Nutqning tozaligi.
Nutqning tozaligi deganda unda til elementlarining
ishlatilishida adabiy til me’yorlariga amal qilish-qilmaslik tushuniladi. Yaxshi,
namunaviy nutq hozirgi o‘zbek adabiy tili talablariga mos holda shakllangan
bo‘lishi, turli g‘ayriadabiy va g‘ayriaxloqiy til element-laridan xoli bo‘lishi kerak.
Bu masalaning til jihati bo‘lib, nutqiy tozalikning tildan tashqari – paralingvistik
jihatlari ham undan kam bo‘lmagan ahamiyatga ega. Chunki u boy ma’naviy-
axloqiy qadriyatlarga ega bo‘lgan va bugun mustaqillik davrida yashab, dunyo
hamjamiyati bilan teng mavqeda muloqotda bo‘layotgan o‘zbek xalqining madaniy
darajasiga mos bo‘lishi lozim.
“Nutqimizning sofligiga, asosan, quyidagilar ta’sir qiladi:
1.
Mahalliy dialekt va shevalarga xos so‘z, ibora, shuningdek, grammatik
shakllar, so‘z va so‘z birikmalarining talaffuzi, urg‘usi.
2.
O‘rinsiz qo‘llangan chet so‘z va so‘z birikmalari.
3.
Jargonlar.
4.
Vulgarizmlar.
5.
Nutqda ortiqcha takrorlanadigan “parazit” so‘zlar.
6.
Kanselyarizmlar”
25
.
Nutqimizning toza bo‘lishiga xalaqit berayotgan lingvistik elementlar,
asosan, dialektizmlar va varvarizmlardir. To‘g‘ri, ular tilimizda ishlatilishi kerak,
busiz bo‘lmaydi. Chunki badiiy adabiyot tilida dialektizm va varvarizmlar ma’lum
badiiy-estetik vazifani bajarishi, muallifning ma’lum g‘oyasini, niyatini amalga
oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Dialektal so‘zlarning badiiy adabiyotda o‘rni bilan ishlatilishi faqatgina
maqsadga muvofiq bo‘lib qolmasdan, adabiy tilimizning boyib borishiga,
umumxalq tilidagi ayrim elementlarning saqlanib qolishiga xizmat qilishi ham
mumkin. Shuning uchun ham dialektizmlar va adabiy til me’yori doirasida
me’yorni belgilash tilimizdagi mas’uliyatli masalalardan biri sanaladi.
25
Расулов Р., Ҳусанов Н., Мўйдинов Қ. Нутқ маданияти ва нотиқлик санъати. – Т.: Iqtisod-moliya, 2006, 26-
б.; Қудратов Т. Нутқ маданияти асослари. – Т.: Ўқитувчи, 1993, 26-27-б.
Ijtimoiy muhitning tildan foydalanish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi tabiiy bir
holdir. Kishilar nutqlarida o‘zlari bilib-bilmay yoki e’tiborsizlik oqibatida boshqa
til elementlaridan ham foydalanadilar. Boshqa millat vakillari bilan birgalikda
yashash, mehnat qilish, ta’lim olish, xullas, muomala jarayonida ana shu hol yuz
beradi.
Boshqa tillardan so‘z o‘zlashtirish ulardan nutqda zaruriyatga ko‘ra
foydalanish salbiy hodisa emas. Ammo bunday so‘zlar orasida varvarizm deb
ataluvchi shunday bir qatlam mavjudki, ularni nutqda qo‘llash-qo‘llamaslik
masalasiga adabiy til me’yorlari nuqtai nazaridan munosabat bildirish lozim.
Varvarizm sifatida qaraladigan
nu, tak, vot, sovsem, voobщe, tolko, tolko tak,
estestvenno, ob’yazatelno, konechno, uje, pochti, tak chto, znachit, kak raz, neujeli,
tem bolee, dokument, oformit qilmoq, organizovat qilmoq, prinimat qilmoq,
razreshenie olmoq, podpis qo‘ymoq, bo, akun, soni
kabi so‘z va birikmalarning
o‘zbek tilida aynan ekvivalentlari mavjud.
26
Buning ustiga ular adabiy tilimizga
kirgan emas. Demak, bu so‘zlar o‘zbek tili uchun me’yor emas. Ammo biz ularni,
ijtimoiy muhit ta’siridan bo‘lsa kerak, albatta, farqiga bormasdan ishlataveramiz,
nutqimizni nazorat qilmaymiz. Shu tarzda leksik me’yor ham, nutq ham buziladi.
Shuning uchun ham tilda varvarizmlarning ishlatilishini ijobiy hodisa sifatida
emas, balki me’yorning buzilishi deb qarash va ularni nutqda qo‘llamaslik lozim.
Parazit so‘zlar deb ataluvchi leksik birliklar ham til madaniyati uchun yotdir.
Ular asosan so‘zlashuv nutqida ko‘p ishlatilib, notiqning o‘z nutqini kuzatib
bormasligi, e’tiborsizligi natijasida paydo bo‘ladi va bora-bora odatga aylanib
qoladi. Masalan, ayrim kishilar o‘zlari sezmagan holda
demak, xo‘sh
kabi so‘zlarni
qaytaraverishga o‘rganib qolganlar. “Bir dokladchining bir soatlik nutqida,
–
deb
yozadi A.Ahmedov,
–
“o‘rtoqlar” so‘zi 101 marta, “ya’ni” so‘zi 73 marta, “demak”
so‘zi 60 marta takrorlanganligining guvohi bo‘lganmiz. Qarang, bir soatlik nutqda
234 ta ortiqcha, “bekorchi” so‘z ishlatilgan”.
27
26
Абдусаидов A. «Нутқ маданиятининг ҳозирги давр муаммолари» танланма фанидан ўқув-услубий
мажмуа. Самарқанд – 2015, 178-б.
27
Аҳмедов А
.
Тил бойлиги. – Тошкент, 1968, 27-б.
Vulgar so‘zlarning uchrashi ham nutqimiz tozaligiga salbiy ta’sir qiladi.
Og‘zaki nutqda ba’zan uchrab qoladigan so‘kinish, haqorat so‘zlarni ishlatish
axloq me’yorlariga, sharqona muomala madaniyatimizga mutlaqo to‘g‘ri
kelmaydigan ishdir. Ammo badiiy adabiyotda personajlarning kuchli hayajonini,
g‘azabini ifoda etish maqsadida vulgar so‘zlarga murojaat qilgan holatlarga duch
kelamiz. Imkoni boricha, badiiy adabiyotda ham vulgarizmlarni ishlatishdan
qochish kerak. Chunki badiiy adabiyot kishilarga estetik ta’sir o‘tkazish vositasi
bo‘lish bilan birga tarbiya manbai ekanligini ham unutmasligimiz kerak.
Nutqning tozaligi, ya’ni sof adabiy tilda muloqot qilish o‘quvchilar va
talabalarning nutq madaniyati hamda mahoratini egallash, notiqlik sifatlariga
erishishlari uchun muhim bosqich sanaladi. Bu esa tildan foydalanishda nihoyatda
e’tiborli bo‘lishni talab qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |