I - BOB.
Markaziy Osiyo musiqiy cholg‘ularining evolutsiyasi
Insoniyat tarixi rivojida boshqa jabhalar singari musiqa san’ati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan musiqa orqali insonlarning his-tuyg‘usi, bir-biriga bo‘lgan munosabati ochib berilgan, ma’naviy ehtiyoji qondirilgan. Musiqaning yaratilishi inson ovozi bilan, musiqa cholg‘ulari bilan bo‘gliq. Bu o‘rinda eng mukammal va eng qadimiy cholg‘u - inson ovozi ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Inson ovozining betakror xususiyatlari, katta ijro imkoniyatlariga egaligi haqida buyuk allomalarimiz Abu Nasr Forobiy va Abu Ali ibn Sino o‘zlarining musiqaga bag‘ishlangan risolalarida aytib o‘tadilar. San’atshunos olim O‘.Toshmatov bu allomalarning musiqa cholg‘ulari ta’rifiga bag‘ishlangan fikrlarini quyida shunday bayon etadi: “musiqa cholg‘ulari ikki turga ajratilib, birinchi turdagisi – xalqiy cholg‘u, ya’ni inson ovozi, ikkinchi turga inson tomonidan yaratilgan va yaratiladigan barcha cholg‘ular kiritilib, ular sun’iy cholg‘ular deb ataladi”1. Biz “xalqiy cholg‘u” so‘zini “tabiiy cholg‘u” deb aytishni lozim topdik. Chunki ovoz insonga aynan tabiatdan in’om etiladi.
Sun’iy musiqa cholg‘ulari har bitta xalqning yashash turmush tarzidan, qo‘l ostidagi va atrofdagi xom - ashyolardan kelib chiqib yaratilgan.
Markaziy Osiyodagi musiqa cholg‘ulari tarixini hududimizdagi qoyatoshlarda chizilgan tasvirlardan, ajdodlarimiz tomonidan yozilgan musiqa haqidagi risolalardan, arxeologik qazilmalar paytida topilgan ashyolardan va miniatyura shaklida berilgan tasvirlardan o‘rganishimiz mumkin. Zardushtiylikning muqaddas “Avesto” kitobi, Afrosiyob, Tuproq qal’a, Ayritom kabi shaharlarda XX asrning 30-40-yillarida olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasida topilgan qadimiy yodgorliklar, jumladan, musiqa cholg‘ulari va cholg‘uchilar tasvirlangan miniatyuralar Markaziy Osiyo tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo musiqa madaniyati ko‘p asrlar davomida yuzaga kelgan ijtimoiy, siyosiy, madaniy - ma’rifiy o‘zgarishlar asosida (ta’sirida) shakllandi. Eramizdan avvalgi IV-III - asrlarda quldorlik davlatlarining shakllanishi, (yuzaga kelishi, mavjudligi), eramizdan avvalgi 330-324 - yillarda Aleksandr Makedonskiy hukmronligi, eramizdan avvalgi 250-140 yillarda Grek-Baqtriya davlati, eramizning I - asrida Kushon davlatining siyosiy qarashlari – bularning barchasi musiqa san’ati, shu jumladan musiqa cholg‘ularining evolutsiyasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Ayniqsa, Kushon sulolasi hukmronligi davrida bir qator shaharlar yuksaldi, madaniyat va san’at rivojlandi, yangi-yangi musiqa cholg‘ularining kashf etilishiga keng sharoit yaratildi. Xalq musiqachilari orasidan professional mashshoqlar yetishib chiqib, saroyda faoliyat olib bordilar, saroy musiqasini rivojlantirdilar. Saroy musiqa madaniyatida xalq cholg‘ulari zodagonlar didiga “moslashtiriladi”, takomillashadi.
VII-VIII asrlar – Feodalizm davrida arablar tomonidan O‘rta Osiyoning zabt etilishi, islom dinining kirib kelishi bu yerdagi xalqlarning madaniy hayotiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Arab xalifaligida tirik jonzotni tasvirlashning taqiqlanishi devoriy sur’atlarni shu jumladan musiqa cholg‘ulari tasvirining barham topishiga olib keldi.
IX asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr va Xurosonda xalq ozodlik kurashining avj olishi, mahalliy xalqlarning istilochilarga qattiq qarshilik ko‘rsatishi va qo‘zg‘olonlari natijasida arab xalifalagi hukmronligi ag‘darilib, mahalliy Tohiriylar, so‘ngra Somoniylar davlati barpo etildi. Buxoro yirik madaniy markazga aylandi. Bu davrda madaniyat va san’atning rivojlanishi uchun keng sharoit yaratildi.
Yakka navoz, ansambl musiqachiligi va raqsni o‘zida mujassamlagan vokal-cholg‘u musiqa turkumlari – maqomlar shakllandi. Xususan, o‘n ikki maqomning ilk ildizlari paydo bo‘ldi. O‘rta asr sharoitida musiqiy ixtisoslashuv maxsus musiqa ustaxonalarining paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu yerda ustoz -shogird an’analariga asos solindi, musiqa cholg‘ulari shakllandi, cholg‘ularning yangi namunalari kashf etildi. Folklorshunos va maqomshunos olim Fayzulla To‘rayevning ta’kidlashicha, “Buxoroda yashab ijod qilgan aksariyat shoirlar katta iste’dod sohibi bo‘lib, ular bir vaqtning o‘zida ham mutrib, ham hofiz va ham musiqashunos sifatida faoliyat ko‘rsatganlar. Deylik, Abulabbos Baxtiyor, Abu Abdulloh Ro‘dakiy, Alibek Tanburiy, Tohir Abdutoyibiy, Abu Nasr Mutriblar o‘shadavrning mashhur sozanda va xonandasi hisoblanib, ular musiqiy asarlar ijodqilish bilan birga ud, chang, barbat, rud kabi sozlarni ham ixtiro qilganlar”1. Olim IX asrning ikkinchi yarmida musiqa bilimdonlari va musiqa cholg‘ulari haqida fikrini davom ettirib, aynan Abdulloh Ro‘dakiy nafis Rud sozining yaratuvchisi ekanligini, Shohrud hamda Musiqor nomli sozlarni Abu Havs Sug‘diy ixtiro qilganligini alohida ta’kidlaydi. “Ushbu cholg‘ular o‘ziga xos ovoz tembri va nafis jarangdorlikka ega bo‘lgani bois o‘sha davrda undan Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida yetakchi sozlardan biri sifatida keng foydalanilgan”2.
X asr va undan keyingi davrlarda Markaziy Osiyoda keng qo‘llanilgan va turli davrlarda paydo bo‘lgan xalq cholg‘ulari haqidagi ma’lumotlarni biz ilm-fan, adabiyot va san’atning bilimdonlari bo‘lgan sharqning buyuk olimlari tomonidan yozilgan va bizgacha yetib kelgan musiqaga oid risolalarigan bilib olamiz. Ularning nazariy qarashlari ilmiy va amaliy tajribalari asosida shakllangan, ular o‘z davrida mavjud bo‘lgan musiqa cholg‘usining jamiyatda tutgan o‘rni va ahamiyatini atroflicha o‘rganib chiqqanlar. Abu Nasr Muhammad Forobiyning (873-950) “Kitabul musiqiy al-kabir” (“Musiqa haqida katta kitob”), Abu Ali Ibn Sinoning (980-1037) “Kitabush – shifa’” (“Shifo kitobi”) ning musiqaga doir qismi, “Risolatun fi-ilmil-musiqiy” (“Musiqa ilmi haqida risola”), Al Xorazmiyning (IX-X asrlar) “Mafotihul-ulum” (“Ilmlar kaliti”), Safiuddin Urmaviyning (1216-1294) “Risalatush harafiya” (“Oliyjanoblik haqida kitob” yoki “Sharafli kitobi”), Mahmud Sheroziyning (1236-1310) “Durratut-toj…” (“Toj durlari…”) asarining “Dar ilmi musiqiy” (“Musiqa ilmi haqida”) qismi, Abdurahmon Jomiyning (1414-1492) “Risolai musiqiy” (“Musiqa haqida risola”), Darvish Ali Changiyning (XVI-XII asrlar) “Risolai musiqiy” (“Musiqa haqida risola”) kitoblarida musiqa nazariyasi, ijrochilik masalalari va xalq musiqa cholg‘ulari haqida muhim ma’lumotlar berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |