242-modda. Sudning immuniteti
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudida chet davlatga nisbatan da’vo taqdim etishga, uni uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilishga, chet davlatga qarashli bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan mol-mulkni xatlash hamda unga nisbatan da’voni ta’minlash bo‘yicha boshqa choralarni qo‘llashga, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish tartibida undiruvni shu mol-mulkka qaratishga, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, faqat tegishli davlatning vakolatli organlari roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
(242-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xalqaro tashkilotlarning sud immuniteti O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.
Sud immunitetidan voz kechish chet davlatning qonunida yoki xalqaro tashkilotning qoidalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshirilishi kerak. Bu holda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudi ishni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 239 — 241, 243-moddalari.
243-modda. Chet davlat sudi tomonidan ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan ishlarni ko‘rishning protsessual oqibatlari
Agar chet davlat sudining ish yurituvida ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan ish ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, mazkur ishni ko‘rish O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudining mutlaq vakolatiga kirmasa, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudi da’vo arizasini ushbu Kodeksning 10-bobi qoidalari bo‘yicha ko‘rmasdan qoldiradi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudi, agar chet davlat sudining ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha qabul qilingan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lsa, ushbu ishni ko‘rish O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudining mutlaq vakolatiga kirmasa yoki ko‘rsatilgan hal qiluv qarori ushbu Kodeksning 248-moddasiga muvofiq tan olinsa va ijro etilsa, ushbu Kodeks 11-bobining qoidalari bo‘yicha ish yuritishni tugatadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 10, 11-boblari, 239 — 242, 248-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |