2.4. Termitlarning kemiruvchi tipdagi og‘iz apparati mandibulasi
Hozirgi vaqtda materiallarning hasharotlar zarariga bardoshligini baholash davomiy va sermehnat biologik sinovlar orqali amalga oshiriladi. Ammo bu vazifani boshqacha еchish ham mumkin - kemirilishga chidamli materiallar doirasini aniqlab, ularni og‘iz aparatining fizik-mexanik xususiyatlari bilan taqqoslab ko‘rish yo‘li bilan hal qilish mumkin. Bunday hollarda material va jag‘ apparati silliqlanib mexanik еmirilishga duchor bo‘ladigan hollarda, ayniqsa og‘iz apparatining barcha kompleks biomexanik xususiyatlarini bilish va hisobga olish zarur.
Termitlar tarqalish areallarining kengayishi oqibatida ular еtkazadigan zarar ham sezilarli darajada oshdi. Shuning uchun ham termitlar tabiiy populyatsiyalarini nazorat qilish va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish dolzarb muammolardan bo‘lib qoldi. Termitlarning asosan ishchi tabaqalari og‘iz apparati vositasida materiallarni mexanik zararlab ziyon еtkazadi. Shu nuqtai nazardan termitlar og‘iz apparati, jumladan ularning mandibulasi ya’ni yuqori jag‘lari tuzilishini va funksional xususiyatlarini ishchi tabaqalari misolida o‘rganish muhim amaliy va nazariy ahamiyatga ega.
Hasharotlar og‘iz apparati ancha murakkab tuzilishga ega bo‘lib, u evolyusion jarayon davomida bir qator o‘zgarishlarga uchragan. Natijada hasharot turlarining oziqlanishiga bog‘liq xolatda kemiruvchi, bir necha xil so‘ruvchi, yalovchi tiplari shakllangan. To‘g‘riqanotsimon hasharotlar, jumladan termitlarning og‘iz apparati kemiruvchi tipda bo‘lib, u asosan yuqori lab va jag‘, pastki lab va jag‘lar, hamda ularning qo‘shimcha a’zolaridan tuzilgan. Bunday og‘iz apparatining asosiy ishchi qismi jag‘lar bo‘lib, jumladan yuqorigi jag‘lar, ya’ni mandibula eng muhim kemiruvchi bo‘lagi hisoblanadi.
Termitlar mandibulasini o‘rganish borasida bir qator ilmiy tadqiqotlar olib borilgan bo‘lib, ular asosan og‘iz organi muskullarini o‘rganish, mandibulalarning tuzilishi, ish mexanikasi, kinetikasi, kemiruv jarayoni fizik ko‘rsatkichlarini aniqlash va qisman funksional xususiyatlariga bag‘ishlangan.
Adabiyotlar ma’lumotlariga ko‘ra, A.turkistanicus imagosi va ishchisining mandibulasi morfologik jihatdan juda o‘xshash bo‘lib, trapesiya shaklda, ganglimus, ventral muskul va mandibula asosidagi sklerit yordamida bosh qutisiga mustahkam birikib turadi. Mandibulalar assimmitrik bo‘lib, o‘ng mandibula apikal tishdan keyin va molyar plastinkadan oldin joylashgan ikkita, chap mandibula esa uchta marginal tishga ega bo‘lib, ulardan faqat bittasi yaxshi rivojlangan, ikkinchi va uchinchi marginal tishlar reduksiyalangan.
Navkarlar mandibulasi ham assimmitrik bo‘lib, chap mandibula o‘ng mandibuladan ancha uzun, ularning har birida bittadan apikal va ikkitadan marginal tishlar mavjud.
N.V.Belyaeva A.turkistanicus ishchi termitlarining mandibulasini mexanik ta’sirlovchi ob’ekt sifatida o‘rganganda, ularning hasharot bosh qutisiga birikishi va muskullarining yaxshi rivojlanganligi, mandibulalarning nihoyatda mukammlalashgan kesuvchi mexanizmga taqqoslashga asos bo‘lgan. U tomonidan A.turkistanicus kichik yoshdagi ishchi termitlar mandibulasining o‘lchov kuch koeffitsenti (O‘KK) 0,7-4,3 gs/mm, katta yoshdagi ishchilar uchun esa 4,0-16 gs/mm. ga teng ekanligi aniqlangan. Bu ko‘rsatkich boshqa termit turlarining Microcerotermes turkmenicus (4,0 gs/mm), Amitermes rhizophagus (5,4 gs/mm), Reticulitermes lucifugus (4,6 gs/mm), Kalotermes flavicolis (10,8 gs/mm) shu ko‘rsatichlaridan ancha baland bo‘lishi, A.turkistanicus ning qattiq jismlarni ham mexanik zararlash imkoniyati ancha yuqori ekanligi ko‘rsatilgan.
Termitlar mandibulasining fizik ko‘rsatkichlari va mexanik ta’sirini o‘rganishdan tashqari uning biologik faoliyati va zarar keltirishiga bevosita bog‘liq bo‘lgan funksional xususiyatlarini o‘rganish ham muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi sababli ushbu tadqiqot ishi olib borildi.
Mandibulalar – hasharotlar kemiruvchi og‘iz organlarining morfologik jihatdan eng plastik va eng funksional kuchlangan elementlaridir. Ishchi termitlarda mandibulalar polifunksional bo‘lib, ular oziqani tayyorlash va qayta ishlash, yo‘l ochish, in qurish va uni himoya qilish, lichinkalarni oziqlantirish va ularni tashishda ishtirok qiladilar.
Ishchi termitlarning mandibulalari uch qirrali piramidani eslatadi. Ular hajmi katta qismining asosini ochiq bo‘shliq tashkil qiladi. Medial tomondan mandibula apikal va marginal tishlari bo‘lib, insizor qism va qirrali maydonchasi esa qirg‘ich o‘rkachga ega. Bu hosilalar kuchli pigmentlanish va eng katta qattiqligi bilan farq qiladi. Mandibulaning medial tomoniga katta to‘rt pay birikkan bo‘lib, uzatma mushakni maxkamlash sirtini keskin oshiradi. O‘ng va chap paylar bir-biriga parallel harakatlanadi va mandibulalarning xar qanday holatida deyarli buralmaydilar.
A.turkistanicus va A.ahngerianus termit turlari ishchi va navkar tabaqalarining mandibulasi bilan taqqoslash natijasida, ular turli xil turga mansub bo‘lsalarda, mandibulasining tashqi ko‘rinishi bir-biriga juda o‘xshashligi ma’lum bo‘ldi. Jamoa hosil qiluvchi hasharotlar mandibulasining tashqi tuzilishi, ya’ni 2 ta tishchalar mavjudligi bilan xarakterlanadi (3.4.1-rasm).
Mandibula hasharotlarning yashash sharoitlari va ularning og‘iz apparatining funksional xususiyatlari bilan bog‘liqdir. Termit navkarlarida esa uyada himoya vazifasini bajarganliklari sababli ularning mandibulalari bir qator o‘zgarishlarga uchrab, shakllanganligini ko‘rishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |