237-modda. Yo‘qolgan sud ishini yoki ijro ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatish To‘plangan materiallar yo‘qolgan sud ishini yoki ijro ishini yuritishni tiklash uchun yetarli bo‘lmasa, sud ish yuritishni ajrim bilan tugatadi. Bu holda arizachi umumiy tartibda da’vo taqdim etishga haqli.
Yo‘qolgan sud ishi bo‘yicha sud hujjatini tiklash to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uni saqlash muddati bilan chegaralanmaydi. Biroq, yo‘qolgan sud ishini ijro etish maqsadida uni tiklash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilingan taqdirda, ijro varaqasini ijroga taqdim etish muddati o‘tgan bo‘lsa va u sud tomonidan tiklanmasa ham sud ishni yuritishni tugatadi.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 233 — 236, 238-moddalari. 238-modda. Yo‘qolgan sud ishini yoki ijro ishini yuritishni tiklash bilan bog‘liq sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) Yo‘qolgan sud ishini yoki ijro ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud hujjatlari ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: Mazkur Kodeksning 233 — 237-moddalari. [OKOZ: 1.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.06.00.00 Xo‘jalik protsessual qonunchiligi / 17.06.05.00 Chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokida ish yuritish]
III BO‘LIM. ChET ELLIK ShAXSLAR IShTIROKIDAGI IShLARNI YuRITISh 31-bob. Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni ko‘rib chiqishning umumiy qoidalari 239-modda. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlarining chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlar bo‘yicha vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari iqtisodiyot sohasida chet el tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (bundan buyon matnda chet ellik shaxslar deb yuritiladi) ishtirokida yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha ishlarni quyidagi hollarda ko‘rib chiqadi, agar:
1) javobgar O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan yoki yashayotgan bo‘lsa yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududida javobgarning mol-mulki bo‘lsa;
2) chet ellik shaxsning filiali yoki vakolatxonasi O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bo‘lsa;
3) nizo O‘zbekiston Respublikasi hududida bajarilishi lozim bo‘lgan yoki bajarilgan shartnomadan kelib chiqqan bo‘lsa;
4) talab chet ellik shaxs tomonidan yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir bo‘lgan boshqa holat bilan mol-mulkka zarar yetkazilishi tufayli yuzaga kelgan yoxud zarar O‘zbekiston Respublikasi hududida yuzaga kelgan bo‘lsa;
5) nizo O‘zbekiston Respublikasi hududida asossiz boylik orttirishdan yuzaga kelgan bo‘lsa;
6) ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha da’vogar O‘zbekiston Respublikasida turgan bo‘lsa;
7) nizo O‘zbekiston Respublikasi hududida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarning muomalasi bilan bog‘liq munosabatlardan yuzaga kelgan bo‘lsa;
8) yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha arizachi ushbu faktning O‘zbekiston Respublikasi hududida mavjudligini ko‘rsatayotgan bo‘lsa;
9) nizo O‘zbekiston Respublikasi hududida nomlar va boshqa obyektlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda Internet jahon axborot tarmog‘ida xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq munosabatlardan yuzaga kelgan bo‘lsa;
10) bu haqda O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi yoki fuqarosi bilan chet ellik shaxs o‘rtasida ushbu Kodeksning 241-moddasida belgilangan qoidalar bo‘yicha tuzilgan bitim mavjud bo‘lsa.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari iqtisodiyot sohasida chet ellik shaxslar ishtirokida yuzaga kelgan nizolar bo‘yicha ishlarni va nizoli huquqiy munosabatning O‘zbekiston Respublikasi hududi bilan aloqasi mavjud bo‘lgan boshqa hollardagi ishlarni ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari, shuningdek iqtisodiyot sohasida chet ellik shaxslar ishtirokida yuzaga keladigan va ushbu Kodeksning 240-moddasiga muvofiq ularning mutlaq vakolatiga kiritilgan boshqa ishlarni ham ko‘radi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilgan holda ko‘rib chiqish uchun iqtisodiy sud tomonidan qabul qilingan ish, garchi ish yuritish davomida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning joylashgan eri yoki yashash joyi o‘zgarishi yoxud boshqa holatlar munosabati bilan ish chet davlat sudining vakolatiga taalluqli bo‘lsa-da, mazmunan ko‘rilishi kerak.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-moddasi, Mazkur Kodeksning 240 — 243-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1167-moddasi. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1992-yil 19-iyundagi 5-sonli “Sud amaliyotida fuqaro va tashkilotlarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish haqidagi qonunlarni qo‘llash to‘g‘risida”gi qarori.