TOKNING ANTRAKNOZ KASALLIGI
Antraknozning vatani Yevropa. Shimoliy Amerikadan oidium va mildyu kiritilishidan oldin bu qit’ada antraknoz tokning eng zararli kasalligi bo’lgan. Hozir ba’zi quruq iqlimli mintaqalardan tashqari uzum ekiladigan barcha mamlakatlarda, MDHda Ukraina, Rossiya (Dog’iston respublikasi, Astraxan va Rostov viloyatlari, Krasnodar va Stavropol o’lkalari), Moldaviya, Kavkaz orti va Qozog’istonda tarqalgan. O’zbekistonda barcha viloyatlarda uchraydi.
Kasallik belgilari. Tokning barcha yashil qismlari zararlanadi. Barglar qotgunicha (yozilganidan so’ng 20-25 kun davomida) zararlanishi mumkin. Ularda ko’plab (bitta bargda 100 tagacha), dumaloq, mayda (kengligi 1-5 mm), chetlari qizg’ish, qo’ng’ir yoki qora dog’lar paydo bo’ladi, ularning ba’zilari qo’shilib ketadi. Vaqt o’tishi bilan dog’lar noto’g’ri dumaloq, ko’p qirrali shakl, o’rtasi och-kulrang tus oladi, atrofida qizg’ish yoki qo’ng’ir hoshiyasi bo’ladi (75-rasm). Dog’larning o’rtasi quriydi va tushib ketadi, bargda teshiklar paydo bo’ladi. Kasallikka yosh barglar o’ta chidamsiz, ular kuchli zararlanadi va novdalarning uchi tomoni kuyganga o’xshab qoladi. Tomirlari zararlangan barglar qurib qoladi va to’kiladi. Yosh novdalar kuchli zararlanadi. Ularning ustida mayda, qo’ng’ir, bittadan joylashgan, binafsha-qo’ng’ir hoshiyali dog’lar hosil bo’ladi. Dog’lar asta-sekin nimrang-kulrang yoki binafsha-qora tus oladi, o’sib, uzunligi 7-8 sm va undan ko’proqqacha yetadi, bir-biri bilan qo’shilib ketadi, novda ichiga o’rtasigacha kiradi va yaralarga aylanadi. Yara atrofida bo’rtma shaklli qalin kallyus to’qimasi paydo bo’ladi, yara o’rtasi biroz botiq shakl oladi va bunday novdalar mo’rt bo’lib, shamolda sinib ketadi. Zararlangan novdalar oxir-oqibatda qorayadi, o’sishdan orqada qoladi va nobud bo’ladi. Barg va gul bandlari hamda gajaklarda kasallik belgilari novdalardagi bilan bir xil. Gul to’plari zararlanganida gulbarglarda dumaloq, qora dog’lar hosil bo’ladi. Zararlangan gul to’plari va tugunchalar qo’ng’ir-qora tus oladi va to’kiladi. Uzum popugi va shingili gullashdan pishish boshlangunicha kasallikka chalinadi. Shingilning asosiy o’qi va meva bandlaridagi kasallik belgilari novdalardagi bilan bir xil. Dog’lar shingilning asosiy o’qini o’rab olsa, uzum boshining pastki (uchidagi) qismi burishib, so’lib qoladi. Uzumlarda sal botiq, o’rtasi oldin binafsha, so’ngra oqish-kulrang, atrofida tor to’q-qo’ng’ir yoki qora hoshiyasi mavjud bo’lgan dog’lar hosil bo’ladi. Ular uzum ichiga tarqalsa, u yorilib ketadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |