2.4 G’ulom Zafariy (1889—1938)
O’zbek musiqali drama san’atining asoschilaridan shoir va dramaturg G’ulom Zafariy 1889-yili Toshkentning Beshyog’och dahasiga qarashli Kattabog’ mahallasida tavallud topgan. Eski maktab, so’ng rus xususiy maktabi va Ko’kaldosh madrasasida tahsil ko’rgan.
G’ulom Zafariy hayot yo’lining katta qismi teatr bilan bog’liq: 1914-yili «Turon» truppasida aktyor sifatida ishlaydi va muallimlik bilan shug’ullanadi, uning birinchi «Baxtsiz shogird» pyesasi ham shu yili yoziladi. 1919-yildan M. Uyg’ur boshliq «K. Marks» truppasida artist, adabiy emakdosh va rejissor bo’lib ishlaydi, 1926-yili Samarqandda san’at muzeyida xizmat qiladi, 1937-yili «xalq dushmani» deb ayblanib, qamoqqa olinadi va 1944-yili surgunda vafot etadi.
G’ulom Zafariy o’zbek musiqa merosini chuqur bilgani holda 1920—1930-yillarda «Sharq kuylari va cholg’ulari», «Muzika muammosi», «O’zbek musiqasi to’g’risida» maqolalarini e’lon qilgan. «Baxtsiz shogird»dan so’ng «Bahor», «Yorqinoy», «Rahimli o’qituvchi», «Erk bolalari» musiqiy pyesalarini yaratadi. «Halima» (1920) shu izlanishlarning yuqori cho’qqisi tarzida dunyoga keldi. Undagi musiqiy ifodalarni muallif Shorahim Shoumarov va Mulla To’ychi hofiz yordamida pyesaga moslashtirdi. Asarni ilk bor M. Uyg’ur sahnalashtirgan bo’lib, unda Ne’mat va Halima rollarini A. Hidoyatov va M. Qoriyeva ijro etganlar.
G’ulom Zafariy va uning «Halima» asari haqida sharhlar
G’ulom Zafariy XX asr boshida jadidchilik — ma’rifatparvarlik harakatida faol qatnashadi, adabiyot, dramaturgiya, teatr san’ati sohasida faol ijodiy ish olib boradi. 1914-yilda «Turon» truppasiga havaskor aktyor bo’lib kiradi... G’ulom Zafariyning «Halima» musiqali dramasi o’sha davr madaniy hayotida katta voqea bo’lgan edi. Dastlab bu musiqali drama opera deb atalardi. Olim, adib, dramaturg Abdurauf Fitrat G’ulom Zafariyning o’zbek teatridagi o’rnini nihoyat to’g’ri belgilab, zo’r muvaffaqiyat bilan o’tgan «Halima» musiqali drama-operasini tomosha qilib, o’z taassurotlarini «Ishtirokiyun» gazetasining 1920-yil 29-sentabr sonida quyidagicha yozgan edi: «O’z hayotimizdan olinib, o’zbek kuylarida opera yaratmoq haligacha bo’lmagan edi. Shuning uchun bu kecha bir sinov bo’ldi. O’z kuylarimiz, o’z cholg’ularimiz bilan opera qo’ya olurmi?, «Halima»ni ko’rgandan so’ng unga javob olur edik. G’ulom Zafariyda yozuvchilarimizda topilmagan yangi xosiyat bor. G’ulom milliy musiqalarimizni yaxshi biladi». G’ulom Zafariy ijodi va uning «Halima» asari haqida bundan oshirib baho berish mushkul».
Mamajon Rahmonov, «Ma’rifat qurboni»,
«Teatr» jurnali, 2000-yil, 3-son.
“HALIMA” HAQIDA TOSHPO’LAT TURSUNOV SHARXI
G’ulom Zafariy faoliyati faqatgina taqdirlashga loyiq merosgina bo’lmay, avvalo, o’zbek teatrinig jonli hayoti, uning tug’ilish davri jarayoninig ajralmas muhim bo’lagi bo’lib, “Halima” asari esa birinchi o’zbek musiqali dramasigina emas, bir vaqtda teatrga tomoshabin mehrini orttirgan, aloqasini mustahkamlagan, o’zbek teatr sahnasi, unga yigirmanchi yillarda qadam qo’ygan ijrochilar uchun ijro maktabi, Hamza nomli teatrning o’sha kezlari talqinida hayotiylik uchun izlanishlarida beqiyos ahamiyat kasb etadi.
“Halima” asari eng muhim jumboq — musiqali drama o’zbek teatri uchun qonuniy xolmi, bordi-yu javob ijobiy bo’lsa, uning yaratish yo’llari qanday bo’ladi, degan savolga javob beradi… bu muxim muammoni “Halima” musiqali dramasi hal etdi. Gap bu yerda prinsipial masalalar ustida boradi. Zotan, ko’pincha janr e’tibori bilan “Halima”ni musiqali drama ekaniga mensimayroq qarash xollari ham bor. Bunday qarash keyinchalik paydo bo’lgan xulosa chunonchi, “Halima” maxsus yuzilgan musiqaning emas, balki xalq musiqasining hisobiga vujudga kelgan asar. Lekin o’sha davrda bundan boshqa yo’lning o’zi yo’q edi va o’zbek musiqali darama janri yigirmanchi, hatto o’ttizinchi yillarda ham shu yo’ldan bordi. Demak, o’zbek musiqali dramasining shakllanish yo’lini “Halima” asari belgilab bergan. Bu masalaning birinchi tomoni, ikkinchisi “Halima” o’sha yo’l bilan bo’lsa ham tugal musiaqli drama asari edi. Muhimi shu.G’ulom Zafariy pyesa musiqasini bilimdonlik, did bilan tabdil yo’lida shakllantirdi. Yana bir gap. G’ulom Zafariy o’zbek xalq klassik merosining kuchli tomoni, undagi teran muhokama va emotsional kayfiyat vujud etuvchi dramatizm, tug’yon, teatral elementlarni amalda birinchi bo’lib sezdi va teatr janriga olib kirdi.
Toshpo’lat Tursunov. G’ulom Zafariy va teatr.
“Sovet O’zbekistoni san’ati” j-li. 1979 yil. 4-son
...Muzaffar Muhamedovning guvohlik berishicha «Halima» «dastlab bittagina maktab daftarchasiga yozilgan uch ko’rinishli insenirovkaga o’xshagan kichkinagina asar bo’lib, ikki-uchtagina ashulasi bor edi». Shu bois pyesani maromiga yetkazishda Uyg’urning qanchalik hissasi borligini anglab olish qiyin emas. Buning ustiga bu yerda gap milliy teatr uchun mutlaqo yangi bo’lgan janr — muzikali drama ustida boradi.
«Halima»ning sujeti va ayniqsa, ikki yoshning sotsial tengsizlik oqibatida fojiali halok bo’lishi Uyg’urni o’ziga rom qilib oldi. Shuning uchun ham G’ulom Zafariy bilan bajonidil asar ustida ishlashga kirishdi. Ushbu jarayonda dramaturg bilan rejissor o’rtasida eng samimiy, ijodiy hamkorlik hukm surdi. M. Muhamedov: «Bu asar ish jarayonida Uyg’urning maslahati, taklifi, qo’shimchalari bilan kundan-kunga ulg’ayib, kengayib bordi», deganida tamomila haqli edi. Xullas, «kichik maktab daftarchasiga» xomaki asardan besh ko’rinishli drama vujudga keldi.
«Halima»ning yaratilishi, Uyg’ur ijodida, qolaversa butun o’zbek teatri tarixida teatr bilan dramaturg o’rtasidagi ijodiy hamkorlikning eng dastlabki namunasi bo’ldi. Eng muhimi, bu hamkorlik teatrimizning samarali an’anasini boshlab berdi.
Erkin Ismoilov, «Mannon Uyg’ur». G’afur G’ulom
nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,
1983-yil, 104-bet.
Do'stlaringiz bilan baham: |