3.2. Tashqi savdoni davlat tomonidan tartibga solishning tarifli usullari
Tashqi savdoni davlat tomonidan tartibga solish turli ko’rinishlarda bo’lishi
mumkin. Ularni tovar oqimlariga ta’siri tabiatiga ko’ra bir-biridan jiddiy farq
qiluvchi ikkita asosiy tipga ajratish mumkin: iqtisodiy va ma’muriy.
Iqtisodiy (tarifli deb ham ataladigan) usullardan foydalanganda ishlab
chiqaruvchi va iste’molchilar, eng avvalo, narx mutanosibligi, tovar va resurslar
eksporti hamda importining sifati va shartlariga amal qilishadi. Tashqi savdoni
tartibga solishning ma’muriy (mos ravishda tarifsiz) usullaridan foydalanilganda
bozor mexanizmiga davlat organlari tomonidan ta’sir o’tkaziladi, ularning qarorlari
va hatti-harakatlari ko’p jihatdan ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarning
xohishlarini belgilab beradi.
Tarifli usullar tovar narxiga bevosita ta’sir qiladi. Bu usullar davlatlar tashqi
savdo amaliyotida eng keng tarqalgan, chunki ular birdaniga uchta vazifani hal
qilish imkonini beradi:
1)
fiskal — byudjet uchun qo’shimcha mablag’larni olish;
2)
rag’batlantiruvchi — xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish;
3)
protektsionistik — milliy tovar ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shart-
sharoitlarni yaratish.
Tashqi savdoni tarifli tartibga solish usullari qatoriga bojxona bojlari, bojlar,
yig’imlar, shuningdek, boshqa bilvosita soliqlar, mas. aktsizlar kiradi.
Tarifsiz usullar - tovar ayirboshlashga ta’sir qilish dastaklarini, ya’ni olib
kiriladigan yoki olib chiqiladigan mahsulot hajmi va nomenklaturasini cheklashni
bildiradi. Ular ko’proq rivojlanayotgan va hukumat tomonidan protektsionistik
iqtisodiy siyosatni talab qiluvchi, bozor tuzilmalari shakllanayotgan o’tish davri
iqtisodiyotli mamlakatlarga xosdir.
Tarifsiz ta’sir qilish vositalariga kvotalash, litsenziyalash, eksportni
subsidiyalash, demping, kartelь bitimlar va mamlakatlar o’rtasidagi tovar
oqimlarining yo’lida texnik to’siqlarni yaratish kabilar kiritiladi.
Jahondagi mamlakatlar va hududlar bo’yicha statistik axborotlar tahlili shuni
ko’rsatadiki, tashqi savdoni davlat tomonidan boshqarish tarifli va tarifsiz
usullarning kombinatsiyasi yordamida amalga oshiriladi. Tarifli usullarning
mavqei keyingi paytda pasayib bormoqda, bu esa Umumjahon savdo tashkilot
tomonidan a’zo-mamlakatlar oldiga qo’yilgan strategik vazifa, ya’ni ular orasidagi
o’zaro tovar ayirboshlashda tarifli cheklashlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish
vazifasi bilan bog’liq. Tarifsiz cheklashlarning ahamiyati «tanlovli»
protektsionistik savdo siyosatining kengayib borishi tufayli ortib bormoqda.
Tashki savdoni tarifli tartibga solish usullari katoriga bojxona tariflari, bojlar,
yig’imlar, shuningdek, boshqa bilvosita soliqlar, aktsizlar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |