Markaziy Osiyo urma cholg‘ularining tarixiy va etimologik kelib chiqishi, ularning o‘zbek va tojik xalqlari madaniy hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati, boshqa Sharq xalqlari cholg‘ulari bilan aloqalari, umumiy xususiyatlari S.Saidiyning “Markaziy Osiyo madaniyatida urma cholg‘ular” o‘quv qo‘llanmasida keng qamrovda ochib berilgan. Kitob o‘zining har tomonlama asoslangan faktlarga tayanganligi, muallifning tarixiy manbalarga, olimlarning ilmiy izlanishlarini chuqur o‘rgangan va tahlil qilgan holda urma cholg‘ularning paydo bo‘lishi, yaratilishi, xalqaro mintaqaga keng tarqalishi va boshqa davlatlar cholg‘ulari bilan umumiy va ayro xususiyatlarini keng ochib berishi bilan qimmatlidir.
Tarixchi olimlarning, organologlarning ko‘p yillik izlanishlari, tarixiy manbalar, maxsus adabiyorlarni har tomonlama o‘rganib chiqishlari, ularni yangi davr va yangi nigohda, tarixiy haqiqatni to‘g‘ri talqin etishlari natijasida ko‘pgina musiqa cholg‘ularining asl vatani Markaziy Osiyo ekanligi aniqlandi. Darhaqiqat, Markaziy Osiyo san’ati va madaniyatiga oid adabiyotlarga, tarixiy ma’lumotlarga, qadimiy miniaturalardagi tasvirlarga e’tibor qaratar ekanmiz, bu hududda juda qadimdan musiqa madaniyati rivojlanganligini va juda ko‘p musiqa cholg‘ulari mavjud bo‘lganligining guvohi bo‘lamiz. Musiqa cholg‘ularining evolutsiyasi ularning boshqa mamlakatlarga ham tarqalishi va u yerlarda rivojlanishiga omil bo‘lgan.
Markaziy Osiyoga ma’lum cholg‘ularning kirib kelishi va ularning boshqa davlatlarga tarqalishi Buyuk ipak yo‘lining mavjudligi bilan bevosita bog‘liq. Chunki Markaziy Osiyoning, shu jumladan O‘zbekiston hududining Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashganligi ko‘pgina mamlakatlar madaniyatining qorishuviga sabab bo‘lgan. Markaziy Osiyo musiqa cholg‘ularining boshqa xalqlarga tarqalishi hamda hozirgi kundagi cholg‘ularning boshqa xorijiy mamlakatlarda takomillashib borishi va yangidan yangi cholg‘ularning paydo bo‘lishi masalasi hozirgi kungacha chuqur o‘rganilmagan. Markaziy Osiyodagi zamonaviy va qadimiy musiqa cholg‘ularining bugungi kunda jahon musiqa madaniyati cholg‘ulariga ta’sirini, zamonaviy musiqa madaniyati rivojiga o‘tkazgan ta’siri masalalarini o‘rganish va uni yosh avlodga singdirish masalalari mavzuning dolzarbligini belgilaydi .
Ishning maqsadi va vazifalari. Markaziy Osiyo hududidagi musiqa cholg‘ularini chuqur o‘rganish hamda Markaziy Osiyoda mavjud bo‘lgan musiqa cholg‘ularning butun dunyodagi musiqa cholg‘ulari rivojiga qilgan ta’sirini ilmiy o‘rganish dissertatsiyamizning asosiy maqsadi va vazifasini tashkil etadi.
Tadqiqot obyekti va predmeti. Markaziy Osiyoda mavjud bo‘lgan qadimiy cholg‘ular, ularning evolutsiyasi, hozirgi kundagi holati, qolaversa, shu cholg‘ularni boshqa hududlarga borib qanaqa cholg‘ularga aylanganligi va qanday nomlanishi, qay darajada tarqalganligi mavzumizning obyektini tashkil etadi. Ko‘rib chiqilayotgan cholg‘ularning tuzilishi, rivojlanishi, taraqqiy etishi, rekonstruktsiya qilinishi va rivojlanishi tadqiqotning predmeti hisoblanadi.
Tadqiqot uslubiyoti va uslublari. Biz mavjud adabiyotlardan foydalanishimiz, misol uchun xorijda nashr etilgan adabiyotlar, Sharq allomalari, shu jumladan Markaziy Osiyoda mutafakkirlari tomonidan yozib qoldirilgan manba’larni o‘rganish asosida va hozirgi davrdagi mavjud cholg‘ularni o‘sha adabiyotlardagi ko‘rinishi bilan solishtirish uslubiyoti orqali biz bularning tarqalish jarayonini o‘rganamiz.
Tadqiqot natijalarining ilmiy jihatlari, yangilik darajasi. Markaziy Osiyo hududida mavjud bo‘lgan cholg‘ularning o‘z makonida hamda tashqi hududda rivojlanishini o‘rganish, ularning o‘zaro bog‘liqlik jihatlari va o‘ziga xos hususiyatlarini ochib berish tadqiqotning ilmiy yangiligi hisoblanadi. Milliy musiqa cholg‘ularining rivojiga, ularning boshqa mintaqalarga tarqalishi va targ‘ibotiga zamonaviy nuqtai nazardan yondashish ham tadqiqotda ochib beriladigan yangilikdir.
Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati va tadbiq etilishi. Olib borilgan tadqiqotimiz natijalaridan O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida o‘rganiladigan musiqashunoslik, cholg‘ushunoslik, orkestr sinfi, ansambl sinfi kabi predmetlarda keng foydalanish mumkin. Mazkur tadqiqot ijrochilar, o‘quvchi va talabalar uchun musiqa cholg‘ularida ijro etilayotgan asarlarning turli xalqlarda qanday ijro etilishi, ijro uslublari, qo‘llaniladigan shtrixlarini taqqoslash va ulardagi o‘ziga xos xususiyatlarni belgilash kabi masalalarni o‘rganishlarida muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Mavzuning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati. Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, cholg‘ularning evolutsiyasi va hududlarga tarqalishi yangilik hisoblanadi. Markaziy Osiyodagi cholg‘ularni butun dunyo musiqa madaniyatiga ta’siri masalasini o‘rganish, bu cholg‘ularning bog‘liqlik jihatlari, ularning bir-biriga qarindoshligini isbotlash mavzuning amaliy ahamiyatini tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida, tanlangan mavzuning ilmiy jihatdan yangiligi hisoblanadi.
Mavzuning yana bir ilmiy yangiligi, shu yo‘nalishdagi tarixiy ma’lumotlarni to‘plab, o‘rganib uni yoshlar orasida keng targ‘ib qilishdan iborat.
Ishning tuzulishi va tarkibi. Magistrlik dissertatsiyasi Kirish, 3 ta bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovadan tashkil topgan. 1-bob “Markaziy Osiyo musiqiy cholg‘ularining evolutsiyasi” deb nomlanadi. U o‘z navbatida uch qismdan tashkil topgan bo‘lib, ular “Zarbli cholg‘ular”, “Damli cholg‘ular” va “Torli cholg‘ular” deb nomlanadi. Mazkur bobda Markaziy Osiyo musiqa madaniyati, musiqa cholg‘ularining paydo bo‘lish tarixi kabi masalalar ochib beriladi.
2-bob “Markaziy Osiyo musiqa cholg‘ularining xorijiy davlatlarga tarqalishi va takomillashuvi” deb nomlanadi. Cholg‘u guruhlariga asoslanib uch qismga bo‘lingan mazkur bobda Markaziy Osiyo musiqa cholg‘ularining chet el cholg‘ulari shakllanishiga bo‘lgan ta’siri o‘rganiladi.
3-bob “Milliy musiqa cholg‘ularining jahon musiqa madaniyati rivojiga ta’siri” deb nomlanib u ham o‘z navbatida uch qismdan tashkil topgan. Bobning birinchi qismida qadimiy noyob cholg‘ular, ikkinchi qismida an’anaviy milliy cholg‘ular va uchinchi qismida zamonaviy takomillashtirilgan milliy cholg‘ularning jahon musiqa cholg‘ulari rivojiga ko‘rsatgan ta’siri ilmiy jihatdan ochib beriladi.
Xulosada tadqiqotning dolzarbligi asoslanadi, maqsad va vazifalari aniqlanadi, uslubiy yo‘nalishlari va o‘rganilish darajasi belgilanadi.
Bajarilgan ishning asosiy natijalari tanlangan mavzuga oid maqolalarda e’lon qilinadi. Milliy cholg‘ularning boshqa xalqlar musiqa cholg‘ularining paydo bo‘lishi va takomillashuviga bo‘lgan ta’siri, ularning o‘xshashlik va ayro xususiyatlari darajasi belgilanadi.
Xulosa va takliflar. Dissertatsiya Kirish, 3 bob, 9 qism, umumiy xulosalar, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovadan iborat bo‘lib, umumiy xajmi ___ betni tashkil etadi.
Ilovada milliy musiqa cholg‘ulari va ularning boshqa davlatlarda mavjud “qarindoshlari” sur’atlari beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |