246-modda. Chet elga mansub hujjatlarga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet davlatlar muassasalari, tashkilotlari va fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi muassasalari, tashkilotlari va fuqarolariga yoki chet ellik shaxslarga nisbatan chet el huquqi normalari bo‘yicha belgilangan shakl bo‘yicha berilgan, tuzilgan yoki tasdiqlangan hujjatlar, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki O‘zbekiston Respublikasi hamda bu hujjatlar kelib chiqqan muassasalar va tashkilotlarning davlati ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan faqat konsullik legallashtiruvi mavjud bo‘lganda yoxud ularga apostil qo‘yilgan bo‘lsa, qabul qilinadi.
(246-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Chet tilida tuzilgan hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudiga taqdim etishda, ushbu hujjatlarga ularning davlat tilidagi yoki iqtisodiy sud ishlari yuritilayotgan tildagi tegishli tarzda tasdiqlangan tarjimasi qo‘shib topshirilishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 244, 245, 247-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 17.11.2011-yildagi “Apostil qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 307-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Apostil qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom.
247-modda. Ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi sud topshiriqlari
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudi ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida yoki qonunida belgilangan tartibda chet davlatlar sudlari tomonidan o‘ziga berilgan topshiriqlarni (chaqiruv qog‘ozlarini va boshqa hujjatlarni topshirish, yozma dalillar olish, ekspertiza o‘tkazish, joyni ko‘zdan kechirish va hokazo) bajaradi.
Chet davlat sudining topshirig‘i quyidagi hollarda ijro etilmaydi, agar:
1) sud topshirig‘ini ijro etish O‘zbekiston Respublikasi suverenitetiga zid bo‘lsa yoki O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligiga tahdid solsa;
2) sud topshirig‘ini ijro etish O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudining vakolatiga kirmasa;
3) ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi sud topshirig‘ini o‘z ichiga olgan hujjatning haqiqiyligi aniqlanmasa.
Ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi sud topshiriqlarini O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudi tomonidan ijro etish, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari chet davlatlar sudlariga yoki chet davlatlarning vakolatli organlariga ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi sud topshiriqlari bilan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida yoki qonunida belgilangan tartibda murojaat qilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 91, 92, 244 — 246-moddalari.
[OKOZ:
1.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.06.00.00 Xo‘jalik protsessual qonunchiligi / 17.06.04.00 Sud hujjatlarini ijro etish]
Do'stlaringiz bilan baham: |