32-bob. Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni ko‘rish xususiyatlari
244-modda. Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni ko‘rish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudi tomonidan chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlar, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeks qoidalari bo‘yicha, mazkur bobda nazarda tutilgan xususiyatlar hisobga olingan holda ko‘riladi.
Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlar, agar bu shaxslar yoki ularning filiallari, vakolatxonalari yoxud ularning ish yuritishga vakolatli bo‘lgan vakillari O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan yoki yashayotgan bo‘lsa, ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda ko‘riladi.
Ishda ishtirok etuvchi chet ellik shaxslar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida belgilangan tartibda xabardor qilingan hollarda, ishni ko‘rish muddati sud topshiriqlarini yuborish uchun O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida belgilangan muddatga, bunday muddat shartnomada mavjud bo‘lmaganda yoki ko‘rsatilgan shartnoma mavjud bo‘lmaganda esa olti oydan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 91, 92, 164 — 175, 245 — 247-moddalari.
245-modda. Chet ellik shaxslarning protsessual huquqlari va majburiyatlari
Chet ellik shaxslar iqtisodiyot sohasida o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun ushbu Kodeksda belgilangan sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilik qoidalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlariga murojaat qilish huquqiga ega.
Chet ellik shaxslar O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari bilan teng protsessual huquqlardan foydalanadi va protsessual majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.
Ishda ishtirok etuvchi chet ellik shaxslar o‘zining yuridik maqomini va iqtisodiyot sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi dalillarni O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sudiga taqdim etishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarida O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining va fuqarolarining protsessual huquqlariga nisbatan maxsus cheklovlarga yo‘l qo‘yilayotgan davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslariga nisbatan javob tariqasida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida cheklovlar belgilanishi mumkin.
(245-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Kodeksning 40 — 42, 54, 244, 246, 247-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |