2.4.3-rasm. A.turkistanicus ning ikki (A) va uch (B) yoshdagi ishchi tabaqasi individlarining mo‘ylovi va mandibulalarining ko‘rinishi.
2.4.4-rasm. A.turkistanicus ning besh (A) va olti (B) yoshdagi ishchi tabaqasi individlarining mo‘ylovi va mandibulalarining ko‘rinishi
Olingan natijalarga ko‘ra A.turkistanicus ishchi tabaqasining kichik yoshdagi (ikkinchi) individlarining mandibulasi (3.4.6-rasm, A) old qismining skleritizatsiyasi, ya’ni kutikulasining mustahkamligi (bu belgi mandibula old qismining to‘q va och rangdaligi bilan farqlanadi) uning o‘rta yoshdagi (oltinchi) termitlar mandibulasidan ancha zaif ekanligi bilan farqlanishi kuzatildi.
Termit mandibulalarning apikal va marginal tishlariga nisbatan kurak tishlarining barcha xarakterli elementlarini farqlash mumkin. Birinchi navbatda yaxshi rivojlangan eng muhim cheti borligini qayd qilish lozim. U uch qirrali burchakning pastki, ichkariga qaragan qirrasi bo‘lib, unga mandibulaning har bir tishlarini o‘xshatish mumkin. Yuqorigi kamroq o‘tkirroq bo‘lmagan qirra yordamchi kesuvchi bo‘lib xizmat qiladi. Asosiy va yordamchi kesuvchilar orasida kichik uzun bo‘rtma va asosiy kesuvchi bo‘ylab chuqur o‘yiq qiluvchi tarnovcha mavjud. Tishning qolgan sirti bir tekis bo‘rtma shaklda. Shuning uchun asosiy va yordamchi orqa sirtlar aniq bilinmaydi, asta-sekin bir-biriga o‘tadi va ma’lum aylanish radiusi bilan tishchaning uchida birlashadi. Aylanish radiusi ayni yoshdagi termitning umri bilan bog‘liq, chunki vaqt o‘tishi bilan tishchalarni uchlari еyiladi.
Apikal va marginal tishchalarning asosiy kesuvchi chetlari yoysimon qiyshaygan bo‘ladi. Ularning distal uchlari muvofiq tishchaning uchlariga chiqadi, paroksimallari esa o‘zaro yaqinlashadi. Kesuvchilarning chetlari tullashdan keyin ayniqsa o‘tkir bo‘ladi, ammo vaqt o‘tishi bilan esa birmuncha yoyiladi. Yog‘och bo‘lagini tishlab olishdan oldin ishchi termit odatda oziq materialni mo‘ylab va paypaslagichlari bilan tekshiradi, keyin unga maksillalarning apikal tishlarini sanchadi va boshi bilan bosadi. Shundan keyin mandibulalar ishlay boshlaydi. Ularni qisgan paytda bosh sal orqaga so‘riladi, fiksatorlar rolini o‘ynovchi maksillalar uni ushlab turadi.
N.N.Dubrovin ma’lumotiga ko‘ra ishchi termitlar mandibulasining o‘lchov kuchi koeffitsenti (O‘KK) kichik yoshdagi (bosh qutisi kengligi 1,4-2,2 mm, mo‘ylov bo‘g‘inlari soni 16-21) ishchi termitlar uchun 0,7-4,3 gs/mm, katta yoshdagi ishchilar (bosh qutisi kengligi 2,2-3,6 mm mo‘ylov tugunchalari soni 20-24) uchun esa 4,0-16 gs/mm ga tengdir.
Bizning kuzatishlarimiz natijasida olingan ma’lumotlarga ko‘ra ishchi termitlar mandibulasining O‘KK ular yoshiga bog‘liq holda ortib borish sabablaridan biri, mandibula mustahkamligi ya’ni kutikula skleritizatsiyasining oshib borishi bilan ham belgilanishi aniqlandi. Ma’lumki ishchi termitlar mandibulasi nafaqat mexanik ta’sir qilish uchun, balki bir qator biologik, jumladan boshqa tabaqa individlarini va tuxumlarni parvarishlash, sanitarlik kabi funksiyalarni bajarishga ham moslashgan. Ishchi termitlarning bajarayotgan vazifalariga kura ular mandibulasida tegishli morfologik o‘zgarishlar sodir bo‘lish bo‘lmasligini aniqlash, ishchilar mandibulasi ularning bajaryotgan funksiyasidan qat’iy nazar morfologik o‘zgarishlarga uchramadi.
Turli yoshdagi ishchi termitlar laboratoriya sharoitida kuzatilib, ularning ma’lum bir faoliyat turini namoyon qilayotgan paytda pinset yordamida alohida ajratib olindi va ularning mandibulasi binokulyar yordamida o‘rganildi. Natijada kuzatish ostida bo‘lgan ozuqa tashuvchi, uya quruvchi, tabaqalarni parvarishlovchi funksiyalarini bajaruvchi ishchi termitlar mandibulasi bir xil mopfologik tuzilishga ega ekanligi aniqlandi. Shuningdek neotonik “ona” termitining mandibulasi ham ishchilarniki singari tuzilishiga ega ekanligi ma’lum bo‘ldi (3.4.5, 3.4.6-rasmlar).
Termitlar ishchi tabaqalari faoliyatini yo‘naltiruvchi sabablari to‘g‘risidagi ma’lumotla ilmiy adabiyotlarda deyarli yo‘q. A.A.Nurjanov va boshqalar [93] fikricha termitlar va boshqa jamoa hosil qiluvchi hasharotlarning bunday xatti-xarakatlarini instinktiv faoliyat natijasi deb qarash lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |