Fitrat merosida dramaturgiya ham son, ham salmoq jihatidan katta o’rin tutadi. Manbalar guvohlik berishicha, Fitrat, taxminan, o’n beshga yaqin drama yozgan... Ular orasida drama ham, komediya, tragediya va hatto opera librettosi ham bor. Biroq bu ulkan dramatik merosning yarmidan ko’pi nashr etilmagani bois, bizning kunlarimizgacha saqlanmagan (yoxud hozirgacha topilmagan).
Fitrat dramaturgiyasi mavzu, qahramon va muammolar jihatidan rang-barangdir.
Buxoro xonligidagi dehqonlar hayoti va qismati tasvirlangan «Arslon», imonsiz kishilar fosh etilgan «Ro’zalar» kabi ayrim dramatik asarlarini hisobga olmaganda, Fitratning sahnada qo’yishga mo’ljallangan aksar pyesalarini bir umumiy ruh, umumiy yo’nalish birlashtirib turadi. Mana bu ruh va yo’nalishni birlashtirib turuvchi muammo va g’oyalar Vatan ozodligi uchun kurash va mustaqillik, qahramonlik, kuch va zo’ravonlikka qarshi is’yon, adolatsiz toj-taxtning barbod bo’lishi, erk va Istiqlolni ulug’lash.
«Chin sevish» va «Hind ixtilochilari»da Hindistonning mard farzandlari Vatanni ingliz bosqinchilaridan ozod qiltsh uchun kurash olib boradilar. Fitrat Hind materiali asosida Turkiston dardini badiiy gavdalantiradi.
Baxtiyor Nazarov, «Abdurauf Fitrat», «XX asr o’zbek
adabiyoti tarixi», «O’qituvchi» nashriyoti,
1999-yil, 130—131-betlar.
FITRAT ASARLARI HAQIDA CHO’LPON SHARHI
Adib Fitratning sodda, lekin qiymatli bir asari bo’lg’on «Arslon»da Tursunoy kichkina bir ro’lni o’ynar edi. Tursunoyning qudrati va quvvati o’sha kichkina ro’lni ham ulkanlar qatoriga chihardi, bir ko’rinib o’taturg’on Zaynabni bir umr unutilmas tasvirga aylantirdi... u Zaynabda so’z ohangi (intonatsiya) bilan harakat (движение)dan birlashgan ajoyib, go’zal, yangi va asil o’yinlar beradi. U o’yinlar rejissor ko’rsatgan sahna chiziqlar ichida Tursunoyning o’z ijodlari, o’zi yaratgan badi’yalar edi. Unda Zaynabning bir so’zi bor, oddiy so’z, xotin-qizning turmushidagi mayda, lekin xarakterli so’zlaridan: — «Boyingiz ham qursin! Tutruqsiz! Kunda xotin olib nima qilar ekan!» Bu so’zni Tursunoy o’ynagan Zaynabning og’zidan bir marta eshitgan kishi yana qayta-qayta eshitmak istaydi va bundan so’nggi u so’zni aytaturg’on Tursunoyning butkul yo’qlikka ketganini o’ylasa, chinakam alam va hasratlar ichida qoladi. Tursunoy u so’zga juda g’alati bir so’z ohangi berib gapirgach, o’sha gapning o’lchovi bilan yerga o’ltirib qolardi. Bu albatta uning «vazn» va cholg’u quvvatini ko’rsatadi... Tursunoy yengil par kabi bir uchib o’tdi. To’zg’on pardan hech narsa qolmaydi. Ammo uning yaratg’on ro’llari sahnamizni bir yilgina bo’lsa ham yaxshi yoritdi, nurlantirdi.
«Yer yuzi» jurnalining 1928-yil. 11-sonida bosilgan Tursunoy
sahnada» maqolasidan. Cho’lpon, «Adabiyot nadir»,
«Cho’lpon» nashriyoti, 1994-yil, 126—127-betlar.
«Chin sevish» haqida
Yaqinda o’zbek sahnasi ulug’ va ulug’ligi qadar yuksak va go’zal bir tomosha (pyesa) ko’rdi.
Men o’zum iqror qilarg’a teyishmankim, uning o’zini va o’ynalishini tegishincha tanqid va yo taqriz qiluvni men bajara olmayman. Biroq bu yo’li va to’g’rida yozmoqlik vazifasi menga tushkanlikdan ko’b chuqur bo’lmag’on qarashimni yozib ketamen.
Voqea Hindistondadir. Hindiston o’zgarishchilaridan bo’lg’on Karimbaxshxonning o’qimishli va go’zal qizi Zulayhog’a ikki kishi birdan oshiqdir, biri o’zgarishchi, yurtchi shoir Nuriddinxon. Ikkinchisi — egri yurakli, anglizparast — Rahmatulloxon. Qizning otasi o’zgarishchi va hindning buyuk shoiri bo’lgan Nuriddinni suyar va qizini unga bermak istar, qizning onasi esa, uydan, armondan ko’ra kiyim va qiyofatka ko’z solg’onlig’idan yomon kiyinguvchi va darvesh kabi yurguvchi Nuriddinga emas, yaxshi kiyinuvchi va soddalarni alday oluvchi Rahmatulloxonga bermakchi.
Cho’lpon. «Adabiyot nadir», 73-bet.
Do'stlaringiz bilan baham: |