tomonidan to‘liq yoxud qisman bekor qilingan bo‘lsa, hakamlik muhokamasi taraflari bunday nizoni hal qilish uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga binoan iqtisodiy sudga murojaat etishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha iqtisodiy sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 224 — 226-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonuni 48-moddasining ikkinchi qismi. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2012-yil 15-iyundagi 238-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 11-bandining birinchi, ikkinchi xatboshilari, 16-bandining birinchi xatboshisi, 17-bandi, 25-bandi. [OKOZ: 1.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.06.00.00 Xo‘jalik protsessual qonunchiligi / 17.06.04.00 Sud hujjatlarini ijro etish]