231-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish asoslari Iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi biriga qarshi qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha taraf quyidagilarni isbotlovchi dalillarni taqdim etgan hollardagina rad etadi:
1) hakamlik bitimi qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra haqiqiy emasligini;
2) hakamlik sudi hal qiluv qarorining hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga to‘g‘ri kelmaydigan nizo bo‘yicha chiqarilganligini yoxud unda hakamlik bitimi doirasidan chetga chiquvchi masalalar bo‘yicha xulosalar mavjudligini. Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorida hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar bo‘yicha xulosalarni bunday bitim bilan qamrab olinmaydigan masalalar bo‘yicha xulosalardan ajratib olish mumkin bo‘lsa, iqtisodiy sud hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar bo‘yicha xulosalar bo‘lgan qismi uchun ijro varaqasi beradi;
3) hakamlik sudi tarkibi yoki hakamlik muhokamasi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14, 15, 16 va 25-moddalari qoidalariga muvofiq emasligini;
4) hakamlik sudining hal qiluv qarori “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi va uchinchi qismlari talablari buzilgan holda chiqarilganligini;
5) hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi biriga qarshi qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) to‘g‘risida yoki hakamlik sudi majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga o‘z tushuntirishlarini taqdim eta olmaganligini;
6) hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflari uchun hali majburiy bo‘lmaganligini yoki bekor qilinganligini yoxud uning ijrosi iqtisodiy sud yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tomonidan to‘xtatib turilganligini.
Agar hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan nizo qonunga muvofiq hakamlik muhokamasining predmeti bo‘lmasa yoki nizo hakamlik sudi tomonidan “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasi talablarini buzgan holda ko‘rib chiqilgan bo‘lsa yoxud hakamlik sudi ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida hal qiluv qarorini qabul qilgan bo‘lsa, iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etadi.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 228 — 230, 232-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunining 53-moddasi. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2012-yil 15-iyundagi 238-sonli “Iqtisodiy sudlar tomonidan protsessual muddatlarga oid qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 3, 18-bandlari.